Allergologiya markazida qanday innovatsion diagnostika va davolash usullari yoʻlga qoʻyildi?

13:02 26 Fevral 2023 Jamiyat
964 0

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikovaning aytishicha, dunyoda allergik kasalliklarning oʻta ogʻir kechuvchi yangi turlari koʻpaymoqda. Bu ekologik muammolar, notoʻgʻri ovqatlanish, dori vositalarini haddan tashqari koʻp qabul qilish, kam harakatlik kabi qator omillar bilan bogʻliq.

"Markazimiz ana shunday xastaliklarni profilaktika va diagnostika qilish hamda davolashga ixtisoslashtirilgan. Bemorlar uchun 45 oʻrinli statsionar, konsultativ tashxis qoʻyish poliklinikamiz, allergologiya, laboratoriya, fizioterapiya boʻlimlari, “astma va allergiya maktabi” faoliyat koʻrsatmoqda.

Bu yerda biokimyoviy, klinik va immunologik laboratoriya sinovlari oʻtkazilyapti. Oʻz navbatida, ilmiy tadqiqotlar olib borilyapti.

Oʻtgan yili qonda bir vaqtning oʻzida 90 turdagi allergenga nisbatan maxsus va umumiy immunoglobulinlarni aniqlash imkonini beruvchi “PROTIA Allerqy-Q90” — IFA multipleks diagnostik tekshiruv usulini yoʻlga qoʻydik.

Teridan olingan materiallardan “Demodex folliculonum” va qoʻtir qanachalarini aniqlash usullarini joriy qildik.

Bundan tashqari, Italiyada ishlab chiqarilgan “Alisei” diagnostika avtomat analizatoridan foydalanyapmiz. U orqali eng ilgʻor deb hisoblangan “in vitro” usulida bir paytning oʻzida 200 dan ortiq allergenlarni aniqlash imkoniyati mavjud.

Muhimi, tekshiruvlar uchun yosh cheklovlari yoʻq. Uni istalgan paytda oʻtkazsa boʻladi. Turli dori vositalari taʼsiri test natijalariga toʻsqinlik qilmaydi.

Zamonaviy diagnostika va davolash usullari hududlarda ham amaliyotga keng tatbiq etilmoqda.

Xususan, Nukus shahrida atopik sindromni erta aniqlash, tashxislash usullarini joriy etish loyihasi roʻyobga chiqarilib, “Allergiya va astma” maktablari tashkil etildi.

Shuningdek, markazimizning Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali va Nukus shahri koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida ilk bor tashqi nafas tizimiga allergenlar taʼsirini provakatsiya, yaʼni allergenlar yuborilganda bronxospazmni yuzaga keltirish orqali tekshirish usuli yoʻlga qoʻyildi.

Kelgusida bunday yangiliklarni boshqa hududlarda ommalashtirishni maqsad qilganmiz" deydi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?