Davlat byudjeti: Pandemiya xarajatlari va ijro koʻrsatkichlari qanday bo'ladi?

13:49 16 Noyabr 2020 Siyosat
518 0

Ayni paytda parlament quyi palatasi deputatlari Davlat byudjetining 9 oylik ijrosi hamda “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi va Byudjetnomani dastlabki tarzda koʻrib chiqishni boshladilar. Muhokamalarda asosiy eʼtibor hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar, iqtisodiy koʻrsatkichlar, tahlillar va natijalarga qaratilmoqda. Muxbirimizning Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi Sharofiddin NAZAROV bilan suhbati shu xususda boʻldi.

— Sharofiddin Hakimovich, maʼlumki, joriy yil uchun Davlat byudjeti ilk bor qonun sifatida qabul qilindi. Ushbu Qonunning oʻtgan 9 oydagi ijrosida qanday oʻziga xos jihatlar koʻzga tashlanmoqda?

— Eng avvalo, shuni eʼtirof etmoqchimanki, Prezidentimiz boshlab bergan islohotlarda, iqtisodiyot sohasida tub oʻzgarishlar aynan byudjet-soliq sohasida amalga oshirildi va oʻzining samarasini bera boshladi, desak toʻgʻri boʻladi.

2020-yil uchun qonun koʻrinishida qabul qilingan Davlat byudjetining 9 oylik ijrosining ahamiyatli jihatlari toʻgʻrisida toʻxtaladigan boʻlsak, eng avvalo, Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomalarida byudjet mablagʻlarining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni yana-da kuchaytirish borasidagi aniq vazifalariga eʼtibor qaratishimiz kerak. Bunda byudjet ijrosini nafaqat tarmoqlar va sohalar, balki har bir vazirlik va idoralar kesimida chuqurroq tahlil qilish, bu boʻyicha mutasaddilarning doimiy axborotlarini eshitib borish talab etiladi. Bundan tashqari, byudjet xarajatlari ustidan nazoratni kuchaytirishda birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan ichki audit tizimini faollashtirish va masʼuliyatini oshirish lozim.

Davlat byudjeti ijrosining avvalgi yillardan yana bir farqli jihati shundaki, byudjetni qonun loyihasi sifatida shakllantirish va ijrosini muhokama qilish jarayonida shaffoflikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratilayotganidadir. Shuning uchun ham taqdim etilgan Davlat byudjetining 9 oylik ijrosida byudjet daromadlari va xarajatlaridan tashqari birinchi darajali byudjet taqsimlovchilari, byudjetdan tashqari jamgʻarmalar, Davlat byudjetining hududlar kesimidagi ijrosi, berilgan soliq imtiyozlari, soliq toʻlovlari dinamikasi, boqimanda qarzdorlik, ortiqcha toʻlangan soliq summalariga oid maʼlumotlar taqdim etilmoqda. Natijada Davlat byudjetining har choraklik ijrosi deputatlar tomonidan chuqur, mazmunli va qizgʻin muhokama qilinmoqda. Mana shu muhokama jarayonlarida deputatlarda yangi byudjet loyihasi boʻyicha aniq taklif va tavsiyalar tugʻilmoqda. Ushbu taklif va tavsiyalar yil yakunini kutib oʻtirmasdan, umumlashtirilib, tegishliligicha Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, shuningdek, boshqa vazirliklarga doimiy ravishda kiritib borilmoqda.

Byudjetni qonun koʻrinishida qabul qilish va ijrosini taʼminlashning yana bir muhim jihati shundaki, ushbu jarayonda mahalliy Kengashlarning roli va mustaqilligi borgan sari oshib borayotir. Ular tomonidan soliq va byudjet siyosatiga doir taklif va tavsiyalarning aksariyati muhokama qilinayotgan loyihada aksini topayotgani diqqatga sazovor. Bundan 4-5 yil oldingi davr bilan solishtirsak, byudjet loyihasi tayyorlanayotganda mahalliy hokimiyatlar byudjet daromadlari va xarajatlari boʻyicha taklif ham berolmasdi, bersa ham hech kim uni inobatga olmasdi. Hozir vaziyat tubdan oʻzgarganligini 2021-yil uchun Davlat byudjeti qonun loyihasining 3 bobida yaqqol koʻrishimiz mumkin. Ushbu bobda byudjetlararo munosabatlarni tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari toʻliq ochib berilgan.

— Bilamizki, ayni paytda Davlat byudjetining 9 oylik ijrosi hamda 2021-yil uchun Davlat byudjeti qonun loyihasi muhokamaga tayyorlanmoqda. Ushbu jarayon haqida toʻxtalib oʻtsangiz.

— Darhaqiqat, ayni paytda Davlat byudjeti loyihasini Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar fraksiyalari va masʼul qoʻmitada muhokama qilish borasida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Xalqaro tajriba hamda byudjetni qonun koʻrinishida shakllantirishning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, deputatlarga infografika koʻrinishida materiallar tayyorladik. Bundan tashqari, seminar-trening tashkil qilyapmiz. Shuningdek, deputatlar byudjet ijrosi bilan birgalikda yangi qonun loyihasini oʻrganib chiqishi va tahlil qilishi uchun maxsus uslubiy qoʻllanma ishlab chiqdik.

Deputatlar uchun respublikaning har bir shahar va tumanlarining iqtisodiy va moliyaviy salohiyatiga oid amaliy qoʻllanma tayyorlab, tarqatildi. Mahalliy byudjetlarga jalb etilgan qoʻshimcha daromadlarni oqilona taqsimlash boʻyicha joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni hisobga olgan holda mahalliy Kengashlarga uslubiy qoʻllanma ishlab chiqildi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti misolida qoʻllab koʻrildi. Ayni paytda qoʻmitamiz tomonidan Byudjet boshqarmasi bilan birgalikda joylarda mahalliy byudjetga qoʻshimcha jalb etilgan daromadlarning 10 foizini aholi taklif va talablaridan kelib chiqqan holda taqsimlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tajriba tariqasida oʻrganilmoqda.

— Koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo iqtisodiyoti misli koʻrilmagan darajada zarar koʻrdi. Bizning iqtisodiyotimizga, qolaversa, Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishga pandemiya qanday taʼsir koʻrsatdi?

— Pandemiya oqibatlarini hisobga olgan holda, xalqaro moliya institutlarining prognozlariga koʻra, 2020-yilda jahon iqtisodiyoti oʻrtacha 4-4,5 foiz atrofida qisqarishi kutilmoqda. Pandemiyaning asoratlari Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi. Shunga qaramasdan 2020-yilning 9 oyligi yakuniga koʻra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 foizga oʻsdi. Yil yakuniga kutilayotgan oʻsish darajasi bundan yuqoriroq boʻlishiga yetarlicha imkon bor. Bunga joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida qishloq xoʻjaligi (3,4 foizga oʻsish), qurilish ishlari (8,6 foiz), isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish (2,3 foiz) va boshqa bir qancha soha va tarmoqlardagi ijobiy dinamika asos boʻla oladi.

Pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramasdan, joriy yil 9 oylik Davlat byudjeti daromadlari 94 457,2 mlrd. soʻmni tashkil etib, aniqlashtirilgan prognoz koʻrsatkichlari 102,9 foizga bajarilganligini koʻrishimiz mumkin. Shunga koʻra, Davlat soliq qoʻmitasi boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichlari 1 966,5 mlrd. soʻm ortigʻi bilan (102,8 %) bajarilgan.

Davlat byudjetining 2020-yil 9 oylik xarajatlari davlat maqsadli jamgʻarmalarini hisobga olmagan holda 94,5 foizga ijro etilgan yoki byudjet xarajatlari YAIM ga nisbatan 25,0 foizni tashkil etdi. Byudjet tashkilotlarining qariyb 33,6 trln. soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari hamda 7,1 trln. soʻmlik ish haqiga nisbatan ajratmalari oʻz muddatlarida toʻliq moliyalashtirib berilgani muhim ahamiyatga ega.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 53 685,3 mlrd. soʻm yoki umumiy xarajatlarning 52,5 foizi miqdorida mablagʻ sarflangan. Bu xarajatlar YAIM ga nisbatan 13,1 foizni tashkil etdi. Ushbu xarajatlarning 84,0 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari hissasiga toʻgʻri keldi. Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari uchun ajratilgan mablagʻlarning 29,1 trln. soʻmi yoki qariyb 64,5 foizi ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirildi. Ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan taʼlim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 21 638,8 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, pandemiya sharoitida byudjet mablagʻlari hisobidan ijtimoiy sohalarni toʻlaqonli faoliyatini moliyaviy taʼminlab berish Prezidentimiz tashabbusi bilan bundan 3-4 yil oldin boshlangan keng qamrovli soliq va moliya tizimini isloh qilishning ijobiy natijalari sifatida qarash mumkin.

— Sizningcha, pandemiya sharoitida sogʻliqni saqlash borasida qoʻyilgan maqsadlarga qay darajada erishildi?

— Sogʻliqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori 13 638,5 mlrd. soʻm yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3 069,7 mlrd. soʻmga (29,0 foiz) koʻp mablagʻlar ajratilgan. Yoʻnaltirilgan mablagʻning jami Davlat byudjeti xarajatlaridagi ulushi 13,3 foizni (2019-yilda 12,2 foiz) tashkil etdi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz Prezidenti va Hukumat qarorlariga asosan tasdiqlangan sogʻliqni saqlash sohasiga doir Davlat dasturlari va markazlashgan tadbirlarga joriy yilning 9 oyligida 431,1 mlrd. soʻm ajratilib, shundan 424,0 mlrd. soʻm (98%) mablagʻ oʻzlashtirilgan. Shuningdek, mazkur hujjatlar ijrosi doirasida tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda koronavirus boʻyicha epidemiologik vaziyat yomonlashuvining oldini olishga qaratilgan kechiktirib boʻlmaydigan zaruriy tadbirlar olib borilmoqda.

Sogʻliqni saqlash sohasiga hozirda yuzaga kelgan pandemiya sharoitida tasdiqlangan byudjet mablagʻlaridan tashqari Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan ham mablagʻlar yoʻnaltirilgan. Jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy markazlariga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarga jami 2 440,3 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan.

Albatta, pandemiyaga qarshi koʻrilgan kompleks chora-tadbirlar va ularni oʻz vaqtida moliyaviy mablagʻlar bilan taʼminlash yil boshida ushbu sohani rivojlantirish, aholi sogʻligʻini saqlash hamda sogʻlom turmush kechirishi borasida qoʻyilgan maqsad va vazifalarga erishish imkonini beradi.

— Davlat byudjetining 9 oylik ijrosi hamda 2021-yilga Byudjetnoma muhokamasida deputatlik korpusining yondashuvi qanday boʻlmoqda? Qanday masalalarga koʻproq eʼtibor qaratilyapti?

— Yuqorida aytganimdek, deputatlarimizning koʻproq eʼtiborini tortadigan jihat — bu byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish masalasidir. Bu bejizga emas. Chunki Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2020-yilning 9 oyligida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan 129,1 mlrd. soʻm byudjet intizomi buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlangan, shundan 96 mlrd. soʻmi (74%) byudjetga tiklanishi taʼminlangan.

Bunday holatlar hisobot davrida eng koʻp Xalq taʼlimi, Sogʻliqni saqlash, Maktabgacha taʼlim vazirliklari tizimida aniqlangan.

Bundan tashqari, hozirgi kunda dolzarb boʻlgan Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlarning sarflanishida koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan tibbiyot muassasalarida 70,7 mlrd. soʻmlik xato va kamchiliklar, amaldagi qoidalarga rioya etmaslik holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan.

Byudjetni shakllantirish va ijrosini taʼminlashda deputatlar koʻp eʼtibor bera boshlagan masalalardan yana biri bu — natijadorlik. Bu borada byudjet tizimida endigina aniq chora-tadbirlar koʻrila boshladi, desak toʻgʻri boʻladi. Buning uchun byudjet tizimida “Natijaga yoʻnaltirilgan byudjet”ni shakllantirish va ijrosini taʼminlashda jiddiy oʻzgarishlar qilinishi kerak. Shuni hisobga olgan holda deputatlarimizda Moliya vazirligi va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralarga koʻplab savollar boʻlishi, tabiiy.

Yana bir muhim masalalardan biri bu — Davlat investitsiya dasturiga ijtimoiy sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlardir. Deputat — xalq vakili. Shu tufayli elektoratni qiynaydigan gaz, ichimlik suvi, elektr taʼminoti, yoʻllar, bogʻcha, maktab va sogʻliqni saqlash masalalari 9 oy yakunlari boʻyicha ham, shuningdek, 2021-yil uchun Davlat byudjeti qonuni loyihasining muhokama markazida boʻlishi, tabiiy.

Bu muhokamalardan pirovard maqsad — faqat yutuqlarni eʼtirof etish emas, balki yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni aniqlash, ularni keltirib chiqarayotgan omillarning tub mohiyatiga yetish, bulardan toʻgʻri xulosalar chiqarishdir. Koʻrib, kuzatayotganingizdek, muhokamalar tanqidiy ruhda oʻtmoqda. Albatta, Davlat byudjetining 9 oylik yakuni boʻyicha deputatlar xulosalari Davlat byudjetining yangi loyihasini sifatli tayyorlashga zamin boʻlishiga shubha tugʻdirmaydi.

Ziyoda ASHUROVA suhbatlashdi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?