Adabiyot boʻyicha Nobelga sazovor boʻlgan ayollar haqida bilasizmi?
Taʼsis qilinganidan beri hozirgi vaqtgacha Nobel mukofotiga 823 erkak, 49 ayol munosib deb topilgan. Adabiyot boʻyicha Nobel olgan ayollar soni esa 15 nafarni tashkil qiladi. Quyida ular bilan sizni tanishtirib oʻtamiz.
Selma Lagerlyof
Ayollar orasida birinchilardan boʻlib Nobel mukofotiga 1909-yilda loyiq koʻrilgan shvetsiyalik yozuvchi Selma Lagerlyof hisoblanadi. Bundan tashqari Lagerlyof shvetsiyalik birinchi ayol yozuvchi deb ham tan olingan. U bu mukofotga asarlaridagi idealizm, yorqin tasavvur va maʼnaviy taʼsir doirasi uchun sazovor boʻlgan.
Garsiya Deledda
Italiyalik yozuvchi Gratsiya Deledda 1926-yilda bu mukofotning sohibi boʻlgan. U hayotning oydin va koʻzga koʻringan lavhalarini yarata olgan, inson ichki ziddiyatlarining eng tubigacha yetib borolgan poetik ruhdagi asarlari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.
Shved Akademiyasining aʼzosi Heynrih Shukning taqdimot nutqida Deleddaning tabiyat tasvirlariga oʻzgacha yondasha olgani eʼtirof etilgan, uning diniy muammolarni yaxshi anglay olgani, asarlarining bir qadar gʻamgin, biroq badbin boʻlmagani qayd qilingan.
Singrid Unset
Norvegiyalik bu yozuvchi adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga 1928-yilda sazovor boʻlgan. Singrid Unset Oʻrta asr Skandinaviya hayotining yodda qoluvchi tasvirlari uchun Nobel sohibiga aylanadi.
Unset Shved Akademiyasida Nobel nutqi soʻzlashdan bosh tortadi. Qisqa maʼruzasida: “Men uchun yozmoq, soʻzlashdan ham oson, oʻzim haqda gapirgandan koʻra boshqalar haqida yozmoq ming karra osondir”, — deya taʼkidlaydi.
Biroq, adibaning Nobel laureati oʻlaroq yozgan beshta romani munaqqidlar fikricha, avvalgi asarlari bilan taqqoslaganda, taʼsir doirasi va asar saviyasi yaxshi emas.
Perl Bak
“Yaxshi dunyo” nomli kitobi 1931-yilda Pulitser mukofotiga loyiq koʻrilgan. 1938-yilda Nobel boʻyicha adabiyot mukofotini olgan ilk amerikalik ayol sanaladi. Xitoyda amerikalik missioner oilasida tavallud topgan yozuvchining bolaligi Xitoyda kechgan. Nobel unga Xitoy qishloqlarining hayoti, haqiqiy epik tasviri va yaratgan biografik shedevrlari uchun berilgan.
Gabriela Mistral
Chililik shoira, Lotin Amerikasi adabiyotining taniqli vakilasi Gabriela Mistral Nobel mukofotiga 1945-yilda loyiq deb topilgan.
Mukofot unga butun Lotin Amerikasining idealist tashabbuslarining ramziga aylangan yuksak tuygʻuli sheʼriyati uchun topshiriladi.
Shved Akademiyasining aʼzosi Yalmar Gulberg Chililik shoirani “Lotin Amerikasi adabiyotining malikasi”, — deya taʼriflaydi. Gabriela Mistral esa minglab adabiyot odamlari ichida nega aynan oʻzi Nobel olganini sheʼrlarida ayol va bola ovozlarining eshitilishi bilan bogʻliq deya aytadi.
Nelli Zaks
Asli Germaniyada tugʻilgan shved adibasi Nelli Zaks 1966-yilda adabiyot boʻyicha Nobel mukofotini isroil romannavisi Shmuel Yosef Agnon ila boʻlishishiga toʻgʻri keladi.
U oʻzining asarlaridagi yahudiy xalqlarning qismati haqida soʻzlovchi lirik va dramatik asarlari uchun mukofotga loyiq koʻriladi. Shved akademiyasining aʼzosi Andres Esterling taqdimot marosimidagi chiqishida yahudiy xalqlarining faryodlarini Nelli Zaks asarlarida teran eshitganini taʼkidlaydi, ayni vaqtda yahudiy shoiraning hamisha gumanist mavqeda turganini, hech qachon revanshizm, nafrat va qasos ruhi bilan yashamaganini ham aytib oʻtadi.
Nelli Zaks oʻz nutqida Nobel olishini shirin bir ertakka mengzatadi.
Nadin Gordimer
Janubiy Afrikalik yozuvchi Nadin Gordimer 1991-yilda Nobel mukofoti sohibi boʻlgan.
Mukofot adibaga umumiy ijodi uchun taqdim qilingan.
Toni Morrison
Afrika va Amerika adabiyotining tanilishi uchun mehnat qilgan amerikalik yozuvchi Toni Morrison “Maʼshuqa” romani bilan 1988-yilda Pulitser, 1993-yilda esa Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan.
Qulliq mavzusiga qaytgan yozuvchi onalik tuygʻulari bilan sugʻorilgan asarlari uchun tahsinga sazovor boʻlgan.
Vislava Shimborskaya
1996-yilda Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan polshalik shoira Vislava Shimborskaya Evropadagi eng taniqli soʻz ustalaridan biri hisoblanadi.
Shimborskaya oʻz sheʼriyatida dunyoning yoʻq boʻlib ketishi, odamning odamga begonalashishi va ayrilishi haqida soʻz yuritadi. Odamning odam hamda dunyoga, oʻz qalbi va ruhiga begonalashishi shoira asarlarining asosiy mavzularidan biridir.
Shoir oʻz bitiklarida har doim oʻzaro tushunish tuygʻulari yoʻqligini, odamlar faqat jisman yonma-yon, qalban olis yashayotganini tasvirlaydi.
Vislava Shimborskaya Zakopane togʻlarida dam olayotganida Nobel mukofoti haqidagi xabarni eshitadi va shunday deydi: “Ochigʻini aytsam juda baxtiyorman. Kutilmagan yangilik boʻldi chindan. Endi qoʻrqamanki, farovon va tinch hayot kechira bilmagayman...”
Elfrida Yelinek
Avstriyalik yozuvchi va dramaturg Elfrida Yelinek 2004-yilda romanlari va dramalarining musiqiy polifoniyasi uchun Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan. Muallif oʻz asarlarida jamoat hayotidagi absurd tendensiya hamda hukumatning ijtimoiy muammolarini ehtirosli tilida fosh qiladi.
Kuchli agorafobiya sindromi bilan ogʻrigani sababli yozuvchi Nobelga bagʻishlangan marosimda qatnasha olmaydi, uning Nobel maʼruzasi video orqali namoyish etiladi.
Doris Lessing
Ingliz adabiyotining yetakchi vakillaridan biri sanalgan Doris Lessing yuksak va samarali adabiy faoliyati uchun nafaqat Nobel mukofoti, balki Yevropadagi koʻplab yirik adabiy mukofotlarni ham qoʻlga kiritgan.
Doris Lessing 2007-yilda dostonlarining ayol tajribasidan tugʻilgan ehtiros, shubha va kelajakka boʻlgan qarashlarini boy kolleksiya oʻlaroq saqlab qolinishi kerakligi taʼkidlaydi.
Herta Myuller
Ruminiyada, nemis arbobi oilasida tugʻilgan Herta Myuller 1999-yilda Avstriyaning Frans Kafka jamiyati va Klosternoyburg badiiy akademiyasining Frans Kafka mukofotiga sazovor boʻlgan.
Adib Ruminiyada senzuraga uchragani tufayli asosiy asarlari Germaniyada nashr etilgan. Myuller adabiyot boʻyicha 2009-yil Nobel mukofotiga sazovor boʻladi. Shved akademiyasining bayonotida Myuller ushbu mukofot bilan sheʼr qudrati va nasrning ochiqligi yordamida kambagʻallar dunyosini tasvirlash qobiliyati uchun taqdirlanganini aytib oʻtadi.
Elis Manro
Manro 2013-yilda adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga loyiq koʻrilgan. Nobel qoʻmitasi Elis Manronni “Zamonaviy qisqa hikoya janridagi yutuqlari uchun” gʻolib deya eʼlon qiladi.
Balki, shu sababli Elis Manronni “Kanadaning Chexovi” deyishlari ham bekorga emas. Manro hikoyalari uchun sevgi va oʻlim mavzulari bosh mezon sanalib, markazida ayol obrazi turadi. Manroning ayol obrazlari madaniyatli, oʻta kitobxon, Virjiniya Vulf hamda Jeyms Joysni biladigan, muhokama qila oladigan ayollar hisoblanadi.
Svetlana Aleksiyevich
Aslida Ukrainada dunyoga kelgan belorus yozuvchisi Svetlana Aleksiyevichning asarlaridagi asosiy mavzu urush hisoblanadi. Yozuvchi 2015-yil “Polifonik bitiklari, bizning zamon azoblari hamda jasoratiga asarlari orqali yodgorlik qoʻya olgani uchun” Nobel mukofotiga loyiq koʻrilgan. Uning eng taniqli asarlari “Urushning ayoldan yiroq qiyofasi”, “Chernobil tavallosi” va sovet-afgʻon urushiga bagʻishlangan “Sovet bolalari” romanlari hisoblanadi.
Olga Tokarchuk
Olga Tokarchuk 2018-yilda adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sohibi boʻlgan. 57 yoshli Olga Tokarchuk oʻz avlodining eng kuchli polshalik yozuvchisi hisoblanadi. Muallif chegaralarni kesib oʻtishni ensiklopedik ehtiros bilan hayot shakli sifatida tasvirlagan asarlari uchun mukofotlanadi,
Mukofot qoʻmitasining taʼkidlashicha, ularda Tokarchukning VIII asrda Yevropada sodir boʻlgan voqealarni aks ettirgan “Yoqubning kitoblari” epik romani katta taassurot qoldiradi.
Shuningdek, Olga Tokarchuk 2018-yilda “Eng yaxshi chet tilidagi film” nominatsiyasida Oskarga nomzod boʻlgan “Spoor” filmining ssenariy muallifi ham sanaladi.
Toʻplovchi va tarjimon: Maqsuda Yoʻldosheva
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring