Adliya vazirligi davlat tili atrofida boʻlayotgan muhokamalarga munosabat bildirdi

16:41 11 Aprel 2025 Jamiyat
347 0

Kollaj: “Xalq soʻzi”

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli tadbirkorlik subyektlarida davlat tili boshqa xorijiy tillardan keyingi oʻrinlarda qoʻllanilayotgani yoki umuman ishlatilmayotgani masalasida bahs-munozaralar kuzatilmoqda. Adliya vazirligi mazkur sohadagi ayrim qonunchilik hujjatlarini eslatish orqali fuqarolardan vaziyatni yoritishda millatlararo munosabatlarga salbiy taʼsir qilishdan saqlanishni tavsiya qildi.

Bugungi kunda, oʻzbek tilining davlat tili sifatida qoʻllanilishini tartibga soluvchi asosiy hujjat “Davlat tili haqida”gi Qonun hisoblanadi.

Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinadi.

Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi taʼminlanadi.

Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin.

“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatiladi. Bunda, reklama mazmunining tarjimasini boshqa tillarda takror berilishiga yoʻl qoʻyiladi.

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq tovar (ish, xizmat) toʻgʻrisidagi maʼlumot isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur maʼlumot qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.

Shu bilan birga, fuqarolar oʻzaro muloqot jarayonida foydalanadigan til boʻyicha qonunchilikda qatʼiy va majburiy talablar koʻrsatilmagan.

Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik va tolerantlikni taʼminlash, har bir millat va elatning oʻziga xosligini hurmat qilish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biridir.

Bunda, barcha fuqarolarga oʻz ona tilida gapirish, taʼlim olish va madaniy boyliklarni rivojlantirishda teng huquqlilik taʼminlanadi.

Xususan, “Davlat tili haqida”gi Qonunga koʻra, oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning oʻz ona tilini qoʻllashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi.

Zero, Konstitutsiyaga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.

Yuqoridagilarga koʻra, millatlararo munosabatlarga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan masalalarni yoritishda, Oʻzbekiston qonunchiligi, shuningdek umuminsoniy va professional etika normalariga rioya etilishini taʼminlash maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston fuqarolarining tildan foydalanish huquqlarini kamsitish, shu asosda nizo qoʻzgʻatish javobgarlikka sabab boʻlishi ham eslatib oʻtiladi.

Biroq mazkur munosabatda vazirlik vaziyatga faqatgina bir tomonlama yondashgan boʻlishi mumkin. Chunki, ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbek tilida muloqot qilish masalasi emas balki, ayrim ovqatlanish shoxobchalari va savdo tarmoqlarida davlat tili ustuvorligini yoʻqotayotgani muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Gap shundaki, Activist taxallusi bilan tanilgan bloger Hojiakbar Nosirov 2-aprel kuni Instagram sahifasida Toshkent shahridagi kafelardan birida oʻzi bilan kuzatilgan holat haqida gapirib, videomurojaat eʼlon qildi. Aynan ushbu murojaat jamoatchilik muhokamasini keltirib chiqardi.

Blogerning fikriga koʻra, u qahva olish uchun kafega kirib, gʻaznaning oldiga borib turgan vaqtida xodim undan “Что будете заказывать?” (“Nima buyurtma qilasiz?”), deb soʻragan. Suhbat shu tariqa rus tilida davom etayotganidan ranjigan bloger ishchidan “Menga qarang, oʻzbekmisiz?”, deb soʻragan va “Ha, oʻzbekman”, degan javob olgach, quyidagicha eʼtiroz bildirgan:

“Men ham oʻzbekman, koʻrib turibsiz-ku, nimaga menga ruscha gapiryapsiz?”, desam, oʻylanib turdi-da, “yana nimadir kerakmi?”, dedi. “Yoʻq”, dedim. Menimcha, ozgina uyaldi ham. Keyin, kofeni kutib turganimda, menimcha, oʻzbek ayoli kelib, “Что будете заказывать?”, deyapti. Men javob bermasdan, oʻqrayib turibman-da, “Маленький капучино, да? Вот ваш заказ”, deb oldimga qoʻyib ketyapti», degan bloger.

Shuningdek, Activist shu bizneslar oʻzbek tilining yoʻq boʻlib ketishiga sababchi boʻlayotganini qoʻshimcha qilgan.

“Buni mayda narsa, nimaga gapiryapsan, deydiganlar ham boʻlishi mumkin. Ammo bu judayam muhim narsa. Mana shunday bizneslar ham oʻzbek tilining yoʻq boʻlib ketishiga sababchi boʻlyapti. «Shu bilan birga, oʻzbek tilini biladigan, Oʻzbekistonda ishga kirmoqchi boʻlgan odamlardan shunga oʻxshash kompaniyalar rus tilini talab qiladi. Oʻzi mijozlarining 90 foizi — oʻzbeklar. Butun xodimlarini rus tilida gapirtirib nima keragi bor? Qani mantiq?”, degan u.

Ushbu video murojaat 9 kun ichida 2,8 million marta tomosha qilingan, 227 mingdan ziyod layk va salkam 25 ming izoh toʻplagan, shuningdek, video 21,1 ming marta ulashilgan. Izoh yozganlarning aksariyati blogerning fikrlarini qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa, ayrimlar uni haqoratlab, millatlar oʻrtasida nizo keltirib chiqarishga urinishda ayblagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?