Aktyorlar ham, tomoshabinlar ham oʻquvchilar boʻldi

12:24 03 Aprel 2025 Jamiyat
107 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. ... Spektakl tugadi. Tomoshabinlar bilan toʻla Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida “Ofarin”, “Bravo” degan olqishlar yangradi. Barcha tik turgan holda asar ijrochilari mahoratini davomli qarsaklari bilan eʼtirof etdi. Eʼtiborlisi, aktyorlar professional, yaʼni haqiqiy sanʼatkorlar emas, maktab oʻquvchilari edi. Shu bilan birga, dramani oxirigacha hayajon va diqqat bilan tomosha qilganlar ham turli maktablarning oʻquvchilari boʻldi.

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining drama toʻgaragi aʼzolari Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari teatr jamoalari oʻrtasidagi “Teatr – ibratxonadir” shiori ostida oʻtgan tanlovda gʻoliblik keltirgan Turob Toʻlaning “Quvvai qahqaha yoxud Nodirabegim” dramasini mazkur teatrda aynan, Guliston shahridagi maktablar oʻquvchilari uchun namoyish etdi. Mazkur asar oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakillaridan biri Nodirabegimning hayotiga bagʻishlangan. Malika va shoira obrazi ijod maktabi oʻquvchisi Shabnam Savurova tomonidan mahorat bilan ijro etildi.

— Yoshlarni maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini boyitishda, har jihatdan barkamollikka yetishida teatr sanʼatining katta oʻrni bor, — deydi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori oʻrinbosari Tursunoy Mamatxoliqova. — Shu bois maktabimizda drama toʻgaragi faoliyat yuritishi barobarida oʻquvchilarimiz boʻsh vaqtlarida teatr tomoshalariga ham tushib turadi. Drama toʻgaragi mashgʻulotlarini viloyat teatrining isteʼdodli aktyori Qandiyor Rustamov olib boryapti. Maktabimizda jami 12 ta toʻgarak mavjud boʻlib, ularda ham sohaning malakali va professional mutaxassislari murabbiylik qilmoqda.

“Teatr — ibratxonadir” respublika tanlovida birinchi oʻrinni olgani uchun Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari teatr jamoasi xorijiy davlatlardan biriga taʼlim sayohati yoʻllanmasi sohibi ham boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер