Afrosiyob bilan Siyovushning qabri qayerda?
Buxoroning eng qadimgi meʼmoriy obidasi Ark qalʼasidir. U miloddan oldingi birinchi ming yillikdan beri mavjud. Ark koʻplab jang-jadallar, bosqinlar natijasida vayronaga aylanib, qayta va qayta tiklangan.
Abulqosim Firdavsiy (935-1020-yillar) “Shohnoma”sida bu yodgorlikni afsonaviy qahramonlar nomi bilan bogʻlaydi. Qomusiy asarda Arkning koʻp bor tiklanib, vayron etilishi davrlari, hujum va qamallar haqida hikoya qilinadi.
Talatoʻplar oqibatida Ark oʻrnida balandligi 20 metr, sahni toʻrt gektarga yaqin sunʼiy tepalik hosil boʻlgan. Uning bizgacha yetib kelgan ayrim binolari XIX asrning oxiri XX asr boshlariga taalluqlidir.
“Shohnoma”da keltirilgan afsonada aytilishicha, Arkni Turon hukmdori Alp Er Tunga yaʼni Afrosiyob va Eron shahzodasi Siyovush bunyod etgan. Unda jumladan shunday soʻzlarni oʻqiymiz: “Buxoro qalʼasining bino qilinishi sababi shulki, Siyovush ibn Kaykovus otasidan qochib, Jayxundan oʻtib Afrosiyob huzuriga kelgan. Afrosiyob hurmatlab uni oʻziga kuyov qilib olgan. Aytishlaricha, Afrosiyob oʻzining bor mulki va yakka-yu yolgʻiz qizi Ferangisni bergan ekan. Siyovush bu viloyat unga vaqtincha berilganligini bilardi, shuning uchun oʻzidan abadiy bir esdalik qoldirib ketish niyatida shu qalʼani bino qildi va koʻp fursat shu yerda turdi. Bir oz oʻtgach, dushmanlar u bilan Afrosiyob oʻrtasida nizo chiqardilar. Shu vajdan Afrosiyob uni oʻldirdi. Marhumni Kohfurushon darvozasi ichiga, qalʼaga kiraverishda, Sharq tomonga dafn qildilar. U darvozani Goʻriyon deb ataydilar. Shu sababli Buxoro mugʻlari shaharning oʻsha joyini muqaddas tutadi va har yili yil boshlangan kun, quyosh chiqishidan sal avvalroq oʻsha joyga bir xoʻrozni keltiradilar va soʻyib qurbonlik qiladilar. Buxoroliklar Siyovushning oʻldirilgani munosabati bilan ovoz chiqarib yigʻlaydilar.”
Siyovush qabriga olib chiqadigan Goʻriyon darvozasi XIX asr oxirigacha mavjud boʻlgan. Buxoroning soʻnggi amirlari davrida u devor bilan yopib yuborilgan.
Muhammad Ibn Jaʼfar Narshaxiy oʻzining “Buxoro tarixi” kitobida (943-944-yillar) shunday yozadi: «Oʻgay onasi Sudoba Siyovushga oshiq boʻladi. Maqsadiga erisholmagach unga tuhmat qiladi. Otasi uni dahshatli sinovdan oʻtkazadi, bu sinovdan sogʻ va salomat oʻtganligi sababli uning gunohsizligi maʼlum boʻladi. Otasi Siyovushni Eron qoʻshinlariga boshliq qilib Turon podshosi Afrosiyobga qarshi jangga yuboradi. Ammo Afrosiyob bilan Siyovush oʻrtasida sulh shartnomasi tuzilib, Afrosiyob bu sulhning ishonarli boʻlishi evaziga Siyovush huzuriga oʻz yaqinlaridan yuz kishini garov tariqasida yuboradi. Bu voqeani eshitgan Kaykovus gʻazablanib garovga olinganlarni darhol oʻldirishga va Afrosiyob bilan urushni davom ettirishga farmon beradi.
Siyovush otasining farmonini bajarishdan bosh tortadi, nohaq oʻlimga hukm qilingan kishilar bilan Afrosiyob huzuriga boradi. Afrosiyob oʻz mulkining hammasini unga berish fikriga keladi, uni oʻz oʻgʻlidek kutib olib, yolgʻiz qizi Farangisni nikohlab beradi. Mazkur viloyat vaqtincha berilganligi tufayli Siyovush bu yerda oʻzidan biror yodgorlik qoldirishni istadi. Shunday qilib u Buxoro Hisorini bino qildi. Koʻproq oʻsha joyda turadigan boʻldi. (Kimlardir) u bilan Afrosiyob oʻrtasida yomon gaplar yurgizdi va natijada Afrosiyob Siyovushni oʻldirdi».
Muarrix Narshaxiy oʻzidan oldin yashab oʻtgan va zamondosh tarixchilar maʼlumotlariga tayanib Afrosiyob va Siyovush haqidagi tarixni oʻz kitobida, alohida fasl sifatida yoritgan. Uning yozishicha, “Siyovush ana shu Hisor (Ark)ning sharqiy darvozasidan kiraverishda “Darvozai Goʻriyon” deb atalgan “Somonfurushlar” darvozasining ichkarisida dafn qilingan. “Shuning uchun Buxoro otashparastlari oʻsha joyni aziz tutadilar va unga atab har bir erkak kishi har yili Navroʻz kuni quyosh chiqishidan oldin oʻsha joyda bittadan xoʻroz soʻygan. Buxoro aholisini Siyovushning oʻldirilishiga bagʻishlab aytgan marsiyalari boʻlib, u barcha viloyatlarda mashhurdir. Kuychilar unga moslab kuy bagʻishlaganlar va qoʻshiq qilib aytganlar. Qoʻshiqchilar uni «otashparastlar yigʻisi” deydilar. Bu gaplar boʻlganiga hozir uch ming yildan ortiqdir», — deb yozadi Narshaxiy.
Firdavsiy “Shohnoma”da tarixini bayon qilgan, Muhammad Narshaxiy oʻzining mashhur kitobida taʼriflagan Siyovush tarixiy shaxs ekanligi bugungi kunda manbalar orqali oʻz tasdigʻini topgan. Siyovushning otasi Eron podshosi Ahamoniylar sulolasidan boʻlib, uning oʻgʻli Siyovush ham, nabirasi Siyovushning yagona oʻgʻli Kayhisrav ham afsonaviy emas, balki tarixiy shaxslardir. Siyovushning oʻlimidan keyin uning oʻgʻli Kayxisrav bobosi Kaykovus tarbiyasida boʻlgan.
Kayxisrav eramizdan avvalgi 550-530-yillarda Eronda podsholik qilgan. Afrosiyobga nisbatan adovat ruhida tarbiyalangan Kayxisrav Kaykovus vafotidan keyin taxtga chiqqan. U otasining xunini olish uchun katta qoʻshin bilan Afrosiyob ustiga bostirib keladi. Narshaxiyning yozishicha, Romtin (Romitan)ni ikki yil qamal qilib, Afrosiyobni yengadi. U oʻz podsholigi davrida Baqtriya, Xorazm, Soʻgʻd, Buxoro, Nasaf, Kesh va boshqa hududlarni bosib olib, qudratli davlat barpo etadi.
Tarixchi olim Narzulla Yoʻldoshev “Islom davrida mozorparastlik va avliyolarga sigʻinish” (1959-yil) kitobida Afrosiyob va Siyovush toʻgʻrisida oʻz izlanishlariga tayanib shunday yozadi: — “Afrosiyobning goʻri Buxoroda Maʼbad darvozasi («Hazrati Imom” darvozasi)da Xoja Imom Abu Xafsi Kabir tepaligiga tutashgan katta tepalik ustidadir. Yaqin vaqtlargacha buxoroliklar IX asrda yashagan huquqshunos olim va avliyo Abu Hafsi Kabir qabrini ziyorat qilish bilan birga, muqaddas qadamjo, Buxoro shahrini bino qiluvchilardan biri sifatida Afrosiyob qabrini ham ziyorat qilar edilar.»
Ammo shoʻrolar davrida aniqrogʻi, XX asrning 30-40-yillarida yoʻl oʻtkazish bahonasida Afrosiyob dafn etilgan tepalik buzib tashlangan. Hazrati Imom mozorining janubiy darvozasi oldidagi tepalikda Afrosiyob qabri boʻlgan.
Taʼkidlaganimizdek, Afrosiyob ham Siyovush kabi tarixiy shaxs ekanligi isbotlangan. Shu nuqtayi nazardan filologiya fanlari doktori, professor X.Doniyorovning 1991-yilda “Sharq yulduzi” jurnalining 3-sonida eʼlon qilingan “Afrosiyob afsonaviymi yoki tarixiy shaxs?” sarlavhali maqolasi eʼtiborga molik. Unda Afrosiyobning tarixiy shaxsligi manbalar asosida isbotlab berilgan. Turonda hukmronlik qilganidan tortib avlodlari shajarasigacha bayon etilgan.
Bilamizki, sharq xalqlari tarixi va adabiyotida voqealarning taʼsirchanligini kuchaytirish, tinglovchiga tezroq yetib borishiga erishish vositasi sifatida rivoyat-u afsonalardan foydalanilgan. Nazarimizda, bu ikki tarixiy shaxsning afsonaga aylanishi shu bilan ham bogʻliq.
Shubhasiz, Siyovushning qabri Ark tarixining bir qismidir. Qoʻrgʻonning sharqiy “Somonfurushlar darvozasi” Siyovushning jasadi koʻmilganidan keyin “Goʻriyon darvozasi” deb atalgan. Qadimgi soʻgʻd va fors tilida “goʻr” qabr degan maʼnoni bildiradi. “Goʻriyon” degan soʻz uning qabri, yaʼni Siyovushning qabri degan maʼnoni anglatadi.
Mangʻit hukmdorlari davrida Arkning sharqiy qismi amir oʻrdasiga aylantirilgach, “Goʻriyon darvozasi” berkitilgan. Registon darvozasi yagona darvoza sifatida qolgan. Siyovushning qabri shu darvoza yoniga koʻchirilgan. Maxsus hujrada uning qabrini yasab tugʻ koʻtarganlar. Odamlar Registon darvozasidan kirganda oʻng tomondagi maxsus zinapoyalar orqali yuqoriga chiqib, Siyovush qabrini ziyorat qilganlar. Ziyoratchilarga amir saroyi va uning oʻrdasi orqali oʻtgan yoʻl berkitilgan.
Keyingi yillarda yurtimiz tarixiga qiziqish kuchaymoqda. Negaki, istiqlol sharofati bilan tariximizning oʻqilmagan sahifalarini gʻuborlardan xalos etish imkoni tugʻildi. Endi yosh avlodga, shuningdek, sayyohlarga buyuk oʻtmishimiz haqida hikoya qiluvchi osori atiqalarimiz tarixini ishonchli dalillarga tayanib yetkazib berish mavridi keldi.
Fikrimizcha, qadim Turonning shonli tarixi siymolari Afrosiyob va Siyovush ziyoratgohlarini ham qayta tiklash kerak. Bu xayrli ish xalqimiz oʻtmishiga qiziquvchilar sonining yanada oshishiga sabab boʻladi. Yoshlarni ona – Vatanga mehr-u muhabbat ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsad yoʻliga xizmat qiladi.
Qoryogʻdi JUMAYEV,
Buxoro davlat universiteti dotsenti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring