30 yildan beri Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashayotgan tashkilot

14:30 30 Oktyabr 2021 Jamiyat
1984 0

Shu yilning 23-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashkil topganiga 30 yil toʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti 1991-yil 23-noyabrda boʻlib oʻtgan Armiya, aviatsiya va flotga koʻmaklashuvchi koʻngilli jamiyat — DOSAAFning VIII Qurultoyi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi DOSAAFining vorisi sifatida tashkil etilgan. “Vatanparvar” tashkiloti tarkibida markaziy va 14 ta hududiy kengashlar va 211 ta muassasalar mavjud.

Xoʻsh, “Vatanparvar” tashkiloti qaysi yoʻnalishlarda faoliyat olib boradi?

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirovning maʼlum qilishicha, Tashkilot uchta yoʻnalishda faoliyat olib boradi.

— Birinchi yoʻnalish aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik, milliy maʼnaviyatimizga hurmat ruhida tarbiyalash hisoblanadi. Bu yoʻnalishda Tashkilot nafaqat Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar, balki respublikamizning barcha tegishli muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

Joriy yil boshidan hozirga qadar Respublika miqyosida maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari, umumiy oʻrta taʼlim va oʻrta maxsus oʻquv maskanlari oʻquvchilari, oliy oʻquv yurtlari talabalari hamda uyushmagan yoshlar ishtirokida 3000 dan ziyod maʼnaviy-maʼrifiy, harbiy-vatanparvarlik yoʻnalishidagi tadbirlar oʻtkazildi.

“Vatanparvar” tashkilotning ikkinchi asosiy yoʻnalishi aholi, ayniqsa, yoshlarni Tashkilot tizimidagi avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan oʻq otish, dengiz koʻpkurashi, harbiy amaliy koʻpkurash, xizmatchi itlar, aviamodel, raketamodel, kemamodel, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish, ular orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hisoblanadi.

Hozirda “Vatanparvar” tashkiloti 9 mingga yaqin sportga qiziquvchan yoshlarni qamrab olgan. Bundan tashqari, Tashkilot tasarrufida parashyut sporti boʻyicha jami 7 ta sport seksiyalari mavjud boʻlib, ularda 117 nafar sportchi shugʻullanadi. 2021-yil boshidan hozirga qadar sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha 30 ta respublika musobaqalari oʻtkazildi. Har yili respublika darajasidagi 50 dan ortiq sport musobaqalari tashkil etiladi. “Vatanparvar” tashkiloti, shuningdek, Xalqaro aeronavtika federatsiyasi (FAI), Xalqaro kemamodeli uyushmasi (“NAVIGA”), Xalqaro triatlon uyushmasi (ITU), Xalqaro biatlon uyushmasi (IBU) hamda Osiyo triatlon konfederatsiyasi (ASTC)ning toʻla huquqli doimiy aʼzosi hisoblanadi.

Tashkilotning asosiy uchinchi yoʻnalishi fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga tayyorlash hisoblanadi. Respublika miqyosida Tashkilot tasarrufidagi 211 ta oʻquv sport texnika klublarining avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida bir yilda oʻrtacha 120-130 ming nafar fuqaro oʻqitiladi. Bundan tashqari, “2021-yil — Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati qabul qilingan Davlat dasturiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti zimmasiga Tashkilot bazasida yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan yana 10 xil kasblarga oʻqitishni taʼminlash boʻyicha masʼuliyatli vazifa yuklatildi.

Davlat dasturida ushbu mexanizm 3 bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Birinchi bosqichda shu yilning aprel oyidan boshlab fuqarolarni “Haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida” “V”,“VS”, “S”, “D”, “E” toifalari boʻyicha oʻqitilishi yoʻlga qoʻyilishi; Ikkinchi bosqichda avgust oyidan boshlab “Texnik xizmat koʻrsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” tashkil etilib, unda yoshlar 5 xil kasbga – vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, avtochilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari boʻyicha oʻqitilishi; Uchinchi bosqichda dekabr oyidan boshlab “Murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” yoʻlga qoʻyilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidro-podyomnik, yuk mashinasi krani, gʻildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish boʻyicha mutaxassislarni oʻqitish belgilangan.

“Vatanparvar” tashkiloti yuqoridagi vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish maqsadida respublikamiz miqyosida fuqarolar, ayniqsa yoshlarni oʻz tasarrufidagi oʻquv muassasalarida ommaviy texnik kasb mutaxassisliklariga oʻqitishning yangi mexanizmlarini joriy etdi.

Respublika miqyosida birinchi bosqich boʻyicha oʻqish aprelda, ikkinchi bosqich oʻqishi iyun oyida yoʻlga qoʻyildi. Uchinchi bosqich, yaʼni “Murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” dekabr oyida boshlanishi belgilanganiga qaramay, joriy yilning sentyabr oyida yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda.

Ahamiyatli jihati shundaki, “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan mamlakatimizdagi ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratib, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlarini ommaviy texnik kasblarga imtiyoz asosda oʻqitilishi Yoshlar ishlari agentligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan yoʻlga qoʻyildi.

Hozirga qadar 13 735 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida oʻqishga jalb etilgan boʻlib, ulardan 8 052 nafari oʻquv kurslarini tamomlab, haydovchilik guvohnomalarini qoʻlga kiritdilar.

Shuningdek, 1 732 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi “Texnik xizmat koʻrsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari”da imtiyoz asosida vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, avtochilangar, avtoelektrik kasblariga tayyorlanmoqda.

Eʼtiborlisi, “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi ommaviy texnik kasblarga oʻqitilayotgan ehtiyojmand yoshlar uchun “Tadbirkorlik asoslari”, “Yoshlar oʻrtasida inqiroz holatini yengib oʻtish psixologiyasi”, “Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning oʻrni” mavzularida seminar- treninglar oʻtkazib kelinmoqda. Mashgʻulotlarni olimlar, tajribali amaliyotchi pedagoglar va tadbirkorlik sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan yosh tadbirkorlar jalb etilyapti. Bunday yangicha tizim ehtiyojmand yoshlarning oʻzlariga boʻlgan ishonchi ortishi, bilim va malakalarga ega boʻlishlari va kelgusida hayotda oʻz oʻrinlarini topishlari uchun ragʻbat sifatida xizmat qilishi muqarrar.

Bundan tashqari, ushbu yoshlarning vaqtini unumli oʻtkazish va ular orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida navbatdagi yangi tizimni joriy etildi.

Endilikda ommaviy texnik kasblarga tayyorlash kurslarida tahsil olayotgan yoshlar “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi pnevmatik quroldan oʻq otish, duatlon, yozgi biatlon kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etib borilmoqda. Joriy yilning iyul-avgust oylarida ular oʻrtasida ushbu sport turlari boʻyicha respublikamiz boʻylab tuman, viloyat bosqich musobaqalari tashkil etilib, saralangan yosh havaskor sportchilar oʻrtasida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun respublika musobaqasi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar bilan birgalikda respublika yoshlarini mehnat bozorida ehtiyoj yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish boʻyicha navbatdagi yangi tizimni joriy etdi.

Jumladan, “Vatanparvar” tashkiloti Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya qoʻmondonligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Ushbu memorandumlarga koʻra, endilikda Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan yoshlar ixtiyoriy ravishda “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida “A”, “B”, “BC”, “C”, “D”, “E” toifalari boʻyicha va yana beshta mutaxassislik, yaʼni vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, chilangar, avtoelektrik tayyorlashga ixtisoslashtirilgan texnik xizmat koʻrsatish kurslarida oʻqish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Aytish joiz, ushbu yangilik mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlar tomonidan olqish bilan kutib olindi.

Joriy etilgan ushbu yangicha tizimning ahamiyati shundaki, yoshlar muddatli harbiy xizmatni yakunlaganidan soʻng, ular nafaqat Vatanimiz oldidagi muqaddas burchni ado etgan boʻladi, shu bilan birga, “Vatanparvar” tashkiloti oʻquv kurslarida egallagan kasb-hunarlari bilan uylariga qaytadilar.

Ularning ota-onalari ham yoshlar bandligini taʼminlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, “Vatanparvar” tashkiloti hamda Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirliklar va idoralar saʼy-harakatlari tufayli farzandlari bir yil davomida mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarning egalari boʻlib qaytganliklaridan benihoyat mamnun boʻladilar.

Shu yilning 23-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashkil topganiga 30 yil toʻladi.

Mamlakatimiz mustaqilligining tengdoshi hisoblanmish Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti yuqorida keltirilgan keng qamrovli ishlardan tashqari, xalqqa har tomonlama foyda keltirishi kutilayotgan yana koʻplab loyihalarni amalga oshirish arafasida turibdi.

Muxtasar aytganda, “Vatanparvar” tashkiloti oʻz faoliyati davomida aholi, ayniqsa yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlashda bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

Fazliddin ABILOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?