Akademiya kursanti MDH davlatlari orasida oʻtkazilgan xalqaro tanlovda gʻalaba qozondi

10:47 24 Iyun 2023 Jamiyat
395 0

Joriy yilning yanvar oyida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasiga Rossiya IIV Omsk Akademiyasidan MDH davlatlari ichki ishlar tizimidagi taʼlim muassasalari kursantlarining “Jinoyat qidiruv boʻlinmalari faoliyati” boʻyicha eng yaxshi ilmiy-tadqiqot ishlarini tanlash uchun oʻtkaziladigan xalqaro tanlovda ishtirok etish boʻyicha taklif tushdi.

Tanlov ikki bosqichdan iborat boʻlib, birinchisida referat tayyorlanishi va shu yil 1-fevral kuniga qadar yuborilishi darkor edi. Rossiya IIV Omsk Akademiyasida tashkil etilgan maxsus komissiya yuborilgan ishlarni quyidagi talablarga koʻra baholashi belgilangan edi: 1. ilmiy izlanishdagi mavzuning dolzarbligi; 2. ilmiy yangilik; 3. tezkor faoliyatda uchrab turadigan muammolarning alohida yechimi. Ishtirokchi 100 balldan yuqori baholansa, finalga yoʻllanma olishi belgilangan. Final esa joriy yilning 19-aprel kuni oʻtkazilishi maʼlum qilingan.

Mazkur tanlovda ishtirok etish uchun ilmiy rahbar sifatida 232-oʻquv guruhi kursanti Samir Muxtorovni loyiq nomzod deb topdim. Biz “Jinoyat qidiruv boʻlinmalari tomonidan jinoyatlarning ayrim turlarini ochish” nominatsiyasini tanladik, referat uchun dolzarb mavzulardan biri – “Katta shaharda fuqarolarning kvartiralarida sodir etilgan oʻgʻriliklarni ochish xususiyatlari” ni tanlashga qaror qildik.

Referatni yozishdan oldin biz kerakli empirik materiallarni toʻpladik (oxirgi besh yildagi statistika maʼlumotlari, tezkor boʻlinmalar amaliyot xodimlari bilan anketa soʻrovnomalarini ishlab chiqdik, fuqarolar kvartiralarida sodir etilgan oʻgʻriliklarni ochish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrgandik, shuningdek, turli texnik qurilmalar yordamida ochiladigan qulflarning yangi turlari haqida maʼlumotlar yigʻdik).

Toʻplangan materiallarni oʻrganish asnosida referat yozishga kirishdik. Vaqt juda kam edi, biroq muddatiga ulgurishga muvaffaq boʻldik, 1-fevral kuni Omsk Akademiyasi manziliga referatimiz va qoʻshimcha materiallarni joʻnatdik. Kutish jarayoni juda hayajonli kechdi, Akademiya boshligʻi, polkovnik Rustam Abdugʻaniyevich Xatamov bizga birinchi oʻrin olishimiz kerakligi haqida vazifa qoʻydi.

15-mart kuni bizning ishimiz finalga yoʻllanma olgani haqida xabar oldik, unda kursantimiz 5-7 daqiqaga moʻljallangan vaqt ichida maʼruza bilan chiqishi hamda savollarga javob berishi darkorligi haqida maʼlum qilindi. Maʼruza tayyor boʻlgach, kursantning chiqishi ustida ishladik, jyuri aʼzolari tomonidan berilishi mumkin boʻlgan savollarga tayyorgarlik koʻrildi.

19-aprel kuni tanlovning final qismida onlayn tarzda ishtirok etdik. Aytish joizki, tadbirda koʻp raqobatchilar ishtirok etishdi, ular turli mamlakatlar vakillari edi. Misol uchun, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston va MDHning boshqa davlatlari.

Shuni taʼkidlash kerakki, maʼruzali chiqishi va savollarga javob berish davomida kursant S. Muxtarov barcha vazifalarni uddaladi va yuqori koʻrsatgichlarga ega boʻldi, natijada biz mazkur xalqaro tanlovda birinchi oʻringa muvaffaq boʻlib, diplomga ega boʻldik va bu bilan Akademiyamiz obroʻsini yanada koʻtarishga erishdik.

Shu tariqa, gʻalabaga boʻlgan intilish va hamkorlikdagi mehnatlarimiz oʻz natijalarini berdi va biz maqsadga erishdik.

Barcha oʻquvchilarimizga salomatlik va ishlarida zafarlar tilaymiz. Doim olgʻa intilib yashanglar!

A. Xamdamov, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi

TQF kafedrasi professori, h.f.d., professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?