2024-yilda sodir etilgan 67 mingdan ortiq jinoyatlarning qariyb 62 foizini oldini olish mumkin boʻlgan

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Senatning oʻninchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining prokuratura organlarining 2024-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, prokuratura organlari tomonidan hisobot yilida ijtimoiy sohadagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yoʻnalishida aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini taʼminlash va ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash hamda kambagʻallikni qisqartirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Xususan, 489 nafar fuqaroga 3,8 mlrd soʻmlik kechiktirilgan ish haqi va boshqa toʻlovlar undirib berilgan, shuningdek, 11,2 mlrd soʻmlik ish haqi hamda unga tenglashtirilgan toʻlovlar talon-toroj qilinganligi aniqlanib, tegishli choralar koʻrilgan.
Qayd etilishicha, iqtisodiy sohada qonuniylikni mustahkamlash, ayniqsa, investitsiya dasturlari ijrosini soʻzsiz taʼminlash, energiya resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish, yashirin iqtisodiyot shakllanishining turli usul va kanallarini aniqlash hamda ularga barham berish borasida tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Tadbirkorlar va xorijiy investorlarning 29 451 nafariga qonun ustuvorligi, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida amaliy yordam koʻrsatilgan.
Prokurorlarning sud protsesslaridagi ishtiroki, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida koʻrilayotgan choralar, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish, tergov va tezkor-qidiruv faoliyati boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Senatorlar tomonidan prokuratura organlarining amalga oshirgan ijobiy ishlari bilan bir qatorda faoliyatning ayrim yoʻnalishlarida nazoratni yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Xususan, aholi sogʻligʻini saqlash, reproduktiv salomatligini asrash, qolaversa yuqumli kasalliklarning oldini olish borasida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari yetarli samara bermaganligi, onalar oʻlimi soni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro hamda Xorazm viloyatlarida oshganligi tanqid qilindi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish, mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini saqlash, tezkor-qidiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatini yuritishda ham kamchiliklar mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, sodir etilgan 67 mingdan ortiq jinoyatlarning qariyb 62 foizining oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar tashkil qilgan.
Bunday jinoyatlarning umumiy jinoyatchilik koʻrsatkichidagi ulushi Fargʻona viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida 65 foizga, Namanganda esa qariyb 70 foizga yetgan.
Senatorlar prokuratura organlari tomonidan sogʻliqni saqlash, yuqumli kasalliklarning oldini olish, reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish, yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash borasida nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha tavsiyalarini berdi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring