AKT vaziri “DIGITAL ALMATY 2020” forumida qatnashdi

17:09 31 Yanvar 2020 Jamiyat
1112 0

Bugun, 31-yanvar kuni Qozogʻistonning janubiy poytaxti — Olmaota shahrida “DIGITAL ALMATY 2020” forumi boʻlib oʻtdi.

Forum ishida bir qator davlatlarning bosh vazirlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, AT sohasining yetakchi ekspertlari ishtirok etdi. Shu jumladan, xalqaro anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi delegatsiya ham qatnashdi.

Forum doirasida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov Xalqaro elektraloqa ittifoqining Telekommunikatsiyalarni rivojlantirish byurosi direktori Dorin Bogdan-Martin xonim bilan uchrashdi.

Oʻzbekiston XEIning uchta sektori tashabbuslarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun davlat organlari, xususiy tuzilmalar va akademiyalarni jalb qilgan holda ish olib bormoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda XEI texnik koʻmagi bilan qator mintaqaviy tashabbuslar amalga oshirildi.

Jumladan:

  • qishloq va chekka hududlardagi telekommunikatsiya obyektlarini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash;
  • XEIning Moskvadagi mintaqaviy byurosi va MDH mamlakatlarida oʻrtasida videokonferensaloqa tarmogʻini yaratish;
  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti uchun Cisco oʻquv jihozlarini yetkazib berish va boshqalar.

Shuningdek, XEI va Xitoyning ZTE kompaniyasi hamkorligida IT-parkda AKT, tadbirkorlik va davlat boshqaruvi sohasida ayollar va yosh avlodning malakasini oshirish markazini yaratish loyihasi (texnik yordam narxi 100 ming AQSH dollari) boshlangani eʼtirof etildi.

XEIning Moskvadagi mintaqaviy ofisi ushbu loyihani amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlamoqda. 24-26-yanvar Toshkentda XEI Hududiy byurosining loyiha koordinatori Farid Naxli va oʻzbekistonlik mutaxassislar oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. YEXHTning Toshkentdagi vakolatxonasi ham ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda, bundan tashqari, yosh avlod uchun robototexnika sohasidagi markaz yaratish loyihasini amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi. Hozirgi kunda Oʻzbekiston IT-parkida yosh avlod uchun robototexnika markazini tashkil etish uchun XEI texnik yordamini ajratish toʻgʻrisidagi bitim loyihasi tayyorlangan va ushbu loyihaning qiymati 75 ming dollarni tashkil etadi.

Uchrashuvda Dorin Bogdan-Martin xonimga 2020-yil 26-27-may kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdoʻstlikning Aloqa maʼmurlari rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish taklifi bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?