Alisher Qodirov universitet hududida talaba qizning pichoqlanishi boʻyicha keskin fikr bildirdi
Avvalroq Qarshi davlat universiteti hududida bir erkak oʻziga tanish boʻlgan qizni bir necha marta pichoqlagani, soʻng esa oʻziga pichoq urgani haqida xabar bergan edik. Milliy tiklanish demokratik partiyasining rahbari Alisher Qodirov mazkur holat boʻyicha keskin fikr bildirdi.
«Bu kabi vahshiy jinoyatlar jinoyatchini eng ogʻir jazoga tortilgani haqidagi xabar bilan ommaga eʼlon qilinishi lozim! Uchrab turadigan bu turdagi ongsiz maxluqlar bunday xabarlarda namuna emas, tahdid koʻrishi kerak!» deydi deputat.
«Xalq soʻzi» ijtimoiy tarmoqlarda mazkur jinoyat aks etgan videolar ostiga qoldirilgan izohlarni tahlil qildi. Ularda aytilishicha, Qarshi davlat universiteti talabasi boʻlgan S.T. (qiz) va E.M. bunga qadar unashtirilgan boʻlgan. Biroq keyinchalik ayrim sabablarga koʻra ularning orasiga sovuqchilik tushib, unashtiruv bekor qilingan.
Shundan soʻng erkak universitetga borgan hamda 4-bosqich talabasi boʻlgan sevgilisini yoniga chaqirib, u bilan oʻzaro tortishgan va OTMning 2-oʻquv binosi oldida qizga pichoq bilan 8 bor zarba bergan. Atrofdagilar tomonidan uning jinoiy xatti-harakatlari toʻxtatib qolingach, erkak pichoqni oʻziga urgan.
Ayrim Telegram kanallari boʻlsa, yigit qizni ota-onasi unga turmushga bermagani uchun chavaqlagani haqida yozmoqda.
Taʼkidlash kerakki, hozirda E.M.ning harakatlarida Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 1-qismida koʻrsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli unga nisbatan shu modda bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan boʻlib, u sodir etgan holat boʻyicha prokuratura tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jabrlanuvchi qiz esa hozirda shifoxonada tibbiyot xodimlari nazorati ostida davolanmoqda.
Voqealar fonida Qashqadaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi shifoxonaga borib jabrlanuvchining holidan xabar oldi. Boshqarma axborot xizmatining maʼlum qilishicha, ayni vaqtda talaba qiz hamda uning yaqinlariga ijtimoiy-psixologik koʻmak koʻrsatilishi boʻyicha zaruriy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan asrash, ularning qadri va huquq-manfaatlarini himoya qilish burchimizdir, bu borada loqayd boʻlmaslik haqida taʼkidlaymiz”, deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring