8 soatdan 18 soatgacha: Uyqu haqida biz bilgan va bilmagan haqiqatlar

2020-yil insoniyat uchun sinovlar va salomatlikka eʼtibor yili boʻldi, deb aytish mumkin. Koronavirus pandemiyasi davrida hamma hadikda yashadi va yashamoqda. Bunday davrda sogʻlikka aloqador har qanday jarayon yaxshilab oʻrganishga arziydi. Shu jumladan uyqu ham. Bu borada TDYUUning Ixtisoslashtirilgan Filiali Kasbiy-jangovar tayyorgarlik kafedrasi dotsenti v.b p.f.n X Axmedov maʼlumot berdi.
“Uyqu vaqtida mushaklar tonusi susayadi (uyqudagi odamning koʻp mushaklari boʻshatgan boʻladi), sezuvchanlikning barcha turlari – koʻrish, eshitish, taʼm bilish, hid sezish, teri sezuvchanligi keskin susayadi. Shartsiz va shartli reflekslar tormozlanadi. Qattiq uyquda nafas uygʻoqlikdagiga nisbatan ancha chuqur, yurak urishi sekin, arterial qon bosimi, toʻqimalarga qon kelishi, moddalar almashinuvi, tana harorati past boʻladi. Bularning barchasi uyqu holatida miya bilan bir qatorda hujayralar va toʻqimalar hayot faoliyatini taʼminlovchi hamma ichki aʼzolarning ham “dam” olishidan dalolat beradi.
Ammo uyqu haqidagi zamonaviy tasavvurlarga koʻra, uyqu faqat dam olish emas, balki kun boʻyi olingan turli axborotni qayta ishlash va ertasi kun yana qabul qilish qobiliyatiga erishish uchun qaratilgan jarayondir.
8 soat uxlash shart, degan qoida haqida hammamiz eshitganmiz. Aynan 8 soat deyilishiga qanday asoslar bor? Qator tadqiqotlarda inson salomatligi uchun aynan mana shuncha vaqt davom etuvchi uyqu zarurligi oʻz tasdigʻini topgan. Muntazam ravishda bundan kam uxlovchilarda turli kasalliklarga chalinish ehtimoli ortgan.
Faqat olimlar bir masala ustida koʻp bahslashadilar – uyqu buzilishi kasalliklarga sabab boʻladimi yoki turli kasalliklar belgisi sifatida uyqu buzilishi paydo boʻladimi?
Bolalar uchun 11 soat, goʻdaklar uchun 18 soatgacha uyqu zarur.
70 yil yashagan odam umrining 30 yilga yaqinini uyquda oʻtkazadi, umrimizning koʻp qismini uxlab boy beryapmiz, degan gaplarni koʻp eshitamiz. Lekin inson organizmi uchun uyquning ahamiyati nihoyatda katta va faqat shu jarayondagina oʻz qobiliyatini tiklay oladi. Oʻrta yoshdagi sogʻlom odamda 3-5 sutka uxlamaslik qaytmas jarayonlarga olib keladi. Bolalar va keksalarda bu muddat yana-da qisqa.
Uyqu rejimi. Uyquning maksimal darajada foyda va minimal darajada zarar yetkazishi uchun inson bir vaqtda uxlab bir vaqtda uygʻonishi kerak. Bu rejimning buzilishi organizmning bioritmi – biologik soatini buzilishiga olib keladi. Aytish lozimki, hattoki dam olish kunlari xam uyqu va tetiklik rejimi oʻzgarmasligi kerak. Bu holatni yosh bolalar misolida koʻrish mumkin – ular dam olish kuni xam maktab kunlari xam bir paytda uxlab bir paytda uygʻonadi. Ulardan oʻrnak oling.
Uyqu davomiyligi. Olimlarning yakuniy fikricha uyquning oʻrtacha davomiyligi 7-8 soatni tashkil etadi.
Uyquning ham turlari bor
Uyqumiz ham bir necha bosqichdan iborat va ularning har biri 60-100 daqiqa davom etadi.
Dastlabki bosqich – mudrash uyqu va uygʻoqlik orasidagi vaqtdan iborat. Bunda nafas, puls sekinlashadi, mushaklar boʻshashadi.
Keyin yarim chuqur uyqu jarayoni boshlanadi. Bunda inson uxlaydi, lekin ayrim axborotni qabul va tahlil qilish ortidan oʻzini uygʻoqdek hisoblaydi.
Uchinchi, asosiy bosqich – chuqur uyqu aynan eng muhim, uzoq davom etuvchi va inson hech narsani sezmaydigan jarayon.
Koʻpchilik chuqur uyquda tush koʻriladi, deydi. Aslida tushlar ikkinchi yoki uchinchi bosqichda emas, chuqur uyqudan keyin qaytilgan yengil bosqichda koʻriladi.
Yakunda inson tez uyqu bosqichini ham oʻtkazadi.
Erta va kech uygʻonuvchilar
Odamlar bu borada ikki toifaga boʻlinadilar: erta yoki kech uygʻonuvchi- lar.
Umuman olganda, taxminan 30 foiz insonlar erta turuvchilar, 30 foizi kech uygʻonuvchilar, qolgan 40 foizi oʻrtaliqdagilardir.
Sogʻlik uchun vaqtida va yetarlicha uxlashning ahamiyati beqiyos. Buni bir misol bilan tushuntirish mumkin – eng ogʻir holatdagi bemorlar salomatligi aynan chuqur uyqu yordamida saqlab turiladi va shu jarayonda muolajalar olib boriladi.
Uyquga toʻymaslik nimaga olib keladi?
Kunlik uyqu normasini yetarli boʻlmasligi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Soʻnggi yillarda “uyqu bulemiyasi” nomli sindrom koʻp kuzatilmoqda. Yaʼni hafta davomida qisqa uyqu (3-4 soat) rejimida faoliyat yurgizib, dam olish kunlari 12-13 soat uxlash orqali kompensatsiya qilish odatga aylanmoqda.
Toʻyib uxlamaslik oqibatlari:
• Immunitetni tushishi;
• Ish faoliyatini pasayishi;
• Diqqat-eʼtiborni va xotirani susayishi;
• Yurak xastaliklariga moyillik;
• Bosh ogʻrigʻi;
• Semirish;
• Erkaklarda testosteron miqdorini 30% ga kamayishi, qorin qoʻyish, prostata bezini shamollashga moyilligi;
• Stress gormoni – kortizol miqdorini ortishi;
• Depressiya;
Uyqu buzilishini qanday turlari bor: Insomniya (uyqusizlik) – inson qiyin uxlaydi va uyqu holatida kam buladi.• Gipersomniya — ortiqcha uyquchanlik.
• Parasomniya — uyquda yurish, tungi qoʻrquv va vahimalar, kechki siydik tuta olmaslik, tungi epileptik talvasalar.
• Situativ (psixosomatik) insomniya — emotsional tabiatli uyqusizlik, 3 haftadan kam davom etadi.
• Intrasomniya – tez-tez uygʻonish;
• Presomnik buzilishlar – insonni uyquga ketishi qiyin boʻladi.
• Postsomnik buzilishlar - uygʻongandan keyingi buzilishlar, lanjlik, uyquchanlik.
• Uyqu paytidagi apnoe – uyqu paytida nafas olishni sekinlashuvi va toʻxtab qolishi (bemor hech nima sezmasligi mumkin).
Bruksizm - chaynov muskullarini uyqu paytidagi spazmi – inson jagʻlari yopilib, tishlarini gʻijirlatadi.
Uzoq uxlash foydalimi?
Kam uxlash ziyon ekan, koʻp uxlashga tibbiyot qanday qaraydi? Sutkada 10-15 soat uxlash – ortiqcha uxlash hisoblanadi. Ortiqcha uxlash xam xuddi kam uxlash singari zararli hisoblanadi. Uyqu gormonini ortiqchaligi insonni tez charchaydigan, lanj qilib qoʻyadi va insonlar qancha koʻp uxlasam shuncha koʻp uyqum kelayapti deb noliydi. Fizik jihatidan ortiqcha uxlash insonlarda depressiya, migren xurujlari, qon tomirlarni dimlanishi va qon bosimini ortishiga sabab boʻladi», deydi mutaxassis.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring