Amirni mutaasir qilgan yoxud Buxoroni tarannum etgan qasida
Foto: «Халқ сўзи»
Sharq mumtoz adabiyotida yorqin iz qoldirgan Abu Abdullo Rudakiyning nomi sheʼriyat muxlislariga yaxshi tanish. Manbalarda, jumladan, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” asarida yozilishicha, Rudakiy koʻzi ojiz tugʻilgan, sakkiz yasharligidayoq Qurʼonni yod olgan, ziyrakligi bilan ajralib turgan, ud sozini qoyilmaqom chalgan, shirali ovozi boʻlgan. Aynan shu fazilatlari bois Somoniy hukmdor – Amir Nasr ibn Ahmad uni oʻz qanoti ostiga olgan.
Ayrim manbalarda qayd etilishicha, Amir Nasr ibn Ahmad Buxorodan Marvga safar qiladi va bu vohaning goʻzal tabiatiga mahliyo boʻlib uzoq qolib ketadi. Buxoroga qaytish oʻy – xayolidan koʻtariladi.
— Shunda hukmdor ayonlari shoir Rudakiyga yuzlanib, Nasr ibn Ahmadda Buxoroga qaytish hissini uygʻota oladigan qasida bitib, ud bilan kuylab berishni iltimos qiladilar, — deya yozadi uzoq yillar davomida Buxoro davlat universitetida faoliyat koʻrsatgan taniqli olim, filologiya fanlari doktori, professor Oxunjon Safarov. — Shoir rozi boʻladi. Bir kuni ertalab podshoh yonida turgan Rudakiy oʻzi yozgan sheʼrni ud joʻrligida qoʻshiq qilib aytadi. Shunda goʻyoki moʻjiza roʻy beradi. Buxoro tarannumini eshitgan Amir gʻoyat mutaasir boʻladi va etigini ham kiymay, shitob bilan Buxoro sari yoʻl oladi.
Soʻz qudrati, sheʼr jozibasi bundan ziyod boʻlishi mumkinmi?!
Somoniylar hukmronligi davrida bitilgan Buxoro haqidagi bu qasidaning yozilganiga ming yildan ziyod vaqt oʻtdi. Ammo u soʻz sanʼatining yuksak namunasi sifatida haligacha ohorini yoʻqotgan emas. Yoʻqotmaydi ham.
Quyida shu qasidaning buxorolik shoir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Samandar Vohidov tomonidan qilingan tarjima variantini eʼtiboringizga havola etamiz:
Moʻliyonning xush hidi kelgay buyon,
Esga tushgay yodi yori mehribon.
Ham Amuning qumlari, qumloq yoʻli
Poyimizda yoyilar baxmalsimon.
Ot belidan past tushar Jayxun suvi
Doʻst visolini xayol qilgan zamon.
Ey Buxoro, shod boʻlu mangu yasha,
Shoh borar bagʻringga yayrab shodmon.
Shoh agar Oydir, uning osmoni sen,
Oy borar osmon- Buxoroga tomon.
Shoh agar sarvdir, uning boʻstoni sen,
Sarv borar boʻston — Buxoroga tomon.
Madhu taʼrifdan butun yetgay hayon,
Garchi ganjga yetsa — da undan ziyon.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring