2024-yilda 150 dan ortiq iqlim ofatlari qayd etildi – BMT
BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) hisobotiga koʻra, 2024-yil yer yuzida rekord darajadagi issiq yil boʻldi. Issiqlik toʻlqinlari, suv toshqinlari va kuchaygan dovullar natijasida dunyo boʻylab 150 dan ortiq tabiiy ofatlar yuz berdi. Bu hodisalar millionlab insonlarning hayotiga taʼsir koʻrsatib, minglab uylarga zarar yetkazdi va oziq-ovqat yetishmovchiligiga sabab boʻldi.
Hisobotda aytilishicha, dunyo boʻylab 800 mingdan ortiq kishi tabiiy ofatlar sababli oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlgan. Bu 2008-yildan buyon qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
2024-yilda dunyoning turli hududlarida 151 ta misli koʻrilmagan iqlim hodisalari qayd etildi. Yaponiyada haroratning keskin koʻtarilishi yuz minglab kishining issiqdan jabr koʻrishiga sabab boʻldi. Avstraliyaning Karnarvon shahrida harorat 49,9 darajaga, Eronning Tabas shahrida 49,7 darajaga yetdi. Malida esa mamlakat boʻylab 48,5 darajagacha issiqlik kuzatildi.
Italiyada rekord darajadagi yogʻingarchilik natijasida suv toshqinlari va elektr uzilishlari kuzatildi. Senegal va Braziliyada sel minglab uylarni vayron qildi. Pokistonda esa toʻsatdan yuz bergan suv toshqinlari ekinlarga jiddiy zarar yetkazdi.
Iqlim oʻzgarishi tufayli 2024-yilda dovullar ham misli koʻrilmagan darajada kuchaydi. Filippinga bir oy ichida oltita tayfun urildi. AQSHning Florida shtati tarixida eng kuchli boʻlgan “Helene” dovuli roʻyxatga olindi. Vetnamda esa 3,6 million kishiga taʼsir qilgan “Yagi” super tayfuni sodir boʻldi.
BMT bosh kotibi Antonio Guterres dunyo yetakchilarini iqlim oʻzgarishiga qarshi faolroq choralar koʻrishga chaqirdi. U arzon va toza energiya manbalaridan foydalanish iqlim inqirozini yumshatishi mumkinligini taʼkidlagan.
Tabiatni muhofaza qilish tashkiloti vakili Lyuk Parsonsning fikricha, 2024-yil insoniyat tarixidagi eng issiq yil boʻldi. Biroq olimlar keyingi oʻn yillik yanada issiq boʻlishini taxmin qilmoqda. U iqlim oʻzgarishi tufayli tabiiy ofatlar soni va shiddati yanada ortishini taʼkidlab, global miqyosda islohotlar zarurligini bildirdi.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, soʻnggi yillarda 550 dan ortiq issiqlik toʻlqini, suv toshqini, boʻron va yongʻin global isish natijasida yanada kuchaygan. Shunga qaramay, uglerod chiqindilari hali ham kamaymagan, bu esa iqlim inqirozining yanada jiddiylashishiga olib kelishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring