Ayblanuvchilarga jazoni yengillashtirib berishni vaʼda qilgan 2 nafar ichki ishlar xodimi katta miqdorda pora bilan ushlandi

Ogʻir jazo kutayotgan ayblanuvchilarning “joniga oro” kirmoqchi boʻlgan 2 nafar ichki ishlar xodimi katta miqdorda pora bilan qoʻlga tushdi.
DXX Call-markaziga murojaat qilgan Toshkent viloyatida yashovchi fuqarodan, viloyat ichki ishlar xodimining oʻz xizmat vakolatini suiisteʼmol qilgan holda korrupsion jinoyatlarni sodir etib kelayotgani xususida maʼlumotlar olindi.
Murojaatga koʻra, IIB xodimi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210, 131, 135, 206, 207, 165-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergovda boʻlgan sobiq ichki ishlar xodimiga sud idoralaridagi tanishlari orqali yengilroq jazo tayinlanishida yordam berish evaziga uning yaqin qarindoshlaridan 20 ming AQSH dollari talab qilgan. Joriy yilning 16-may kuni DXX va IIV tezkor boshqarmalari hamkorligida oʻtkazilgan faol tadbir davomida, IIB xodimi 1995-yilda tugʻilgan fuqaro “A.B.”dan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olindi.
Yana bir holatda, joriy yilning 17-may kuni DXX tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash Departamenti hamda IIV tezkor boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan faol tadbirda Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani ichki ishlar xodimi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 103 va 112-moddalari bilan ayblanib, 8-yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumga jazo muddatini Toshkent shahar sudi mansabdor shaxslari imkoniyati orqali taftish instansiyasida kamaytirib berishni vaʼda qilib, mahkumni tanishi “N.N.”dan 24 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida jinoyat ustida ushlandi.
Tadbir jarayonida uning yonidan advokatlik va hakamlik sudi sudyasi guvohnomalari hamda IIVning lavozimga tayinlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi nusxasi topildi.
Taʼkidlash kerakki, ushbu xodim 2014-yilga qadar ichki ishlar idoralarida ishlab, 2022-yildan esa, advokatlik faoliyati bilan shugʻullanib kelgan. Joriy yilning aprel oyida unga yana bir bor imkoniyat berilib, ichki ishlar idoralariga qaytadan tiklangan. Afsuski, ishga tiklanganligiga 2 oy boʻlmagan bu xodim korrupsion harakatlarni takroran sodir etgan.
Har ikki holat yuzasidan taqdim etilgan materiallar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi va 28, 211-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring