20 baravardan 50 baravargacha jarima yoki 10 sutkagacha qamoq: Huquq-tartibot xodimlari videolarini obroʻsizlantirish maqsadida tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanadi
Oliy Majlis Senatining navbatdagi yigʻilishida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 1952-moddasi batafsil muhokama qilinib, muhim oʻzgartirishlar kiritildi. Ushbu modda orqali yoʻl harakati xavfsizligini oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qoidalar takomillashtirildi.
Yangi modda fuqarolarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto va video tasvirga tushirish hamda ushbu tasvirlarni tarqatish huquqini saqlab qoladi. Shu bilan birga, oldingi tahrirdan farqli ravishda, ijtimoiy tarmoqlarga oddiy foto yoki videotasvirlarni joylashtirganlik uchun javobgarlik belgilanmagan.
Modda faqatgina xodimlarning tasvirini ularni obroʻsizlantirishga olib keladigan tarzda notoʻgʻri talqin qilish, harakatlari va holatni montaj qilish orqali notoʻgʻri maʼlumot tarqatishni taqiqlaydi. “Bu oʻzgartirishlar xodimlarning obroʻsini saqlashga va vazifalarini toʻgʻri bajarishlariga xizmat qilishi kutilyapti”, deyiladi xabarda.
Mazkur moddaning jarima sanksiyalari qayta koʻrib chiqildi. Belgilangan jarima miqdori avvalgi qatʼiy 50 barobardan 20 baravardan 50 baravargacha boʻlgan diapazonda belgilandi. Maʼmuriy qamoq muddati esa 15 sutkadan 10 sutkagacha qisqartirildi, sudya holatdan kelib chiqib, undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin.
Yangi modda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xodimlarning xizmat vazifalari davomida olingan tasvirlarni obroʻsizlantiruvchi tarzda tarqatish, shu jumladan internet orqali keng ommaga tarqatish uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilaydi. Bu oʻzgarishlar orqali xodimlarning huquqlari himoya qilinadi, shu bilan birga, fuqarolarning asosiy erkinliklari ham cheklanmaydi.
Senatorlarning fikriga koʻra, ushbu oʻzgartirishlar yoʻl harakati ishtirokchilarining madaniyatini oshirishga, qoidalarga rioya qilishni kuchaytirishga va yoʻl-transport hodisalarining kamayishiga xizmat qiladi. Muhokamalar yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring