200 kVt·soat limit oshirilmaydi — Energetika vazirligi

14:44 09 Iyul 2024 Siyosat
384 0

Foto: Energetika vazirligi

2024-yil 1-maydan joriy qilingan elektr energiyasi isteʼmolining 200 kVt·soat oylik bazaviy meʼyori aholining eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda. Ushbu holatni oʻrganib chiqqan Energetika vazirligi rasmiy bayonot bildirib, yaqin istiqbolda isteʼmolchilarga qoʻllanilayotgan oylik 200 kVt·soatgacha boʻlgan bazaviy meʼyor miqdori oshirilishiga asos mavjud emasligini taʼkidladi.

Vazirlik oʻrganishlariga asoslanib quyidagilarni maʼlum qilgan:

1) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarori bilan joriy yil 1-maydan boshlab, maishiy isteʼmolchilarga elektr energiyasi uchun bir oylik isteʼmolning “bazaviy meʼyorlari” tasdiqlangan.

2) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan tahlillarga koʻra, 2024-yilda respublika aholisi tomonidan jami 21,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi isteʼmol qilinishi rejalashtirilgan. Shundan, yil davomida oʻrtacha oylik isteʼmoli 200 kVt·soatgacha boʻlgan isteʼmolchilar jami abonentlarning 60 foizini tashkil etadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda elektr energiyasi isteʼmoli yil davomida keskin oʻzgarmasligini inobatga olib, yil davomida bir xil bazaviy meʼyor joriy qilingan.

Shuningdek, vazirlikning bildirishicha, hozirgi vaqtda 1 kVt·soat elektr energiyasining tannarxi 895 soʻmni (QQS bilan 1 002 soʻmni) tashkil etadi. Aholiga yetkazib berilayotgan har bir kVt·soat elektr energiya uchun bazaviy meʼyor doirasida 552,4 soʻm, 201 kVtdan 1000 kVt·soatgacha esa 102,1 soʻm davlat tomonidan har bir isteʼmolchiga qoplab berilmoqda.

Qayd etilishicha, 1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari 741,93 soʻmni, transportirovka xarajati 57,8 soʻmni, taqsimlash va sotish xarajatlari 202,4 soʻmni tashkil etadi. Bunda, davlat 200 kVtgacha elektr energiyasi isteʼmol qilgan aholi (isteʼmolchilarning 71 foizi) uchun 447,0 milliard soʻm, 201-1 000 kVtgacha elektr energiyasi isteʼmol uchun 30,2 milliard soʻm qoplab bermoqda.

“Tahlillarga koʻra, joriy yil iyun oyida 71 foiz aholi 200 kVtgacha elektr energiyasi isteʼmol qilganligi aniqlandi. Bundan koʻrinadiki, isteʼmolchilarning 71 foizi belgilangan limit doirasidan chiqmagan”, deyiladi xabarda.

“Xalqimizni uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash bosh maqsadimiz hisoblanadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?