“AGRO PRO EXPO-2025” koʻrgazmasi oʻtkazilmoqda

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” xalqaro koʻrgazmalar majmuasida agronomiya sohasidagi mahalliy va xorijiy ishlab chiqarish korxonalarining 4-xalqaro qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.
“AGRO PRO EXPO-2025” koʻrgazmasida respublikamizning barcha hududlaridan kelgan tadbirkorlardan tashqari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Turkiya, Eron va MDH davlatlarining 100 dan ortiq yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari ishtirok etmoqda. Ular koʻrgazma pavilyonlarida oʻz mahsulot va xizmatlarini taqdim qilyapti.
Agrar sohadagi yetakchi ekspertlar, ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va investorlarni bir yerga jamlagan mazkur koʻrgazma sohadagi eng soʻnggi yutuqlarni namoyish etish, tajriba almashish va qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun tashkil etilgan.
Koʻrgazmaning asosiy maqsadlari qishloq xoʻjaligidagi ilgʻor texnologiyalar va yechimlarni targʻib qilish, mamlakatlar va kompaniyalar oʻrtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, Oʻzbekistonning agrar sektoriga investitsiyalarni keng jalb qilish hamda fermerlar, agronomlar va boshqa soha mutaxassislarining professional darajasini oshirishdan iborat.
Koʻrgazma qishloq xoʻjaligi jarayonlarini avtomatlashtirish, barqaror dehqonchilik, raqamli texnologiyalar va robotlashtirishni namoyish etish uchun qulay platformaga aylandi.
Tashkilotchilar oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim oʻzgarishi va barqaror rivojlanish masalalariga alohida eʼtibor qaratishgan. Shuningdek, koʻrgazmada Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi va uning istiqbollariga bagʻishlangan chiqishlar ham taqdim etilmoqda.
— Bu koʻrgazmada koʻplab ilmiy jamoalar qatorida bizning olimlarimiz ham keyingi yillarda yaratilgan noanʼanaviy ekinlar, innovatsion ishlanmalar, kombinatsiyalashgan seyalkalar, agroxizmatlar bilan ishtirok etyapti. Bularga qatnashchilarda qiziqish katta, — deydi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori Shakat Hasanov. — Shuni aytish kerakki, mazkur koʻrgazma mana bir necha yildirki qishloq xoʻjaligi sohasida ilm-fan va ishlab chiqarishni bir-biri bilan bogʻlashga, hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga katta xizmat qilib kelyapti.
27-fevralga qadar davom etadigan “AGRO PRO EXPO-2025” koʻrgazmasi doirasida zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnika va texnologiyalari namoyish etilishi barobarida jahon darajasidagi ekspertlar ishtirokida muhokama va taqdimotlar, qishloq xoʻjaligi amaliyotchilari uchun seminar va master-klasslar, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va shartnomalar imzolashga qaratilgan biznes-forumlar ham oʻtkaziladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring