Alloma Zamaxshariy insoniy fazilatlar haqida

10:25 30 May 2024 Ilm-fan
231 0

Alloma Mahmud Zamaxshariy tavalludining

949 yilligiga bagʻishlanadi

Oʻzbek xalqi jahon tamadduniga beshik boʻlgan buyuk allomalarning vorislari sifatida ulkan intellektual, maʼnaviy va axloqiy xazinaga ega. Zamonlar osha bu meros oʻz nufuzi va ahamiyatini yoʻqotmagan. Jamiyat taraqqiyotida amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati maʼlum darajada yosh avlodning aqliy va axloqiy tarbiyasi, estetik madaniyati va maʼnaviyatining yuksak darajada shakllanganligiga bogʻliq. Bu borada allomalar merosidan zamonaviy sharoitda samarali foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi. Yoshlarning har tomonlama kamolga yetishi, maʼnaviyatli barkamol shaxs sifatida shakllanishi hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishlari bevosita ularga beriladigan taʼlim va tarbiyaga bogʻliq. Zero, ilmli boʻlish faqat insongagina xos xususiyat sifatida bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.

Ilmli boʻlish insongagina xos fazilat

Aslida komillik, barkamollik tushunchalari mehr-oqibat, toʻgʻrilik, vijdon, or-nomus, iroda, sabr-matonat, jasorat kabi koʻplab asl insoniy xislat va fazilatlar majmuasidir. Ana shu majmuadan oʻrin olgan asosiy jihat ilm egallash va ilmli boʻlishdir. Chunki barcha sifatlarning “kaliti” ilmdir. Ilmli kishi hamisha eʼzozda. Ilmli kishi murakkab vaziyatlarni hal qilish uchun chora topa oladi.

Qadim ajdodlarimiz bizga oʻlmas meros sifatida qoldirgan asarlarida komil inson tushunchasi, barkamol shaxs tarbiyasida ilmning oʻrni, olimga xos goʻzal sifatlar borasida oʻzlarining qimmatli fikr-mulohazalarini bildirib oʻtganlar. Jumladan, xorazmlik alloma Mahmud Zamaxshariyning bu boradagi qarashlari alohida eʼtiborga molik. Olimning didaktik ahamiyatga ega “Navobigʻu-l-kalim” (“Nozik iboralar”) va “Atvoqu-z-zahab” (“Oltin shodalar”) asarlarida, taʼkidlab oʻtganimizdek, ilm egallash, ilmli kishining fazilatlari hayotiy misollar bilan taʼsirchan va obrazli qilib bayon etilgan.

Biroq faqat ilmlilik komillik belgisi emas. Zero, komil inson har tomonlama oqil-u dono boʻlishi lozim. Inson kamolot sari yetaklovchi ilm choʻqqilarini egallashni istasa, dastlab fidoyilik koʻrsatishi, bu yoʻlda uchraydigan mashaqqatlarni sabr-toqat bilan yengib oʻtishi talab etiladi. Mahmud Zamaxshariy taʼkidlaganidek: “Ilm olish ogʻir, ammo ilmsizlik undanda ogʻir”. Alloma oʻz fikrini davom ettirgan holda shunday deydi: “Yoki ilmli boʻl yoki ilmga tayanib ish tutadigan boʻl, loaqal ilmni tinglab eshitadigan boʻl, biroq toʻrtinchisi boʻlma, chunki kasodga uchrab halok boʻlasan”.

Mahmud Zamaxshariy oʻz asarlarida ilmning kamoloti olimning xushxatligiga ishora qilgan holda: “Ilmli boʻlish oʻqish, oʻqitish, yozish bilan hosil-u mukammal boʻladigan bir saboqdir. Agar olim kishi chiroyli, xushxat yozuvga ega boʻlsa, bu uning kamolotga yetganidan dalolatdir”, deya taʼkidlaydi. Qolaversa, Zamaxshariy olim kishi qator sifatlar sohibi boʻlishi lozimligini uqtirgan holda: “haqiqiy olim oʻz ilmiga amal qilishi lozim”, deydi. Chunki bilib turib amal qilinmagan ilmdan foyda yoʻq. Alloma oʻzining mazkur fikrini “Atvoqu-z-zahab” asarida yanada batafsilroq bayon etadi: “Amal qilguvchi uchun ilm quruvchining devor tekisligini oʻlchaydigan asbobiga oʻxshaydi. Olim uchun esa amal suv tortuvchining arqoniga oʻxshaydi. Bas, qaysi quruvchida oʻsha asbob boʻlmasa, binosi tekis boʻlmaydi. Kimning suv tortadigan arqoni boʻlmasa, uning chanqogʻi bosilmaydi. Kim komil boʻlishni xohlasa, albatta, amal qiladigan olim boʻlsin”.

Mahmud Zamaxshariy haqiqiy olim kishilarni osmonning ziynati boʻlmish yulduzlarga tenglashtirib: “Osmon-u falakning ziynati yulduzlar bilan boʻlganidek, yer-u zaminning koʻrkamligi olimlar bilandir”, deydi va “lovullab yonayotgan olovni suv oʻchirgani kabi nodon odamlardan chiqayotgan alangani hakim-u oqil odamlargina soʻndirarlar”, deb uqtiradi.

Biroq taʼkidlab oʻtganimizdek, komil inson ilm sohibi boʻlish bilan birga qator fazilatlarga ega boʻlishi lozim. Ilmli boʻlishning dastlabki shartlaridan biri anʼanaviy ustoz-shogirdlik maqomi, bu borada toʻgʻri tanlov qilish, kasb egallashda sodiqlik va boshqa insoniy fazilatlarga ega boʻlishlik talab etiladi.

Zamaxshariy ustoz tanlash haqida

Xalqimizda bir maqol bor: “Ustoz koʻrmagan shogird har maqomga yoʻrgʻalar”. Darhaqiqat shunday. Har sohaning oʻz ustozlari, shu sohaga qiziquvchi yoshlar bor. Bu fikr ikki muhim omil – kasb-hunar oʻrganishda maqsadga erishishning muhim omillari mavjudligini anglatadi. Birinchisi, qiziqishning darajasidan qatʼiy nazar, shogirdda shu kasbga tabiiy moyillik, layoqat boʻlmas ekan, u shu kasbning ustasi boʻlishi dargumon.

Ikkinchisi, shogird ustozidan nafaqat ilm, balki odob-axloq ham oʻrganadi. Agar ustoz madaniyatli, shogirdparvar boʻlsa, Mahmud Zamaxshariy taʼbiri bilan aytganda, “Kimki baxt-iqbolli, solih kishilarning etagiga yopishsa, u albatta murod-u maqsadiga erishib, xayr-u baraka topar”, yaʼni oqil shogird uchun solih ustoz maqsadga erishish, baraka topish kalitidir.

Zamaxshariy har kishining oʻz ishi(kasbi)ga sadoqati haqida

Har bir kasbni u qanday soha boʻlishidan qatʼiy nazar, uni mukammal egallash yoʻlida muayyan qiyinchiliklar kuzatiladi. Belgilangan maqsadga erishishda qatʼiyatlilik talab etilishiga ishora qilar ekan, Mahmud Zamaxshariy bu borada jiddiy munosabatda boʻlish, ortiqcha iltifotlarga berilmasdan, toʻgʻrilik bilan ishlash lozimligiga ishora qilib, “Ishlarda jiddiylik, yengni shimarish, fikrning pishib, maromiga yetishi, ortiqcha iltifot va tilyogʻlamalikni tark qilish, aniq va mustahkam bilish, muhim narsani ilgʻashdagi tezlik va alam yetkazuvchi narsalardan himoyalanishda keng qadam bosish shunday maydonki, u maydonda yuqoridagi sifatlarning bittasiga farzand boʻlgan kishi (yaʼni mazkur sifatlarning har birini “ona” desak, shu onalardan bittasiga farzand boʻlgan kishi) bu maydonda chopa oladi”, deb taʼkidlaydi. Darhaqiqat, pishib yetilmagan, muayyan ilmiy nazariy zamin va amaliy asosga ega boʻlmagan har qanday ishning oxiri xayrli boʻlmaydi. Ayni paytda qatʼiyatlilik ham oʻzining axloqiy meʼyorlariga egaligi alloma Zamaxshariy asarlarida oʻziga xos pand-u nasihat tarzida bayon etilgan.

Zamaxshariy insoniy fazilatlar haqida

Pedagogik taʼlimotlar tarixida, ayniqsa, allomalar qarashlarida insoniy fazilatlar – rostgoʻylik, kechirimlilik, mardlik va oliyjanoblik, ichki va tashqi madaniyat, ularning oʻzaro muvofiqligi, halollik va pokizalik, adolatlilik kabi sifatlar, shuningdek, goʻzal xulq-atvor komillik belgilari sifatida tarannum etilgan. Bu borada Mahmud Zamaxshariyning qarashlari, taʼlimotlari ham ibratlidir. Allomaning oliyjanoblik haqidagi quyidagi fikrlari bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan. “Oliyjanob va sharif kishi shunday kishiki, u hozir boʻlmay gʻoyib boʻlganida uning suhbatini xohlab, muloqotini orzu qiladilar, basharti u (suhbatga) kelib qolsa, uning haybatidan sergaklanib hushyor tortadilar”. Aslida oliyjanob kishilar soʻzi amaldagi ishiga, botini-yu zohiri oʻzaro munosib boʻlib, bu sifat Mahmud Zamaxshariy taʼbiri bilan aytganda, “Odamning sirti-yu botini (ichi) toʻgʻri, salomat va tuzuk boʻlsa, uning zohiri (tashqarisi) ham saxiy va salim boʻlur”. Bunday kishilarning davrasida boʻlish, ulardan saboq olish hamisha zavqli ekanligiga ishora sifatida alloma aytadiki, “Siymoing goʻzalligi va yuzing chiroyi oyning tuluʼ (chiqishi) kechasidan bir belgi kabi dil-u koʻngillarga shodlik baxsh etar”. Xalqimizda “Oyni etak bilan yopib boʻlmaydi”, degan naql bor. Bu haqiqat qaror topishiga nisbatan ishonch tuygʻusi belgisidir. Mahmud Zamaxshariy bu gʻoyani goʻzal satrlarda bayon etib, “Quyosh nurlarini berkitib boʻlmaganidek, haqiqatning chirogʻini ham soʻndirib boʻlmas”ligini uqtiradi.

Zamaxshariy mehr-muruvvat haqida

Mamlakatimizning taraqqiyot strategiyalari tizimida jamiyatni barqaror rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilab olingan. Bunda, shubhasiz, har bir fuqaroning oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun mos sharoit yaratish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Imkoniyat esa koʻp qirrali boʻlib, uning har bir jabhasi oʻziga xos ahamiyatga ega. Jumladan, davlat va jamiyat bilan birga saxovatpesha insonlarning qoʻllab-quvvatlashiga qaramay, ayrim odamlar uchun muhtojlik oʻzining iqtisodiy intellektual, ijodiy imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun jiddiy toʻsiq boʻlishi mumkin. Bu borada Mahmud Zamaxshariyning quyidagi fikrlari eʼtiborga molik. “Muruvvat bir sifatki, Ollohning roziligiga loyiq. Saxovat bir tabiatki, u haqda qancha gapirilsa, shuncha munosib”. Mamlakatimizda kambagʻallikni bartaraf etish hukumat miqyosidagi davlat dasturi sifatida qaralayotgan bugungi kunda Mahmud Zamaxshariy oʻz davrida buni “… saxiy, karim kishi har joyda izzat-u ikromda boʻladi”, deya goʻzal tarzda eʼtirof etgan.

Sayr-u sayohat inson ongini boyitadi

Buyuk allomalarning hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish asnosida ularning boshqa yurtlarga sayohatlari davomida ular ham aqlan, ham maʼnan rivojlanib borganliklarini guvohi boʻlamiz. Bu jihat Mahmud Zamaxshariy asarlarida ham oʻziga xos tarzda bayon etilgan. Ayniqsa, safarlar chogʻidagi qiyinchiliklarni yengib oʻtish, birinchidan, insonni kuchli, irodali va matonatli qilsa, ikkinchidan, unda turli vaziyatlardan kerakli xulosa chiqarish uchun imkoniyat topish, aqlan charxlanib, dunyoqarashini boyishiga erishishini taʼkidlab oʻtgan. Allomaning fikricha, “Kimki dengiz toʻlqinlarini boshidan kechirib safar qilmasa, turli-tuman tashvish-u mashaqqatlarning suvidan ichmasa, inson (haqiqiy) rohat-u farogʻatga muyassar boʻla olmas”. Zero qiyinchiliklardan qoʻrqib, bir ishga qoʻl urmaslik, jumladan, safar qilishdan saqlanish kishini komillikka intilishdagi jiddiy kamchiliklaridan biri sifatida qaralgan. Mahmud Zamaxshariyning “Baland togʻlarga koʻtarilib va pastliklarga tushib safar qilish uyda, devorlar ichida, mashaqqatlar orasida och oʻtirishdan avlodir (xayrlidir)”, degan fikri aynan shunga ishoradir.

Xulosa tariqasida eʼtirof etish joizki, taʼlim tizimiga oʻqitishning yangi texnologiyalari, ilgʻor xorijiy tajribalar qanchalik chuqur kirib bormasin, biz buyuk allomalar avlodi, ilmiy qadriyatlar vorisi sifatida ilm olishning milliy-tarixiy negizlariga tayanishimiz kerak. Zero, ular oʻziga xos ibrat manbai sifatida yuksak qadrga ega. Mahmud Zamaxshariyning ilmiy faoliyati va ilmiy merosi shunday manbalar shodasining eng noyob durdonalaridan biridir.

Nigora Sulaymonova,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat

oʻzbek tili va adabiyoti universiteti

filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер