486 milliard AQSH dollarlik muammo uchun genetik yechim topildi

Osteoartrit kasalligi dunyo boʻylab eng keng tarqalgan kasalliklardan biri boʻlib, hozirda uni butunlay davolovchi dorilar mavjud emas. AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markaziga koʻra, ushbu kasallik boʻgʻim ogʻrigʻi, harakat cheklanishi va qotish bilan namoyon boʻladi.
Mavjud davolash usullari esa faqat simptomlarni yengillashtirishga xizmat qiladi. Qayd etish kerakki, 2050-yilga kelib dunyo boʻyicha 1 milliard odamda ushbu kasallik kuzatilishi prognoz qilinmoqda.
«Nature» jurnalida chop etilgan yirik xalqaro tadqiqotda osteoartritning genetik sabablari oʻrganildi. Bu borada olib borilgan eng katta “genome-wide association study” doirasida 2 millionga yaqin odamning genetik maʼlumotlari tahlil qilindi. Ulardan 500 ming nafari osteoartrit bilan kasallangan, qolganlari esa nazorat guruhini tashkil qilgan. Tadqiqotda jami 962 ta genetik belgi aniqlangan boʻlib, ularning 513 tasi ilgari nomaʼlum boʻlgan.
Tadqiqot mualliflaridan biri, Merilend universiteti tibbiyot maktabining professori Mark S. Xoxbergning taʼkidlashicha, bu kashfiyotlar yuzlab yangi dori maqsadlarini va ilgari tasdiqlangan dori vositalarini osteoartritga qarshi qayta qoʻllash imkonini beradi. U osteoartrit va boshqa suyak-boʻgʻim kasalliklari boʻyicha koʻplab klinik tadqiqotlarni boshqargan.
Ushbu tadqiqot orqali aniqlangan 700 ga yaqin genning 10 foizi allaqachon boshqa kasalliklar uchun tasdiqlangan dori vositalari bilan bogʻliq ekani qayd etilgan. Bu esa mavjud dorilarni osteoartritga qarshi qoʻllash imkoniyatini ochadi. Tadqiqotni olib borgan mutaxassislardan biri, Myunxendagi Translatsion Genomika institutining direktori Elefteriya Zeggini bu yondashuv dori ishlab chiqish jarayonini tezlashtirishga xizmat qilishini taʼkidlaydi.
Shuningdek, tadqiqot shaxsiylashtirilgan tibbiyot imkoniyatlarini ham kengaytiradi. Aniqlangan genetik belgilar asosida kasallikka mos davolash rejalashtirilishi, klinik sinovlar uchun bemorlar aniq tanlanishi mumkin boʻladi. Tadqiqot natijalari osteoartrit rivojiga taʼsir qiluvchi sakkizta biologik jarayonni ham ochib berdi, ular orasida “biologik soat” (sirkadian klokk) va glial hujayralar faoliyati muhim oʻrin tutadi.
Shunga qaramay, ushbu tadqiqotning 87 foiz namunasi Yevropa naslidan boʻlganlardan olingani sababli, boshqa irqlar orasida yangi genetik belgilarni aniqlash imkoniyati cheklangan. Merilend universiteti tibbiyot maktabi dekani Mark T. Gladvin bu borada aholi orasida kengroq ishtirokni taʼminlash zarurligini aytib oʻtdi. Chunki AQSHda osteoartrit sababli yuzaga kelayotgan yillik xarajatlar 486 milliard dollardan oshmoqda.
Osteoartritga qarshi kurashda genetik tadqiqotlar yangi ufqlarni ochmoqda. Endilikda bu sohadagi ilmiy ishlanmalar nafaqat yangi davolash usullarini ishlab chiqishga, balki mavjud dorilarni samaraliroq qoʻllashga, eng asosiysi esa bemorlar uchun aniqroq va individual yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qilishi kutilyapti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring