Aldov yoʻli bilan Turkiyaga chaqirilgan oʻzbekistonlik voyaga yetmagan fuqaro vatanga qaytarildi

16:27 16 Aprel 2025 Jamiyat
145 0

Turkiyaga aldov yoʻli bilan chaqirilgan va murakkab vaziyatga tushib qolgan voyaga yetmagan Oʻzbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqida Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Axror Burxanov maʼlum qildi.

Maʼlum boʻlishicha, ota-onasidan erta ayrilgan Oʻzbekiston fuqarosi S.S. oʻzining qonuniy vasiylarining roziligisiz, Turkiya oliy oʻquv yurtlarida tahsil olish maqsadida Istanbul shahriga kelib, oʻzbekistonlik tanishining tavsiyasi bilan Turkiyada tahsil olayotgan, A.D. ismli shaxs bilan bogʻlangan.

Fuqaro S.S. Turkiyaga kelganidan soʻng uni fuqaro A.D. kutib olgan va unga bosim oʻtkazib, uni fohishalik bilan shugʻullanishga majburlagan. Agar uning talablarini bajarmay, qarshilik qilgan taqdirda mahalliy jinoiy guruhlarga topshirib yuborish bilan qoʻrqitgan.

Shundan soʻng, oʻz hayoti xavf ostida qolganini anglagan fuqaro S.S. yordam soʻrab tegishli organlarga murojaat qilgan hamda faollar tomonidan Bosh konsulxonaga olib kelingan. Shuningdek, mazkur fuqaroning holati belgilangan tartibda oʻrganilgan.

Taʼkidlanishicha, ushbu holatga aloqador shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʻrish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan.

Jumladan, 2025-yil 14-aprel kuni Bosh konsulxona, “Oʻzbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati” va Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda voyaga yetmagan yurtdoshimizning vatanga qaytishini tashkil etgan hamda u belgilangan tartibda davlat qaramogʻiga topshirilgan.

Fuqaro S.S. vatanga qaytgach Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan kutib olingan va hozirda uni oilaviy muhitga qaytarish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

“Bosh konsulxona fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni voyaga yetmagan farzandlarining taqdiriga befarq boʻlmaslikka, ularning xavfsizligi va huquqiy himoyasiga alohida eʼtibor qaratishga chaqiradi”, — deyiladi Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер