141 nafar yosh “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatiga aylandi

19:39 17 Oktyabr 2021 Jamiyat
1626 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 3-stipendiya tanlovi gʻoliblariga sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olganlar tanlovda gʻolib boʻlgan yoshlarga ulkan ishonch bildirildi.

Taʼkidlash lozimki, tanlovning birinchi bosqichida respublikaning barcha hududidagi nomzodlardan yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda hujjatlar qabul qilindi.

Tanlovning ikkinchi bosqichi suhbat shaklida tashkil etilib, nomzodlarning xorijda taʼlim olishdan koʻzlagan maqsadi, olgan bilimlarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari, maʼnaviy-axloqiy tafakkuri, sogʻlom dunyoqarashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni bilishi, tanlagan mutaxassisligi boʻyicha bilim hamda koʻnikmalari darajasini aniqlashga eʼtibor qaratildi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Vasiylik kengashining tegishli qaroriga muvofiq, tanlov ishtirokchilarining 141 nafari “Jamgʻarma stipendiati” deb eʼtirof etildi.

Endi ushbu stipendiatlarning 56 nafari bakalavriat, 67 nafari magistratura va 18 nafari doktorantura taʼlim dasturlari boʻyicha dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida oʻz bilim hamda koʻnikmalarini oshiradi.

Xususan, ularning 42 nafari AQSH, 52 nafari Buyuk Britaniya, 11 nafari Italiya, 15 nafari Rossiya, 3 nafari Germaniya, 2 nafari Fransiya, 2 nafari Yaponiya va yana 14 nafari dunyoning boshqa rivojlangan davlatlariga taʼlim olishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?