22 yoshli “Pablo Eskobar” qoʻlga tushdi. U Toshkentda 1 milliard soʻmlik sintetik narkotikni sotmoqchi boʻlgan

09:39 23 Iyul 2024 Jamiyat
366 0

Foto: NYP

Toshkent tumanida oʻtkazilgan reydlar davomida 2002-yilda tugʻilgan fuqaroning mashinasidan taxminiy narxi 1 milliard soʻm boʻlgan 1,4 kilogramm mefedron sintetik giyohvand moddasi topilgan. Qayd etilishicha, 22 yoshli fuqaro ushbu moddalarni sotish maqsadida saqlab kelgan.

IIBB matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 15-iyul kuni IIB va DXX xodimlari fuqaro A.T.ning “Tracker” avtomashinasida vazni 1 kilogramm 433 gramm boʻlgan mefedron sintetik giyohvandlik vositasini aniqlab, ayblanuvchini tezkor tartibda qoʻlga olgan.

22 yoshli shaxs mazkur sintetik vositani boʻlaklarga boʻlib, kontaktsiz manzil orqali sotishni rejalashtirgan.

“Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi” deyiladi IIBB xabarida.

Avvalroq, Toshkentda “Mayning ferma” davlat va jamiyat manfaatlariga 1,7 milliard soʻm zarar yetkazgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?