2022-yilda Oʻzbekiston tarixi muzeyi fondlariga 3229 dona buyum qabul qilindi

17:36 20 Fevral 2023 Madaniyat
1327 0

Foto: Халқ сўзи

Bu haqda AOKAda Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat muzeyi direktori Jabbor Eshonqulov, Oʻzbekiston tarixi Davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, Temuriylar tarixi Davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Hozirgi kunda jamiyat hayotida, xalqni fan va madaniyat bilan yaqindan tanishuvida, ilm-fan va madaniyat rivojida muzeylarning oʻrni tabora oʻsib bormoqda. Soʻngi yillarda respublikamizda muzeylarga boʻlgan eʼtibor yanada oshdi. Dunyodagi barcha xalqlar kabi oʻzbek xalqi ham juda qadim davrlardan buyon xalq ruhiyati, turmush sharoitlarini oʻzida aks ettiruvchi amaliy sanʼat asarlarini yaratib kelgan. Tabiiyki, moddiy madaniyat mahsuli boʻlgan xalq amaliy sanʼat asarlari ijtimoiy hayotning bir bosqichidan ikkinchisiga meros boʻlib oʻtib, avlodlarning beqiyos madaniy boyligiga aylanib boraveradi.

Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi faoliyati haqida:

1943-yildan boshlab muzey Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarkibida faoliyat olib bormoqda.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muzeylarida ilmiy izlanish olib borilishi bilan ularning faoliyati alohida ahamiyatga ega. 2022-yilda Oʻzbekiston tarixi muzeyi ilmiy xodimlari tomonidan jami 158 ta ilmiy maqolalar chop etilgan. Shundan, darslik, qoʻllanma, monografiyalar 8ta, xalqaro ilmiy jurnallarda 24 ta, xalqaro ilmiy konferensiyalarda 35 ta, respublika ilmiy konferensiyalarda 47 ta ilmiy maqolalar chop etilgan. 2022-yilda Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyidan Luvrdagi koʻrgazma uchun arxeologiya fondidan oʻttizdan ortiq, eksponatlar saralab olindi va ulardan 6 dona eksponat hamda Arab dunyosi institutidagi koʻrgazma uchun etnografiya fondidan qirqdan ortiq eksponatlar saralab olindi va ulardan 14 dona eksponat namoyish etish uchun tanlab olindi.

2022-yilda Oʻzbekiston tarixi muzeyi fondlariga jami 3229 dona buyum qabul qilindi. Bularni ichida arxeologiya, numizmatika, etnografiya, tabarruk buyumlar, qurol-aslaha, badiiy asarlar, arxiv va noyob kitoblar mavjud.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining 2022-yil davomida amalga oshirgan ilmiy tadqiqot va faoliyati yuzasidan maʼlumotlar:

Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi OʻzR FA tarkibidagi ilmiy-tadqiqot va madaniy-maʼrifiy muassasa hisoblanadi. FA tarkibida 1968-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. U matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, folklorshunoslik, arxivshunoslik sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boruvchi hamda Oʻzbekiston xalqlarining moddiy va maʼnaviy boyliklarini saqlab (qoʻlyozma, bosma kitoblar, arxiv hujjatlari), nodir ashyolar (rang-tasvir namunalari, kartinalar, xalq hunarmandchiligi namunalari, ijodkorlarga tegishli noyob buyumlar)ni ekspozitsiya orqali namoyish va targʻib qiluvchi ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasadir.

Adabiyot muzeyining asosiy ilmiy –tadqiqot ishlari muzey fondida saqlanayotgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimizning qoʻlyozmalarini ilmiy tadqiq etish, ularning ilmiy-tanqidiy matnlarini yaratish, shular asosida elektron kataloglar tayyorlash va noyob qoʻlyozmalarning faksimil nashrlarini amalga oshirish;

Muzey fondlari va eksponatlarini mamlakatimiz va xorijdagi oʻzbek folklori va adabiyoti bilan bogʻliq turli hujjatlar, eksponatlar va boshqa ashyolar bilan muntazam ravishda boyitib borish;

oʻzbek adabiyotini targʻib qilgan shoir va olimlar tavalludi, oʻzbek adabiyoti tarixi bilan bogʻliq muhim sanalarni nishonlash boʻyicha respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlar oʻtkazish, oʻzbek adabiyotini tadqiq qilgan respublikamiz va xorijlik taniqli olimlar ishtirokida seminarlar, xalqaro anjumanlar tashkil qilishdan iborat. Muzey qoʻlyozmalar fondidagi 300 ta toshbosma kitoblar va arxiv fondidagi 1000 ta hujjat ilmiy tavsiflandi.

Oʻtgan 2022-yilda Muzey 4 ta xalqaro, 2 ta respublika anjumaniga mezbonlik qildi. Muzeyda oʻndan ortiq adabiy kecha, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, talaba va magistrlarga ochiq darslar tashkil etildi.

Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi davlatlardagi muzey va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Muzey arxiv fondiga Oʻzbekiston sanʼat arbobi, taniqli yozuvchi Omon Muxtorning shaxsiy arxivi qabul qilib olindi. 2022-yil davomida muzey olimlari tarafidan 85 ta ilmiy va ilmiy-ommabop maqola (shundan 7 tasi xorijda, shundan WoS va Scopus bazasiga kiritilgan jurnallarda 2 ta), ilmiy anjumanlar toʻplamlarida 31 ta (shundan 28 tasi xalqaro anjuman toʻplamlarida) maqola va tezis shaklidagi maʼruzalar nashr qilindi; respublika miqyosidagi anjumanlarda 9 ta maʼruza bilan ishtirok etishdi.

Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi Davlat muzeyi faoliyati haqida maʼlumot:

OʻzR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy yoʻnalishining asosini Amir Temur va Temuriylar davri tarixi, madaniyati va ilm-fani rivojining yetakchi yoʻnalishlariga bagʻishlangan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, Temuriylar davri tarixiga oid manbalarni toʻplash boʻyicha respublika va chet ellarda izlanish ishlarini olib borish; Amir Temur va temuriylarning jahon fani madaniyatiga qoʻshgan ulkan hissasini koʻrsatib beradigan asl hujjatlar, qoʻlyozmalar, moddiy-maʼnaviy yodgorlik va topilmalar asosida oʻzbek xalqi tarixini yorituvchi doimiy hamda vaqtinchalik ekspozitsiya va koʻchma koʻrgazmalar tashkil etish, moddiy va madaniy yodgorliklarni ilmiy-amaliy oʻrganish hamda muzey ekspozitsiyalarini yaratishdan iboratdir. Shu sababli muzey ilmiy faoliyati “Temuriylar davri renessansi” deb nomlangan umumiy mavzu asosida olib boriladi. 2022-yil davomida muzey fondiga 1880 ta eksponat qabul qilindi. Ulardan 1833 dona tanga, 25 ta sopol buyumlar, 1 ta vaqf yorligʻi, 11 meʼmoriy qoplama asosiy fond (KP) ga va 10 dona ashyo yordamchi fondga (VF) kiritildi.

2022-yilning may-iyun oylarida OʻzR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi restavrator-katta ilmiy xodimi, arxeolog D.Normurodov Qashqadaryo viloyati, Yakkabogʻ tumanidagi “Amir Muhammad (Barloslar) maqbarasi” yodgorligida arxeologik tadqiqotlar oʻtkazildi. Olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topilgan 12 dona ashyolar Temuriylar tarixi davlat muzeyi fondiga qabul qilindi.

2022-yilda muzey ilmiy xodimlari tomonidan 5 ta monografiya, 1 ta tarixiy xarita, 5 ta risola, 2 ta buklet, ilmiy jurnalda 19 ta maqola (7 tasi xalqaro nashrda), konferensiya toʻplamlarida 72 ta maqola (55 ta xalqaro konferensiya) nashr etilgan va konferensiyada 69 ta (54 ta xalqaro konferensiya) – maʼruzalar qilindi. 2022-yilda qilingan eng ulkan loyihalardan biri Luvr muzeyida (Fransiya) Oʻzbekiston muzey ashyolari koʻrgazmasiga tayyorgarlik ishlari olib borildi. 2022-yilning 7-12-noyabr kunlari muzeyning Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida tashkil etilayotgan koʻrgazma uchun tanlab olingan eksponatlarni muzey xazinasidan Parij shahriga olib borildi. Eksponatlarni montaj ishlarida muzey ilmiy xodimlari ishtirok etishdi. 2022-yilning 23-noyabr kuni Fransiyaning Parij shahridagi Arab dunyosi institutida tashkil etilgan “Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari” koʻrgazmasida muzeyning eksponatlari 6 ta zardoʻz choponi namoyishga qoʻyildi. Shuningdek, Luvr muzeyida tashkil etilgan “Oʻzbekiston vohalarining xazinalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasidan muzey xazinasida saqlanayotgan bronza kashkul ham oʻrin oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?