2026-yildan “Oʻzbekiston merosi mehmonxonalari” dasturi boshlanadi

13:06 26 Dekabr 2025 Siyosat
116 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Joriy yilning oʻzida xizmatlar hajmi qariyb 15 foizga oʻsib, 82 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida aytib oʻtdi.

Xizmatlarga boʻlgan talabni ragʻbatlantirish uchun 2026-yilda sohaga 85 trillion soʻm kredit, 9 trillion soʻm subsidiya ajratiladi. Xususan, taʼlim xizmatlari uchun byudjetdan 7 trillion soʻm beriladi.

Keyingi besh yilda xorijiy turistlar sonini 2 karra oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa 20 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olinmoqda. Shu maqsadda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Samarqandda Bibixonim, Registon majmualari, Amir Temur maqbarasi, Ulugʻbek rasadxonasi, Shohi Zinda va Afrosiyob muzeyini bir-biri bilan bogʻlaydigan zamonaviy yoʻlak va koʻpriklar barpo etiladi.

Shahrisabzda Gʻyelon yirik turistik majmuasining birinchi bosqichi ishga tushiriladi. Pop tumanida Arashan togʻ dam olish turistik zonasi tashkil etiladi.

Xivadagi Ichanqalʼa immersiv, yaʼni jonli va “aqlli” muzey-shaharga aylantiriladi.

Xorazm va Qoraqalpogʻistondagi arxeologik yodgorliklar boʻylab yirik turizm halqasi tashkil etiladi.

Shuningdek, yangi yilda tadbirkorlar tomonidan 4 milliard dollarlik 3,5 mingdan ziyod yangi servis obyektlari ishga tushiriladi.

Turizm maskanlarini tashkil qilish uchun kelgusi uch yilda 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi.

Bundan tashqari, 2026-yildan “Oʻzbekiston merosi mehmonxonalari” dasturi boshlanadi.

Madaniy meros obyektlarida xususiy sheriklik asosida “butik mehmonxona” tashkil qilish uchun nufuzli mehmonxona tarmoqlari olib kelinadi. Dastur ishtirokchilariga yer, mulk, foyda soliqlari va bojxona toʻlovidan imtiyoz beriladi.

Mana shu ishlar hisobiga 2026-yilda xizmatlar bozori 100 milliard dollardan oshiriladi.

Turistlar oqimi tobora oshayotgani aviatsiya va temir yoʻlda yoʻlovchi tashish quvvatini 2 barobar koʻpaytirishni taqozo etmoqda. Shu bois, 2026-yilda aviaparkdagi havo kemalarining soni 120 taga yetkaziladi.

Mahalliy aviaqatnovlarni oshirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Endi narxidan qatʼi nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu chipta narxini pasaytirish va talabni oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, yangi samolyotlar uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat koʻrsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi.

Ichki temir yoʻllarni rivojlantirish boʻyicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bogʻlash uchun 2026-yildan yana 500 kilometr temir yoʻl qurilishi boshlanadi.

Kelgusi yili 110 kilometr temir yoʻl tarmogʻi qurilib, Boʻka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri poytaxt bilan bogʻlanadi. “Toshkent – Samarqand” yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yoʻlovchi poyezdlar uchun yangi temir yoʻl liniyasini qurish boshlanadi.

Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiydagi vokzallar ham xususiy sheriklik uchun beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?