Agrar sohada aholi bandligini taʼminlashga oid ishlar holati qanday?

16:59 24 Noyabr 2023 Jamiyat
188 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi hamda Senatning Agrar va suv xoʻjalagi masalalari qoʻmitasining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda agrar sohada aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish hisobiga aholi daromadini oshirish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moddiy resurslar (xizmatlar) bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Hududlarda aholi va tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida plantatsiya usulida barpo etilgan intensiv bogʻ va tokzorlar hamda logistika obyektlari tayyor holda topshirish sharti bilan lizinga berish boʻyicha ham amaliy ishlar qilinyapti. Jumladan, fermer xoʻjaliklari tomonidan joriy yil bahor mavsumida 18,9 ming gektar mevali bogʻlar barpo etilgan boʻlsa, bugungi kunda 24 ta loyiha asosida intensiv bogʻ va tokzorlarni barpo etish ustida ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, pillachilikda klasterlarni tashkil etish, sohani yanada rivojlantirish boʻyicha ham tizimli saʼy-harakatlar yoʻlga qoʻyilmoqda. Xususan, 64,8 mln. dollarlik ipak mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, sohada 880 ming nafar aholining bandligi taʼminlangan.

Qayd etilganidek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni kengaytirish maqsadida hududlarda ishchi guruh tuzilgan holda dala chetlari va kanal kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi yerlar xatlovdan oʻtkazilib, ulardan samarali foydalanish amaliyoti joriy etildi. Jumladan, respublika boʻyicha jami 58,9 ming gektar, shundan 34,6 ming gektar dala chetlari, 24,3 ming gektar kollektor-drenaj atrofidagi yer maydonlari aniqlanib, ularda ekinlarni joylashtirish xaritalari yaratilgan.

Sohalarda olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 2 766 ming ish oʻrinlari yaratilib, qishloq aholisi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va xorijdan qaytganlarning doimiy va mavsumiy bandligi taʼminlangan.

Tadbirda oziq-ovqat yetishtirishda muhim yoʻnalish boʻlgan chorvachilik sohasini rivojlantirish masalasiga eʼtibor qaratilib, soʻnggi uch yilda qiymati 20,2 trln. soʻmlik 5 323 ta loyiha amalga oshirilgani, 171 ming nafardan ortiq doimiy va mavsumiy yangi ish oʻrinlari yaratilgani eʼtirof etildi.

Parlament aʼzolari mutasaddilardan kun tartibidagi masala yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar, oʻzaro maqsadli muloqotlar asosida sohani takomillashtirib borish, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligini aytib oʻtdilar.

Tadbirda muhokama etilgan masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi hamda qoʻmitalarning tegishli qoʻshma qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?