“48 soat ichida 14 ming chaqaloq ochlikdan oʻlishi mumkin”: BMT Gʻazodagi holat boʻyicha dahshatli bayonot bilan chiqdi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Gʻazo hududiga yuborilayotgan insonparvarlik yordamlari Isroil hukumati tomonidan hududga kiritilmasligi oqibatida 48 soat ichida 14 ming nafar chaqaloq halok boʻlishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar berdi.
Unda aytilishicha, Isroil hukumatining ikki oydan ortiq vaqt davomida Gʻazo hududi chegarasini nazorat qilishi oqibatida insonparvarlik yordamlarini olib kelayotgan koʻplab yuk mashinalari chegara punktida toʻplanib qolgan. Ushbu yuk mashinalarida Gʻazo aholisining birlamchi ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan mahsulotlar, jumladan, oziq-ovqat, kiyim kechak, dori-darmonlar, tibbiy buyumlar hamda chaqaloqlar uchun kaloriyaga boy maxsus yeguliklar keltirilayotgan boʻlgan.
Gʻazo rasmiylari bergan maʼlumotga koʻra, Isroil hukumatining mazkur blokadasi tufayli joriy yilning 2-mart sanasidan bugungi kunga qadar kamida 326 nafar falastinlik ochlik tufayli halok boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Gʻazoga nisbatan qoʻllanilayotgan blokadani yengillashtirib, hududga cheklangan miqdorda yordam yetkazilishiga ruxsat berishini maʼlum qilgan edi. Biroq Netanyaxuning bu ruxsati qachon amaliyotga koʻchishi va Gʻazo hududiga insonparvarlik yordamlarining qachon kiritilishi haqida aniq sana maʼlum qilinmagan.
Bundan tashqari, Isroilning Gʻazoni bombardimon qilishi oqibatida halok boʻlayotgan hamda jarohatlanayotganlar soni kundan-kunga ortib bormoqda.
Maʼlum boʻlishicha, Gʻazodagi sulh bitimi buzilgan 18-mart kunidan buyon, Isroil hujumlari oqibatida 3 ming 509 nafar falastinlik halok boʻlgan. 9 ming 909 kishi jarohatlangan.
Shuningdek, Isroil kuchlarining bugun, 21-may kuni tongdan buyon Gʻazoga bergan zarbalari oqibatida esa 42 nafar falastinlik halok boʻlgan. Oʻnlab insonlar jarohatlangan. Hudud rasmiylari xabariga koʻra, Isroilning qamal ostidagi hududlarga uyushtirayotgan hujumlari sababli soʻnggi 24 soat ichida kamida 82 falastinlik halok boʻlgan va 262 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan.
Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlarida keltirilishicha, Isroilning Gʻazoga qilgan bosqinlari boshlangandan to bugungi kungacha kamida 53 ming 573 nafar falastinlik halok boʻlgan. 121 ming 688 kishi esa turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring