Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi Janubiy Koreyada ham keng nishonlanmoqda

13:18 07 Fevral 2021 Madaniyat
868 0

Har yili 9-fevral — buyuk bobokalonimiz, shoirlar sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludini keng nishonlash anʼanaga aylangan. Bu yil mutafakkir shoir tavalludining 580-yilligi nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham keng nishonlanmoqda.

Sana munosabati bilan Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan talaba-yoshlarimiz ishtirokidagi davra suhbati ham ana shu mavzuga bagʻishlandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda oʻzbekistonlik yoshlar maʼrifiy tadbirda nafaqat bevosita, balki “Zoom” platformasi orqali onlayn tarzda ham ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati, davlatimiz rahbari qarori bilan tashkil etilgan Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi faoliyati haqida maʼlumot berildi.

Tadbirda soʻzga chiqqan oʻzbekistonlik yoshlar yurtimizda jahon adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qoʻshgan ulugʻ alloma Alisher Navoiy hayoti va ijodini oʻrganish, uning bebaho adabiy merosi, insonparvarlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan asarlarini keng targʻib etish borasida olib borilayotgan ishlardan faxrlanishini bildirib, bu yurtdoshlarimizni, ayniqsa, yoshlarni adabiyot boʻlgan qiziqishini yuksaltirib, ularning qalblarida vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Shahzod Turgʻunboyev, Oʻzbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakili:

— Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy oʻzining boy maʼnaviy merosi, shoh asarlari, nodir devonlari, betakror gʻazal va dostonlari bilan bashariyat tamadduni va adabiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan. Chunki alloma qalamiga mansub, yuksak mahorat va betakror soʻz sanʼati ohangida yaratilgan, ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan bebaho ijod namunalari asrlar osha oʻz mazmun va sayqalini yoʻqotmay, ulkan maʼnaviy meros va adabiyotimiz gultojiga aylangan.

Navoiy oʻzining nomi va yaratgan asarlari asrlar osha yashab qolishiga ishongan edi. «Umidim uldurki va hayolimga andoq kelurki, soʻzim martabasi avjdan quyi enmagay va yozgan asarlarimning tantanasi aʼlo darajadan oʻzga yerni yoqtirmagay», deb yozgan edi ulugʻ shoir. Oradan olti asrga yaqin vaqt oʻtsa hamki, shoir soʻzlari dunyo boʻylab oʻzining yuksak parvozini davom ettirmoqda.

Alisher Navoiy qalamiga mansub oʻlmas gʻoyalar tarannum etilgan asarlar oʻz qadr-qimmatini aslo yoʻqotmaydi. Asrlar davomida xalqimiz Navoiy asarlaridan bahramand boʻlib, uni sevib mutolaa qilaveradi.

Valijon Toʻraqulov, Inha universiteti Xalqaro savdo yoʻnalishi boʻyicha doktoranti:

— Darhaqiqat, Navoiy ijodiga eʼtibor qaratar ekanmiz, bobomiz oʻz ijodida milliondan ortiq betakror soʻzdan keng foydalangani, hassos shoir yuksak ijodiy mahorat va ulkan soʻz boyligiga ega boʻlganiga amin boʻlamiz.

Alisher Navoiy butun hayoti davomida adabiy asarlarni siyosat bilan birlashtirgan. Yuqori mansabga ega shaxs boʻla turib, u mamlakat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy takomillashishiga katta hissa qoʻshgan, ilm, fan, sanʼat rivojiga homiylik qilib, tinchlik va totuvlik hukm surishiga doim harakat qilgan.

Bugungi kunda A.Navoiy hayoti va ijodiga nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham yuksak eʼtibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, Navoiy asarlarining turli tillarga tarjima qilinayotganligi, xorijlik olimlar tomonidan olib borilayotgan diqqatga sazovor ilmiy-tadqiqot ishlari, mutafakkir haqida yaratilayotgan asarlar, filmlar va ehtirom ramzi sifatida oʻnlab shaharlarda bobomiz haykali oʻrnatilgani fikrimizning yaqqol tasdigʻidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?