Hindistonning Maxarashtra shtati yurtimiz bozorlarini mango va banan bilan taʼminlaydi
Foto: “Xalq soʻzi”
Shu kunlarda Hindistonning Maxarashtra shtati delegatsiyasi mamlakatimizda mexmon boʻlib turibdi. Delegatsiya aʼzolari Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida boʻlib, oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan birga mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan hindistonlik ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar oʻtkazishdi.
Delegatsiya aʼzolari poytaxtimizda mango va banan bayramini oʻtkazishdi. Unda Hindistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Maxarashtra shtati qishloq xoʻjaligi marketingi tashkiloti, Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi vakillari ishtirok etishdi. Anjumanda taʼkidlanganidek, Maxarashtra shtati Hindistonda yetishtiriladigan meva-sabzavotning 75 foizini taʼminlaydi. Ayniqsa, mango va banan mahsulotlari shtat eksportida muhim oʻrin tutadi. Yaqin paytgacha Maxarashtra mango va banan mahsulotlarini AQSH, Yevropa Ittifoqi, Avtraliya, Yangi Zelandiya, Britaniya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilgan boʻlsa, endi ular safidan Oʻzbekiston ham oʻrin olmoqda.
— Hindiston Oʻzbekistonga banan, mango, soya va guruch eksport qilishga ruxsat oldi, oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar esa Hindiston bozoriga uzum, olxoʻri va gilos yetkazib bera oladi, — deydi Hindistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat. — Bu esa mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-sotiq aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi. Oʻzbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgani bois hozirda 1200 dan ziyod hindistonlik tadbirkor mamlakatingizda turli yoʻnalishlarda oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan. 2022-yilda ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 700 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, mango va banan mahsulotlari eksportiga ruxsat berilishi bilan bu raqam 1 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda.
Tadbir davomida Maxarashtra shtati qishloq xoʻjaligi marketingi tashkiloti rahbari Dipak Shinde boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari mango va banan mahsulotlari koʻrgazmasini tashkil etishdi.
Hindistonning gʻarbiy darvozasi nomi bilan tanilgan Mumbay (Bombey) shtatning poytaxti sanaladi. Mamlakatning uchinchi yirik shtati —Maxarashtra Hindistonning iqtisodiy yetakchisi sanaladi. Mumbayda yirik hind banklarining qarorgohi, sugʻurta va moliyaviy kompaniyalar, dunyoga mashhur Bollivud kinostudiyalari joylashgan.
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring