Afsonaga aylangan shoir

Jahongir Boymurodov/“Xalq soʻzi”. Koson tumanidagi Nekoʻz qishlogʻi. Qoʻngʻirtogʻ etagida joylashgan. Bu qishloq adabiyot muxlislariga Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning tarjimayi holi, asarlari orqali yaxshi tanish. Shoir hayotining asosiy qismi poytaxtda kechgan, ijodi doimo muxlislar eʼtiborida boʻlgan. U tugʻilib voyaga yetgan qishloqda shoirning bolaligi, oʻquvchilik yillari oʻtgan. Keyinchalik qishloqdagi turli tadbirlar, adabiy-badiiy kechalardagi ishtiroki bilan bogʻliq koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan yangi sahifalar ham mujassam. Oʻtgan yili tuman hokimligi tashabbusi bilan shoir ilk saboqlarni olgan Koson tumanidagi 44-umumiy oʻrta taʼlim maktabida “Abdulla Oripov muzeyi” tashkil etilishi ana shu qimmatli maʼlumotlar, eksponatlarni bir joyga jamlash va kelgusi avlodlarga ham yetkazib berishda muhim oʻrin tutdi.
— Maktabimiz 1930-yillarda oʻz faoliyatini boshlagan, — deydi maktab direktorining oʻquv-ishlari boʻyicha oʻrinbosari Yulduz Hayitova. — Avval bu yer faqat boshlangʻich maktab boʻlgan. Oʻquvchilar 8-sinfga qadar shu yerda oʻqib, keyin Obdida qishlogʻidagi maktabga koʻchib oʻtgan. Shu bois Abdulla Oripov ham 1948 – 1956-yillarda maktabimizda 1-8-sinflarni oʻqigan. Shu yerdagi ustozlardan saboq olgan. Bugun butun jamoamiz maktabimizdan Abdulla Oripovdek ulugʻ shoir yetishib chiqqani bilan faxrlanadi. Maktabda “Abdulla Oripov muzeyi”ning tashkil etilishi ana shu faxr hissini yana oʻn chandon oshirdi. Hozirgi kunda nafaqat tuman, balki viloyatning eng chekka hududlaridan ham oʻquvchilar, shoir muxlislari kelib, muzeydagi eksponatlar bilan tanishib ketmoqda.
Maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Jahongir Yarkulovning aytishicha, aslida maktabda Abdulla Oripov faoliyati, ijodi bilan bogʻliq eksponatlar, hujjatlarni yigʻish 1980-yillarda boshlangan. Ayni paytda muzeyga topshirilgan “Shoir Abdulla Oripov haqida esdaliklar daftari” buning yorqin misoli. Ushbu daftarga ilk bitiklar 1987-yilning martda tushirilgan. Shundan soʻng turli yillarda taniqli ijodkorlar, rahbarlar, jamoatchilik faollarining shoir haqidagi dil soʻzlari bilan boyib borgan. 1991-yilning 4-aprelida maktabga atoqli adabiyotshunos olimlar Ozod Sharafiddinov, Ibrohim Gʻafurov hamda yana bir qator taniqli sanʼatkorlar, jurnalistlar kelib, oʻquvchilar bilan uchrashuv oʻtkazgan. Tadbirdan soʻng ularning Abdulla Oripov, u oʻqigan maktab jamoasi, sodda va tanti nekoʻzliklar haqidagi fikrlarini esdaliklar daftariga yozib qoldirgan. Bugun bu bitiklarning har biri yuksak qadrga ega.
— Muzeyni shoir hayoti, faoliyati bilan bogʻliq buyumlar, suratlar, xatlar va shu kabi turli eksponatlar bilan boyitib boryapmiz, — deydi maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Mahliyo Bobomurodova. — Bizga shoirning yaqinlari, doʻstlari ham katta koʻmak koʻrsatmoqda.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joiz, Abdulla Oripov hayoti va ijodi bilan bogʻliq yana bir muzey Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomli ijod maktabida tashkil etilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring