Alisher Navoiyning ustozlari haqida

18:15 14 Fevral 2022 Madaniyat
9416 0

Foto: Arxiv surat

Alisher Navoiyning badiiy mahorati bilan dunyoqarashi va bilim doirasining kengligi uning serqirra ijodida baralla koʻrinib turadi. U nafaqat oʻzigacha mavjud barcha adabiy anʼanalar, tur va janrlardan mahorat bilan foydalandi, balki ularni takomillashtirishga harakat qildi. Shuningdek, asarlarining yuksak falsafiy maʼno-mohiyatidan uning faqat islomiy ilmlar emas, balki turli Sharq diniy-falsafiy taʼlimotlaridan chuqur xabardorligi, mutafakkir sifatida ularning asoslarini yaxshi bilgan mutafakkir ekani anglashiladi. Dostonlarining hamdu naʼtlarida Yaratuvchi Zot va Koinot qonuniyatlari, Olam va odamning yaratilish evolyutsiyasi haqida gapirish, Qurʼoni karim oyatlarining chuqur ilmga asoslangan sheʼriy tafsiri Alisher Navoiyning favqulodda buyuk idrok sohibi ekanidan dalolatdir. Uning sheʼriyatini tahlil qilish insondan katta va har tomonlama keng bilimlarga ega boʻlishini taqozo etadi. Albatta, har bir tadqiqotchi uning sheʼriyatini oʻz bilim doirasi darajasida tahlil va talqin qiladi. Kimdir diniy, kimdir dunyoviy, yana kimdir shoir tafakkurining chuqur maʼno qatlamlariga kirishga, mutafakkir dahosining ilohiyot bilan bogʻliq konsepsiyasini anglashga urinadi. Hech bir talqinni rad etib boʻlmaydi. Faqat yondashuvlar turlicha va bu tabiiy. Alisher Navoiy sheʼriyati tahlili va talqini oʻz davrida ham keng bahslarga sabab boʻlgan. Oʻtgan olti asrdan shu kunlargacha ham uning dunyoqarashi haqida xilma-xil qarashlar yashab kelmoqda. Shoirning oʻta islomiy aqidalarga sodiq boʻlgan holda boshqa diniy taʼlimotlarga ijobiy munosabati, sufiya tariqatlariga oʻziga xos yondashuvi hali-hanuz koʻpgina olimlarning oʻzaro tortishuviga sabab boʻlib kelmoqda. Bu hammasi, yana bir karra Alisher Navoiy valiy zot ekani, zamondoshlari eʼtirof etganidek, Yaratuvchi Zot uni ladun ilmi bilan siylaganiga ishonch tugʻdiradi. Bu ilm oʻz-oʻzidan kashf boʻlmaydi. Uning kaliti ustozlar sabogʻi orqali qoʻlga kiritilishi maʼlum. Agar biz Navoiyning hayot yoʻliga diqqat qiladigan boʻlsak va uning oʻzi oʻz xotiralarida tilga olib oʻtgan ustozlari saboqlariga eʼtibor bersak, Alisher Navoiyni yoshlikdan qanday savollar qiynagani va ularga javob izlab qaysi ustozlardan taʼlim olgani haqida bir muncha tasavvur olishimiz mumkin.

Alisher juda yosh chogʻidan sheʼriyat shaydosi edi. 3-4 yoshligida Qosim Anvorning “Rindemu oshiqemu jahonsoʻzu jomachok, Bo davlati hami tu zi fikri jahon chi bok” baytini aytib mehmonlarni lol qoldirgani tarixdan maʼlum. Hatto Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini yodlab olgani ham uning oʻz xotiralarida keltirilgan. U ilk sheʼrlarini kimga koʻrsatganini yozib qoldirmagan boʻlsa-da, oʻspirinlik paytida sevimli murabbiysi Sayyid Hasan Ardasher uni sheʼr yozishga hamisha ragʻbat qilganini aytib oʻtgan. Shuningdek, u Sayyid Hasan Ardasherni faqru fano tariqi va Imom Gʻazzoliy taʼlimotida ustozi deb biladi: “...Saltanat taxti Sulton Ibrohim Mirzoga qaror tutgandakim tarix sekkiz yuz oltmish erdi (mil. 1455-1456) bu faqir alar suhbatigʻa musharraf boʻldum... Alar tariqi va ravishi bu faqirni andoq shifta qildikim, bir kun alar mulozimatigʻa yetmasam erdi, sabru toqatim qolmas erdi... Va bu faqirni faqr tariqigʻa dalolat va irshod qilurlar erdi va nazm ayturgʻa targʻib koʻrguzurlar erdi... Forsiy ashʼordin Hazrati Xoja Hofiz Sheroziy devonigʻa koʻp aqidalari bor erdi... hazrati Shayx Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr”ining koʻpragini yod bilur erdilar... Hujjat ul-islom Imom Muhammad Gʻazzoliy musannafotigʻa muʼtakid erdilar va koʻp oʻqur erdilar...bataxsis, “Kimiyoi saodat”din va Shayx Aziz Nasafiy rasoyilin ham taʼrif qilurlar erdi va andin soʻzlar naql qilurlar erdi... bu faqir fuqaro ahli, darveshlar va ahlulloh mulozamatiga koʻp yetibmen, fano tariqida alardek oz koʻrubmen” .

Navoiy “Majolis un-nafois” asarida oʻz ustozlarini hurmat bilan eslaydi. Jumladan, oʻz davrining malik ul-kalomi Mavlono Lutfiy yosh shoirning buyuk iqtidor sohibi ekanini tan olgan va uning sheʼrlariga ustoz maqomida dastlabki bahoni bergan. Alisher aruz ilmi boʻyicha ilk saboqlarni Darvesh Mansur Sabzavoriydan olgan (Faqir aruzni Darvish qoshida oʻqubmen). Qurʼoni karimni qiroat bilan oʻqish sanʼatini Hofiz Ali Jomiy qoshida oʻzlashtiradi (...qiroat ilmida jamei qurro aning shogirdligiga mubohat qilurlar erdi. Va faqir ham necha sabaq oʻqubmen). Yosh Alisherning dunyoqarashiga qattiq taʼsir koʻrsatgan “Vahdat ul-vujud” taʼlimoti haqidagi dastlabki tasavvurlarni Shayx Sadriddin Rivosiy uygʻotadi (..Shakli dilpisand va haqoyiq va maorif aytmogʻi dilfirib erdi. Sharif suhbatigʻa faqir musharraf boʻldum... “Fusus” dars aytur erdi, koʻnglumni base sayd qildi...).

Navoiy Samarqandga ketgunga qadar qayerda mashhur olim boʻladigan boʻlsa, albatta uning saboqlarini olishga tirishar edi. Jumladan, falakiyot ilmini Xoja Avhad Mustavfiydan (...oʻz asrining yagonasi erdi.Koʻproq ulum va fununni bilur erdi., bataxsis ulumi gʻaribani, ammo falakiyotda shuhrati bor erdi. Bu faqir ul buzrukvor suhbatigʻa yetar erdi, koʻp iltifotlari bor erdi...) musiqa ilmini Xoja Yusuf Burhondan (...Faqr va fano tariqida suluk qilur erdi. Va tajarrud va inqitoʼ rasmin koʻp masluk tutar erdi. Faqir musiqiy ilmida aning shogirdimen).

Alisher Mashhadda yurganda Kamol Turbatiy bilan doʻstlashadi. Navoiy shunday xotirlaydi: “...Faqirning ani koʻrarga koʻp orzum bor erdi, oshnoligʻ bu navʼ voqeʼ boʻldikim, Sulton Abu Saʼid Mirzo zamonida Mashhadda gʻarib va xasta bir buqʼada yiqilib erdim. Qurbon vaqfasi boʻldi, olamning aqso bilodidan xalq Imom ravzasi tavofiga yuz qoʻydilar. Rasmdurkim, musofirlar mutaayyin buqʼa gashtiga ham borurlar.Ul buqʼadakim, faqir yiqilib erdim, jamoat sayr qilib, devorda bitilgan abyotni oʻqub, bir bayt ustida bahsga tushtilar. Bir ulugʻroq kishikim, ul jamoat anga tobeʼ erdilar, ul jamoatni ilzom qildi. Faqir zaʼf holida ul jamoat jonibidin soʻz ayttim. Anga dedilarkim: bu bemor yigit ham bir soʻz aytadur. Ul ulugʻ kishi xud Shayx Kamol ermishkim, ziyoratga kelgan ermish, boshim ustiga kelib, mabhasni oragʻa soldi. Faqir javob bergach, oʻz soʻzidan qaytib tahsinlar qilib, holimni tafahhus qildi. Ersa ul ham faqirni eshitgan ekandur va koʻrar havasi bor ekandur... Shayx bila oshnoligʻ taqribi bu navʼ voqeʼ boʻldi”.

Alisher Navoiy Samarqandda Xoja Fazlulloh Abullaysiy qoshida islomiy ilmlarni, xususan fiqh ilmi boʻyicha oʻz bilimlarini chuqurlashtiradi. Xondamir bu shaxsni “Makorim”da “ikkinchi Abu Ali ibn Sino” deb atasa, Navoiy uni “Ikkinchi Abu Hanifa “deb ulugʻlaydi (... Fiqhda ani Abu Hanifai Soniy derlar erdi.. Faqir ikki yil alarning qoshida sabaq oʻqub erdim...)

Abdurahmon Jomiyning Navoiy dunyoqarashi va ijodiga taʼsiri nihoyatda katta boʻldi. Jomiy Sulton Abu Saʼid zamonida Xuroson naqshbandiya tariqatining azim piri komili boʻlib, xalq orasida katta eʼtiborga ega edi. Shu bilan birga, u yetuk shoir va adabiyot nazariyasi bilimdoni edi. Alisher bu zot bilan yaqindan tanishishni juda istar edi. U “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida uning oʻsha davrdagi maqomini va ilk tanishuvini shunday tasvirlaydi: “...Shohruh sulton zamoni avositidin sulton Abu Said zamonining avoyiligʻacha shahrda sokin erdilar. Andin soʻngra Xiyobon boshida hazrati pir maxdum Mavlono saʼd ul-millat vad-din Saʼdiddin Koshgʻariy mazori boshida iqomat rasmin zohir etdilar. Shahrning jamei ulamo va akobiru ashrofi alargʻa mulozamat va taraddud bunyod etdilar...Soyir niyozmandlar va ommai bexesh va payvandlar ham koʻzlarin ul eshik tufrogʻidin yoruturlar erdi. Bu faqiri haqir bu soʻnggi jamoat zumrasida Xiyobon boshida koʻrgan zamonida muxtasar bitilgan risola sabaqiga mumtoz boʻldum... Alisher Navoiy tilga olgan bu risola “Qofiya” risolasi edi. U Abdurahmon Jomiydan sheʼriyat nazariyasiga oid yana bir necha saboqlar oladi. Bu haqda shunday yozadi: “Ul rasoil va kutub teʼdodikim, faqir alar xizmatida taʼlim va istifoda yuzidin oʻqubmen: avval – alar bitigan “Qofiya” risolasidurkim, aningdek muxtasar va mufid risola bu fanda hech kim bilmaydur. Yana “Muammo”ning ikkinchi risolasidurkim, “Hulyai hulal”din soʻngraroq bitilibdur. Yana ham alarning “Aruz” risolasidur”.

Alisher Navoiy tasavvuf ilmi, Vahdat ul-vujud konsepsiyasi va istilohlari haqidagi oʻz qarashlarini bevosita Abdurahmon Jomiy saboqlari vositasida takomillashtirdi: “yana “Lavoih”durkim, sufiya mashoyixi istilohida bitilibdurkim, andoq risola hech roqimning qalamidin va hech qalamning raqamidin tahrir topmaydur. Yana “Lavomi”dur, ham bu istilohdakim, har lamʼasining partavi solikka hirmon qorongʻu tunida hidoyat shamʼining osoridur, balki inoyat mashʼalining anvori. Yana “Sharhi ruboiyyot”dur, ham bu istilohdakim, fano tariqida mosivalloh azosigʻa toʻrt takbir urmoq aning mutolaasidin muyassardur. Navoiy yana bir oʻrinda yozadi: “...Ul vaqtdakim, faqir alar xizmatida sufiya rumuzu ishorot va alfozu iborot istilohin oʻtkarur erdim, hazrati qutb us-solikin shayx Faxriddin Iroqiyning “Lamaot”i orzusi xayolga koʻp evrulur erdi. Bir kun taqrib bila bu maʼnini izhor qildim. Alar dedilarkim: “Tariqat mashoyixining forsiy kutub va rasoyili oz mutolaa qililibdur, ammo chun havasing bor, andoq boʻlsun. To ulkim, ul sharif kitobni sabaq ayturgʻa murtakib boʻldilar, har kun har sabaqda xushhol boʻlub taʼrif qilurlar erdi... . Bir necha sabaqdin soʻngra soʻz mushkulroq boʻlub, shuruhga ehtiyoj izhori qildilar va shayx Yorali sharhin va yana baʼzi shuruhni muborak nazarlarigʻa qoʻyub, ul sabaqni ayturlar erdi, to ulkim koʻp mavozeʼda shorihlarga taʼnlar qila boshladilarkim “ bu soʻzning va ul soʻzning arosida koʻp farq bor. Hamonoki maʼnisigʻa yetmay sharh bitibdurlar va bu soʻz takror topqondin soʻngra faqir arz qildimkim: “Mundoq nafis va mushkil kitobdin faqire bahra topay desa va sharh bu sharhlar boʻlsa, oyo, ne chora qilgʻay? Magar ham hazrati Maxdum shafqat yuzidin toliblargʻa bu mushkulni oson qilgʻaylar.”Andin soʻngra alar “Ashiʼat ul-lamaot” ki bu toifa kutub va rasoili orasida maʼlum ermaskim hargiz andoq sharh qalamga kelmish boʻlgʻay, bunyod qildilar...Ul sharhni biturda “Fusus” va “Futuhot” va “Nusus” va “Fukuk” va aksar qavmning umda kutubi muborak nazarlarida erdi, agarchi hech qaysigʻa boqgʻali ehtiyojlari yoʻq erdi. To ulkim, bu sharh bila “Lamaot”ni alar qoshida faqir tugattim.”.

Alisher Navoiy yoshlikdan ilohiyot sir-asrorlarini anglashga tirishardi. Tasavvuf tariqatlari oʻrtasidagi kelishmovchiliklar, mazhabiy kurashlar, aqida va riyo muammolariga asosli javob bera oladigan ustozni izladi. Va nihoyat, taqdir uni Abdurahmon Jomiy bilan yuzlashtirdi. Alisher Navoiy Abdurahmon Jomiy siymosida qarashlari uning dinga, tariqatlarga, ilohiyot va falsafaga munosabatiga uygʻun boʻlgan buyuk zotni koʻrdi. Alisher Navoiy uni oʻz piri deb bilib, umrining oxirigacha unga ulkan muhabbat va minnatdorlik tuygʻusi bilan yashab oʻtdi.

Shuhrat SIROJIDDINOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat

оʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер