2025-yilda insoniyat iqlim inqiroziga qarshi juda kam harakat qildi
Shimoliy Karolinaning Tashqi Banks shahridagi tropik boʻron natijasida vayron boʻlgan uy.
Okean va dengizlar odamlarning yerini tortib olishda davom etmoqda. Suv qanday qilib sayyoramizdagi millionlab odamlarning uylarini yutib yubormoqda?
Jahon okeani sathining koʻtarilishi va qirgʻoq eroziyasi oʻn minglab kvadrat kilometr quruqlikning yoʻqolishiga olib kelmoqda. Bu muammo global tusga ega: muzdan xoli boʻlgan qirgʻoq chizigʻining qariyb uchdan bir qismi qum bilan qoplangan boʻlib, aynan qumli plyajlar eroziyadan eng koʻp zarar koʻrmoqda. Rossiyada asr oxiriga borib Sankt-Peterburg, Naxodka va Rostov-na-Donuning janubiy qismi kabi hududlarning qirgʻoq zonalari suv ostida qolishi mumkin. Dunyo boʻylab millionlab odamlar xavfsizroq hududlarga koʻchishga majbur boʻladi, global iqtisodiyotga yetadigan zarar esa trillion dollarga yetishi ehtimoldan xoli emas.
Qirgʻoqlarning yemirilishi ulkan hududlar va yuz millionlab insonlar uchun xavf tugʻdirmoqda
Qirgʻoq eroziyasi — bu toʻlqinlar, suv koʻtarilishi, oqimlar va shamol taʼsirida qum va tuproq yuvilib ketishi, qoyalar yemirilishi va jarliklar qulashidan iborat sekin jarayondir. Qirgʻoqlarning yemirilishi tabiiy hodisa boʻlsada, iqlim oʻzgarishi uni kamida uch yoʻl bilan tezlashtirmoqda.
Birinchidan, dengiz sathining koʻtarilishi tufayli toʻlqinlar va suv koʻtarilishlari yanada balandroq boʻlib, tarixda hech qachon boʻlmagan darajada plyajlarning yuqori qismi va jarliklar etagini yuvmoqda. Ikkinchidan, okean va atmosfera isishi boʻronlarni kuchaytirmoqda va ularning yuzaga kelish ehtimolini oshirmoqda. Bugun atigi bitta kuchli dovulning oʻzi plyajni butunlay yuvib ketishi yoki jarlikni shunchalik zaiflashtirishi mumkinki, u qulay boshlaydi. Uchinchidan, eroziyaning umumiy manzarasi ham oʻzgarmoqda: boʻronlar boshqa yoʻnalishlar boʻylab harakatlanmoqda, toʻlqinlar yangi tomondan kelib, balandroq boʻlmoqda, sovuq mintaqalarda esa ilgari toʻlqin zarbasini qisman yumshatib turgan dengiz muzlari erib bormoqda. Shu sababli aholi punktlari, infratuzilma va ekotizimlar uchun xavf ilgari osoyishta boʻlgan hududlarda ham ortmoqda.
Olimlar hisob-kitobiga koʻra, 1984–2015-yillar oraligʻida eroziya oqibatida dunyo deyarli 28 ming kvadrat kilometr quruqlikdan ayrilgan — bu Belgiya yoki Kursk viloyati hududiga teng. Kelajakda vaziyat yanada ogʻirlashadi: agar issiqxona gazlari chiqindilari hozirgi darajada qolsa, 2100-yilga borib qumli qirgʻoqlarning 26 foizi 100 metrdan ortiq qisqarishi mumkin. Bu esa 52 ming kvadrat kilometrdan ziyod quruqlik yoʻqolishiga olib keladi.
Bu muammo butun dunyo boʻylab juda koʻp odamlarning hayotiga taʼsir qiladi. Pasttekis qirgʻoq zonalari sayyoradagi eng zich yashovchi va rivojlangan hududlardan hisoblanadi. Bugun u yerlarda 680 millionga yaqin inson istiqomat qilmoqda, 2050-yilga borib esa bu raqam milliarddan oshadi. Aholisi 10 milliondan ortiq boʻlgan 20 megapolisning 15 tasi dengizboʻyi hududlarda joylashgan, dunyo aholisining 40 foizi esa qirgʻoqdan 100 kilometr masofada yashaydi.
Arktikada qirgʻoqlar yiliga metrlar bilan chekinmoqda, Fin qoʻltigʻida esa boʻronlar eroziyani kuchaytirmoqda
Qirgʻoq chizigʻining nihoyatda uzunligi tufayli Rossiya quruqlik eroziyasiga juda zaif: mamlakat dengiz qirgʻoqlarining deyarli yarmi (61 ming kilometrdan 25 ming kilometri) yemirilishga duchor boʻlmoqda. Abadiy muzlikli Arktikada bu jarayon ayniqsa tez kechadi. Dengiz sathi koʻtarilganda suv termokarst hududlariga yetib boradi — bu joylarda muzliklar allaqachon eriy boshlagan, yer choʻkkan va boʻshashgan boʻladi. Toʻlqin zarbalari tuproq ichidagi muzning erishini tezlashtirib, qum va loyni darhol yuvib ketadi, natijada qirgʻoq chizigʻi keskin chekinadi.
2021-yilda Moskva davlat universiteti olimlari Rossiya Arktikasi har yili qariyb 7 ming gektar quruqlikni (70 kvadrat kilometr — Salexard shahridan biroz kichik) yoʻqotishini hisoblab chiqdi. Muzlagan tuproqning yemirilishi qirgʻoqni yiliga 1–3 metr tezlikda “yeydi”, ayrim joylarda esa bu koʻrsatkich 5–7 metrga yetadi. Arktika orollarida bu ayniqsa yaqqol koʻrinadi: Qora dengizdagi Vize orolida 1950-yillarda yiliga 1,5 metrga yaqin quruqlik yoʻqotilgan boʻlsa, 2009–2016-yillar oraligʻida sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlariga koʻra qirgʻoq 74 metrga (oʻrtacha yiliga 10 metr) chekingan.
Rossiyada iqlim oʻzgarishi qirgʻoqlarni vayron qilayotgan yagona hudud Arktika emas. Fin qoʻltigʻining sharqiy qismida 1990–2005-yillarda qirgʻoq chizigʻining oʻrtacha chekinish tezligi yiliga 0,5 metrni tashkil etgan, eng zaif joylarda esa ikki metrgacha yetgan. Eng katta yemirilish boʻronlar vaqtida kuzatiladi: bitta boʻronda plyaj bir yoʻla besh metrga chekinishi mumkin. 2004–2020-yillar oraligʻida mintaqada bunday ekstremal ob-havo hodisalari toʻrt barobar koʻpaygan.
Afrikada qirgʻoqlari ayniqsa zaif, ammo xavf faqat ular bilangina cheklanmaydi
Afrika qitʼasida qumli plyajlar ulushi eng yuqori — 66 foiz. Hozircha odamlar suv bilan kurashda yutqazmoqda. Gana qirgʻoqlarida yer yiliga 2–3 metrga, ayrim joylarda esa 5 metrdan ortiq masofaga chekinmoqda. Sababi — qirgʻoq boʻsh qumdan iborat boʻlib, uni himoyalovchi qoyali toʻsiqlar yoʻq, shu bois har bir boʻron oʻta vayronkor boʻladi. Mamlakatning janubi-sharqidagi tor yarimorolda joylashgan kichik baliqchi qishloqlar tom maʼnoda choʻkib bormoqda: 2005–2017-yillar oraligʻida aholi punktlaridan biri hududining 37 foizini yoʻqotdi, minglab binolar — uylar, maktablar, cherkovlar suvga yuvilib ketdi.
Jahon banki tadqiqotiga koʻra, Benin, Kot-dʼIvuar, Senegal va Togoda qirgʻoq chizigʻining yarmidan koʻpi yiliga oʻrtacha 1,8 metr tezlikda yemirilmoqda. Har yili bu davlatlar 3,8 milliard dollar (YIMning 5 foizidan ortigʻi) zarar koʻrmoqda. Nigeriyada esa Niger daryosi deltasi hududida eroziya qishloq xoʻjaligi yerlari va butun aholi punktlarini yutib yubormoqda. 2020-yilda mahalliy shaharchalardan biri hududining qariyb 60 foizi yoʻqolgani maʼlum boʻldi — uylar va maktab daryoga oqib ketgan.
Kongo Respublikasi qirgʻoqlarida eroziya nafaqat ekologik, balki madaniy muammoga ham aylanmoqda: qirgʻoq bilan birga oʻtmishning moddiy xotirasi ham yoʻqolmoqda. Kuchli Atlantika oqimlari allaqachon mustamlaka davri binolari va tarixiy qul savdosi postini jiddiy shikastlagan. Mahalliy aholini ajdodlari qabrlari dengizga gʻoyib boʻlayotgani tashvishga solmoqda.
Gʻarb mamlakatlarida ham qirgʻoq yemirilishi kuchaymoqda
Buyuk Britaniyada boʻronlar qirgʻoq jarliklari va qumli plyajlarni tobora koʻproq vayron qilmoqda. Eng yuqori xavf ostidagi hududlar — Kornuoll, Kambria, Dorset, Kent, Uayt oroli, shuningdek Norfolk va Sasseksdagi qishloqlardir. Tahlilchilarga koʻra, umumiy qiymati 584 million funt sterling boʻlgan ikki mingdan ortiq koʻchmas mulk obyekti xavf ostida.
Barselonada sunʼiy plyajlar doimiy ravishda qum yoʻqotmoqda: shahar hokimiyati hisobiga koʻra, yiliga 30 ming kub metr qum yetishmaydi — bu qariyb 12 ta olimpiya basseyniga teng. Boʻronlar paytida yoʻqotishlar yanada ortadi.
AQSHda esa eng katta zarar Luiziana shtatida kuzatilmoqda. 1930-yillardan buyon shtat deyarli 5 ming kvadrat kilometr botqoqlik va toʻsiq orollarni yoʻqotdi, qirgʻoq orollari maydoni 40 foizdan ortiq qisqardi. AQSH boʻyicha qirgʻoq botqoqliklarining 80 foiz yoʻqotilishi aynan Luizianaga toʻgʻri keladi. Biroq muammo boshqa shtatlarda ham mavjud: Shimoliy Karolinada 2020-yildan buyon oʻnlab uylar okeanga qulab tushdi, Alyaskada esa muz va abadiy muzliklarning erishi arktik qirgʻoqlarni tabiiy himoyasiz qoldirdi — ayrim aholi punktlari yiliga 22 metrgacha qirgʻoqni yoʻqotmoqda.
Eng zaif hududlar — orol davlatlari
Eroziyaga qarshi eng himoyasiz davlatlar — orol mamlakatlardir. Ularning aksariyati tekis marjon atollari va tor qum yoʻlaklarida joylashgan boʻlib, dengiz sathining hatto kichik koʻtarilishi ham quruqlikni tezda yemirib yuboradi.
Maldiv orollari jiddiy xavf ostida: mamlakat hududining qariyb 80 foizi dengiz sathidan bir metrdan past joylashgan. Karib dengizi mintaqasida 2050-yilga borib orol davlatlari 3,9 ming kvadrat kilometrgacha hududini yoʻqotishi mumkin. Tinch okeanida esa dengiz sathi oʻsishda davom etsa, Marshall orollari butunlay suv ostida qolishi ehtimoli bor.
Qirgʻoq yemirilishini qanday sekinlashtirish mumkin: qurilish taqiqidan to toʻgʻonlargacha
Eroziyani butunlay toʻxtatib boʻlmaydi: qirgʻoq — bu qum va suv doimiy harakatda boʻlgan tirik tizim. Ammo yemirilishni sekinlashtirish va zararni kamaytirish mumkin. Odatda buning uchun uchta asosiy strategiya qoʻllanadi: xavfli joylarda uy-joy va infratuzilma qurmaslik, qirgʻoqni muhandislik inshootlari bilan himoyalash yoki aholi punktlarini dengizdan uzoqroqqa koʻchirish.
Eng arzon va samarali usul — birinchisi. Masalan, Yangi Zelandiyada toshqin va iqlim xavfi yuqori boʻlgan hududlarda davlat uy-joylari qurilmaydi. Bu qirgʻoqni jismonan mustahkamlamasada, kelajakdagi yoʻqotishlarni kamaytiradi: kamroq odam va obyektlar ofat zarbasiga duch keladi.
Ikkinchi yoʻl — qirgʻoqni bevosita mustahkamlash. Daniya, Germaniya va Buyuk Britaniyada toʻgʻonlar va dengiz devorlari qurilib, yangilanmoqda. Bunday inshootlar muayyan hududni yaxshi himoya qilishi mumkin, biroq ularning kamchiligi bor: ular qirgʻoqni “qotirib qoʻyadi” va qum hamda suv harakatini oʻzgartiradi. Natijada bir joy himoyalangan boʻlsa, qoʻshni hududda eroziya kuchayishi mumkin. Bu holat, masalan, Fin qoʻltigʻi va Kaliningrad viloyatida port inshootlari va toʻlqin toʻsarlarning bir hududni himoyalab, boshqasida quruqlik chekinishini tezlashtirayotgani misolida kuzatilgan.
Niderlandiya esa keng koʻlamli qumli “mudofaa”ga tayanmoqda. Zandmotor (“Qum dvigateli”) loyihasi doirasida Shimoliy dengizga 21 million kub metr qum toʻkilib, ulkan sunʼiy yarimorol yaratildi. U eroziyani sekinlashtiradi va yangi qumtepalar paydo boʻlishiga yordam beradi. Baʼzan esa kamtarona choralar ham yetarli boʻladi: Kataloniyada koʻngillilar qumni tutib qolish uchun oddiy yogʻoch toʻsiqlar oʻrnatmoqda. Soʻnggi 50 yilda qirgʻoq 50 metrga qisqargan hududda bunday toʻsiqlardan soʻng atigi uch yil ichida qumtepalar 40 foizga oʻsdi.
Qirgʻoqlarni yanada tabiiy usulda ham himoyalash mumkin — masalan, laminariya suv oʻtlari oʻrmonlarini tiklash orqali. Bu zich oʻsimliklar toʻlqinlarni yutadi. Shotlandiyaning ikki hududi boʻyicha kompyuter modellashtiruvi laminariya toʻlqin balandligini 70 foizgacha kamaytirishi va eroziya xavfini pasaytirishini koʻrsatdi. Yana bir moslashuv yoʻli — suvga qarshi kurashmasdan, u bilan yashashni oʻrganish. Masalan, Janubiy Koreya va Maldiv orollarida suzuvchi uylar sinovdan oʻtkazilmoqda.
Nihoyat, uchinchi strategiya — koʻchirish. Tinch okeanidagi Fidji orolida dengiz sathi koʻtarilishi sababli butun qishloqlarni boshqa joyga koʻchirish rejalashtirilmoqda. Bu “boshqariladigan chekinish” deb ataladi: davlat qirgʻoqni saqlab qolish juda qimmat yoki samarasiz ekanini tan olib, uylar, yoʻllar va infratuzilmani oldindan suvdan uzoqroqqa koʻchiradi.
2025-yildagi tadqiqot mualliflari aholi punktlarining dengizdan chekinish koʻlamini baholash uchun 1992–2019-yillar oraligʻida sunʼiy yoʻldosh suratlaridagi tungi yoritilish oʻzgarishini tahlil qildi. Natijada qirgʻoq hududlarining 56 foizida aholi dengizdan uzoqlashgani, 28 foizida deyarli oʻzgarish boʻlmagani, 16 foizida esa, aksincha, odamlar dengizga yaqinlashgani aniqlandi. Eroziya xavfi yuqori, infratuzilma himoyasi esa sust boʻlgan joylarda chekinish jarayoni ayniqsa tezlashgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring