Buxoroda maktabgacha taʼlim qamrovi salkam 90 foizga yetishi kutilmoqda

11:01 28 Sentyabr 2022 Jamiyat
1027 0

Foto: Xalq so‘zi

Ilmiy kuzatish va tadqiqotlar natijasida inson oʻz hayoti davomida oladigan barcha maʼlumotning yetmish foizini besh yoshgacha boʻlgan davrda ongu shuuriga singdirib ulgurishi aniqlangan. Darhaqiqat, bu davrda inson bolasi dunyoni anglaydi, oʻz ona tilini oʻzlashtiradi, ota-ona, oila, mahalla, Vatanga mehri uygʻonadi, umr davomida oladigan bilimlarga zamin hozirlaydi. Bunda, eng avvalo, oila asosiy rol oʻynaydi.Shu bilan birga maktabgacha taʼlim muassasasining hissasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois mamlakatimizda aynan maktabgacha taʼlim uzluksiz taʼlim tizimining ajralmas boʻlagiga, taʼbir joiz boʻlsa, uning debochasiga aylangan.

Mulohazalarimizni Buxoro viloyati misolida davom ettiradigan boʻlsak, ayni paytda vohada 1756 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud. Shundan, 451 tasi davlat, 84 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosidagi, 1197 tasi oilaviy, 24 tasi xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlari hisoblanadi. Maktabgacha taʼlim yoshdagi bolalar qamrovi 80,6 foizni tashkil etmoqda. Viloyatda nodavlat, yaʼni oilaviy va uy-bogʻchalar tashkil etish, umuman, bolajonlarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga koʻtarishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda davom etmoqda. Shunga koʻra, 2022-yil yakuni boʻyicha maktabgacha taʼlim qamrovi 89,6 foizga yetishi kutilmoqda. Bu sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish yoʻlidagi ezgu saʼy-harakatlarning amaldagi samarasidir.

Albatta, maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari sonini yanada oshirish va ular koʻrsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor boʻldi. Shu bilan birga, olib borilgan tahlillar bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrovini taʼminlash, maktabgacha taʼlim muassasalarini zamonaviy oʻquv-metodik materiallar va badiiy adabiyotlar bilan toʻldirish, sohaga malakali pedagog va boshqaruv kadrlarini jalb qilish masalalarini hal etish zarurligini koʻrsatmoqda.

Bu borada Buxoro davlat universiteti Maktabgacha taʼlim kafedrasi ilmiy-pedagogik jamoasi tomonidan bir qator xayrli tashabbuslar ilgari surilmoqda. Jumladan, kafedra qoshida tashkil etilgan “Munozara-debat”, “Pedagog-terapevt”, “Tadqiqotchi talaba”, “Ijodkor tarbiyachi”, “Nutq oʻstirish”, «MTTlarda zamonaviy boshqaruvchi», “Kreativ tarbiyachi”, «Zamonaviy tarbiyachi imidji» kabi toʻgaraklarda talabalarning fanlarga boʻlgan qiziqishlari va ijodiy imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishga sharoit yaratilgan.

Albatta, amaliyot boʻlmasa, nazariyaning nafi kam. Shu bois pedagogik amaliyot davrida amaliyotchi-talaba tajriba toʻplashi uchun taʼlim muassasasining shart-sharoiti va ichki tartib qoidalariga moslashishi, pedagogik jamoa bilan yaqindan tanishishi uchun imkoniyat yaratib berilmoqda. Chunki endi bogʻchalar band ota-onaning farzandlari uchun kunni kech qiladigan oddiy dargoh emas, balki taʼlim va tarbiyaning birlamchi boʻgʻini hisoblanadi. Ushbu muassasada qoʻyilgan poydevor mustahkam boʻlmogʻi lozim. Oʻz navbatida taʼlim muassasasi ham boʻlgʻusi pedagogning nazariy tayyorgarligi, saviyasi, salohiyati bilan tanishib, oʻz tavsiyalari bilan kadrlar tayyorlashdek jarayonga bevosita jalb etilmoqda. Eng muhimi, bunda uzoq yillar hukm surgan, “mana senga hujjatlaring, istagan joyingda amaliyotingni oʻtab kel”, degan “qora anʼana”ga barham berilib, “Ustoz-shogird” tizimi asosida talabada oʻziga ishonch mustahkamlanadi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlarni hisobga olgan holda bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir boʻlgan maktabgacha taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlari shakllanadi.

Shuningdek, jarayonda maktabgacha taʼlim muassasalarini milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob oʻqishga qiziqishni uygʻotuvchi oʻquv-metodik, didaktik materiallar,oʻyinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash ham dolzarb vazifa sanaladi.

Nafisa Hamroyeva,

Buxoro davlat universiteti Maktabgacha taʼlim kafedrasi oʻqituvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?