Amerikaning yirik kompaniyasini sunʼiy intellektga oʻtkazayotgan buxorolik yigit — muvaffaqiyat ortidagi matonat hikoyasi
Arxiv surat
Bugungi globallashuv davrida oʻzbek yoshlarining dunyoning eng nufuzli minbarlarida, yirik korporatsiyalarda oʻz oʻrnini topayotgani quvonarli hol. Buxorolik Rustam Oltinovning hayot yoʻli va erishayotgan yutuqlari ham aynan shunday faxrli hikoyalardan biridir. Ayni damda u AQSHning nufuzli logistika kompaniyalaridan biri – ITF Groupda strategik tahlilchi (Associate Financial Analyst/Strategy Consultant) lavozimida faoliyat yuritib, yirik biznes jarayonlarini sunʼiy intellekt asosida modernizatsiya qilmoqda.
Rustam Oltinov ziyoli oilalaridan birida, iqtisodiy jarayonlar va ilm-fan qadri baland muhitda kamol topdi. Uning moliya olamiga qiziqishi bolaligidanoq oilaviy davralarda boʻladigan iqtisodiy munozaralar va Uoll-strit haqidagi filmlar taʼsirida shakllangan. Ayniqsa, bobosining Buxoro davlat universiteti rektori lavozimidagi faoliyati, ilm-fandagi yuksak bilimi va intellekti Rustam uchun yuksak marralarni koʻzlashda katta turtki boʻlgan.
Biroq 13 yoshida qahramonimizning oilasi duch kelgan holat – oilaviy biznesning inqirozga uchrashi va moliyaviy qiyinchiliklar yosh Rustamni hayotga kattalardek qarashga majbur etdi. U aynan oʻsha davrda moliyaviy barqarorlikning sir-asrorlarini oʻrganishga, nima uchun baʼzi tizimlar inqirozga yuz tutishini tushunishga ahd qiladi.
Maktabda aʼlo baholari, namunali xulqi va turli olimpiadalardagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan doim ustozlar maqtovida boʻlgan Rustam oʻz yoʻlini iqtisodiyotda koʻrdi. Bu qaror qahramonimizni Amerika Qoʻshma Shtatlari tomon yetakladi. U 2020-2023-yillarda Webster va 2023-2025-yillarda Lindenwood universitetlarining iqtisodiyot hamda biznes iqtisodiyoti yoʻnalishlarida tahsil oldi. Uning taʼkidlashicha, Amerika taʼlim tizimidagi eng katta yutuq – bilimni shunchaki yodlash emas, balki maʼlumotni tahlil qilish va oʻz pozitsiyasini asoslab bera olish orqali oʻrganishdir.
“Avvaliga men koʻproq yodlashga tayanardim, ammo u yerda professorlar fikrlarni tahlil qilishni, ochiq muhokama va ijodkorlikni talab qiladi. Bu jarayon meni mustaqil fikrlaydigan, muammolarga turli nuqtayi nazardan yondasha oladigan shaxs qilib tarbiyaladi”, – deydi Rustam.
Uning qobiliyati universitet professorlari tomonidan yuqori baholangan. Xususan, murakkab ekonometrik modellarni hammadan tez va aniq yechishi Lindenwood universiteti dotsenti Grant Blekni ham hayratda qoldirgan edi. Bugun u moliya olamidagi “oltin standart” hisoblanuvchi CFA (Chartered Financial Analyst) unvonining 2-darajali nomzodi sifatida xalqaro standartlar darajasidagi mutaxassis ekanini isbotlamoqda.
Rustam Oltinovning ish faoliyati oddiy amaliyotdan boshlangan boʻlsa-da, qisqa vaqt ichida u kompaniyaning strategik yoʻnalishlarini belgilovchi asosiy mutaxassislardan biriga aylandi. Bugungi kunda qahramonimiz yillik aylanmasi 400 million dollardan ortiq boʻlgan, AQSHning 48 ta shtatida 500 dan ortiq yuk mashinalari va ulkan logistika infratuzilmasiga ega kompaniyaning raqamli transformatsiyasiga, xususan kompaniyaning narxlash, operatsiya va qoʻllab-quvvatlash funksiyalarini sunʼiy intellektga oʻtkazish loyihasiga rahbarlik qilmoqda.
«Mening birinchi yirik yutugʻim — kompaniyaning «optimal lane roadmap»ini yaratish boʻldi. Bu model haydovchi marshrutlarini optimallashtirib, samaradorlikni oshirdi. Oʻz modellarim real natija berganini koʻrish juda katta quvonch boʻlgan. Sunʼiy intellekt(AI)ni narxlash va operatsiyalarga integratsiya qilish taklifim menga katta masʼuliyat yukladi. Men bu jarayonga faqat texnik loyiha deb emas, balki butun jamoaning ish uslubini yangilash imkoniyati sifatida yondashdim. Maqsadim AI faqat takroriy vazifalarni avtomatlashtirmasdan, balki aniqlik, samaradorlik va hamkorlikni oshirishiga erishish edi. Bu tajriba menga texnologiya va inson tafakkuri oʻrtasidagi muvozanatni topishni oʻrgatdi. AIning haqiqiy qiymati ham odamlarga strategik fikrlashga vaqt berishidadir», – deydi u.
Muvaffaqiyat yoʻli hech qachon qiyinchiliksiz kechmagan. Qahramonimiz bir vaqtlar ruhan toliqib, hatto hammasiga qoʻl siltab, Vatanga qaytib ketish uchun chipta sotib olgan kunlarini ham eslab turadi. Biroq soʻnggi pallada uni kelajakka qilgan orzulari va ortida turgan insonlarning ishonchi toʻxtab qolmaslikka undagan.
“Oʻsha davr menga katta saboq berdi – ambitsiya muhim, lekin barqarorlik undan ham muhim ekanligini angladim. Shundan soʻng rejamni toʻgʻri tuzishni, ustuvorliklarni belgilashni va oʻzimga tiklanishga vaqt berishni oʻrgandim. Muvaffaqiyat isteʼdoddan emas, balki intizom, fidoyilik va eng ogʻir damlarda ham toʻxtamaslikdan keladi. Shaxsan men motivatsiyamni doimo maqsadlarimni qayta koʻrib chiqish va nima uchun bu yerda ekanligimni eslab turish orqali topaman. AQSHdagi hayot har kuni oʻsishimga majbur qiladi, lekin haqiqiy kuch ota-onamning yurtimdan turib berayotgan qoʻllab-quvvatlovidan keladi. Qachonki charchasam, ularning ishonchi menga kuch beradi”, – deydi Rustam.
Rustam Oltinov bugun AQSHda tajriba toʻplayotgan boʻlsa-da, uning asosiy maqsadi – Oʻzbekistonga qaytib, Vatanimiz iqtisodiyoti, logistika va moliya sohalarini modernizatsiya qilishga hissa qoʻshishdir.
“Qiyin vaziyatlarda men nega aynan bu yoʻlni tanlaganimni eslayman. Maqsalarim – rivojlanish, boshqalarga yordam berish va yurtim men bilan faxrlanishi. Eng muhimi, ota-onamning ishonchi va umidi. Mana shu oliy maqsad meni oldinga yetaklaydi”, – deydi Rustam.
Rustam Oltinovning hikoyasi – qatʼiyat, tinimsiz mehnat va ilmga boʻlgan sadoqatning amaldagi isboti. Uning yoʻli bugungi oʻzbek yoshlari uchun cheksiz imkoniyatlar dunyosiga ochilgan bir darchadir. U yoshlarga qarata shunday deydi: “Qaysi sohaga kirmang, hammasi mohiyatni tushunish va ularni qarorga aylantirishga borib taqaladi. Faollik va tashabbus muvaffaqiyat eshiklarini ochadi”.
Fazliddin ABILOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring