Akademik Nazar Toʻrayev vafoti munosabati bilan hamdardlik
Foto: Illustrativ foto
Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi. Fizikaviy elektronika sohasidagi yirik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Nazar Yuldashevich Toʻrayev 2023-yil 3-oktyabr kuni 85 yoshida vafot etdi.
Nazar Toʻrayev 1938-yil 19-mayda Surxondaryo viloyatining Denov shahrida tugʻildi. 1961-yili Samarqand davlat universitetini tamomlab, mehnat faoliyatini Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim lavozimida boshladi. Zahmatkash olim oʻzining 60 yillik mehnat faoliyati davomida Yadro fizikasi instituti aspiranti, Elektronika instituti ilmiy kotibi, Toshkent politexnika instituti kafedra mudiri, Termiz davlat universiteti rektori, Fanlar akademiyasining “FANUM” ilmiy-oʻquv markazi direktori kabi masʼul lavozimlarda samarali faoliyat koʻrsatib, mamlakatimiz ilm-fan sohasini taraqqiy ettirish, yetuk kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshdi.
U 1968-yilda nomzodlik, 1981-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining aʼzosi etib saylandi.
Nazar Toʻrayev mamlakatimiz va xalqaro ilmiy jamoatchilik oʻrtasida fizikaviy elektronika yoʻnalishida maktab yaratgan olim sifatida katta hurmat va eʼtiborga sazovor boʻldi.
Fidoyi olimning fizikaviy elektronikaning nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan koʻplab maqolalari, monografiya va oʻquv-metodik qoʻllanmalari chop etilgan.
Mehribon va jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga ilm-fan asoslaridan saboq bergan. Uning rahbarligida 10 nafardan ortiq fan doktori va 20 nafarga yaqin fan nomzodlari tayyorlandi.
Nazar Toʻrayev jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. 1990-1995-yillarda mamlakatimiz parlamenti deputati sifatida milliy mustaqilligimizning huquqiy poydevorini mustahkamlashda jonbozlik koʻrsatdi.
Akademik Nazar Toʻrayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Nazar Toʻrayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh. Mirziyoyev, T. Norboyeva, N. Ismoilov,
A.Aripov, B. Yuldashev
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring