2024-yilda muzeylarga tashrif buyuruvchi mehmonlar soni 4 mln.ga yetkaziladi

14:46 24 Noyabr 2023 Jamiyat
251 0

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi direktori B.G.Abdikarimov AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda maʼlum qildi.

Agentlik direktori Madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va ommalashtirish bilan bogʻliq faoliyatni yanada takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “OʻZBEKISTON-2030» Strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-300-son qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, respublikadagi 60 ta madaniy meros obyekti va ta muzeyning restavratsiya va taʼmirlash-tiklash ishlari uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqildi hamda davlat ekspertizasidan oʻtkazildi. Bugungi kunda mazkur obyektlarni taʼmirlash-tiklash yuzasidan pudrat shartnomalari rasmiylashtirilib, amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

Shuningdek, madaniy meros obyektlari va davlat muzeylarida taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish, ularda faoliyat yuritayotgan ishchi xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ustida ish olib borilmoqda. 2023-2024-yillar davomida jami 16 ta muzey binosida taʼmirlash-tiklash ishlari olib boriladi.

Agentlik tomonidan arxeologiya yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, arxeologiya yodgorliklarini muzeylashtirish choralarini koʻrish yoʻnalishida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyati, Bulungʻur tumanida joylashgan “Sherozqalʼa”, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida joylashgan “Qoʻyqirilgan qalʼa”, Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanida joylashgan “Dalvarzintepa”, Andijon viloyati Marhamat tumanida joylashgan “Mingtepa”, Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan “Oqtepa” arxeologiya obyektlarida arxeologik qazuv ishlari uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirildi.

Davlat muzeylaridagi elektron identifikatsiya qilinadigan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari soni oshiriladi. Eslatib oʻtamiz, hozirda davlat muzeylari fondlaridagi muzey ashyolari va kolleksiyalari soni ikki milliondan ziyodni (2 525 023 tani) tashkil etadi, shundan, bir million sakkiz yuz mingdan ortigʻi (1 815 211 tasi) asosiy fondda, yetti yuz oʻn mingga yaqini (709 812 tasi) ilmiy-yordamchi fondda saqlanmoqda, 82 067 tasi muzey ekspozitsiyalarida namoyish qilinmoqda. 2023-yilning 23-noyabr holatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi milliy muzey fondi davlat katalogiga (goskatalog.uz) bir million uch yuzga yaqin (1 281 337 dona) muzey ashyolari va kolleksiyalari kiritildi. Yil yakuniga qadar qoʻshimcha 100 mingga yaqin muzey ashyolari kiritilishi rejalashtirilmoqda.

2023-yil yakuniga qadar davlat muzeylariga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini 3 mln. nafarga yetkazish, 2024-yilda esa tashrifchilar sonini 1 mln.ga oshirib, 4 mln. nafarga yetkazish maqsad qilingan. Shu bilan birga, davlat muzeylari rahbar va xodimlarining malakasini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilib kelinmoqda. Jumladan, 2023-yilda 22 nafar davlat muzeylari rahbar va xodimlarining malakasi oshirildi. 2024-yilda esa 80 nafar davlat muzeylari rahbar va xodimlarining malakasini oshirishni maqsad qilganmiz.

Barchaga maʼlumki, davlatimiz rahbari tashabbuslari va rahnamoliklari ostida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Hech bir soha eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq, xususan, yurtimiz tarixiga oid boy moddiy madaniy merosini chuqur ilmiy oʻrganish va targʻib etish borasidagi loyihalarimiz shaxsan yurtboshimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanib kelinmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda arxeologiya obyektlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish borasidagi ishlar jadallashdi. Xususan, 2023-yilda 70 ta Arxeologiya obyektida ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga, 2024-yilda 110 ta arxeologiya obyektida ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Shu oʻrinda, yurtboshimizning “Islohotlar “qogʻozda” emas amalda boʻlishi kerak” degan soʻzlarini shior qilib olgan holda belgilangan topshiriqlar ijrosini soʻzsiz taʼminlash borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqdamiz. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?