Majburiy tibbiy sugʻurtaga oid qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda

09:15 21 Noyabr 2018 Jamiyat
3402 0

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi vakillari navbatdagi yigʻilishida keyingi yilda majburiy tibbiy sugʻurta toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ishlab chiqilishini maʼlum qildi.

Bu nima bilan bogʻliq va u qanday samaralar keltiradi?

Maʼlumki, oʻtgan yilda sogʻliqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirish, aholini sifatli dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni amalga oshirish ustidan qatʼiy parlament nazoratini oʻrnatish vazifasi parlament quyi palatasi zimmasiga yuklatilgan edi. Bu boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrildi. Xususan, joriy yil boshida Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. Palatada ixtisoslashtirilgan ilmiy markazlar rahbarlarining axboroti eshitildi. Avgust oyida joylarda xalq deputatlari Kengashlarining sogʻlom turmush tarzi va sogʻlom ovqatlanishni targʻib qilish boʻyicha sessiyalari oʻtkazildi, tegishli qarorlar qabul qilindi. Biroq sohada kutilgan natijalar koʻrinmayapti, parlament nazorati imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayotgani koʻzga tashlanmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 noyabr kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishidan soʻng, parlament quyi palatasi deputatlik korpusi sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarning borishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligi haqida qaror qabul qildi.

— Biz, deputatlar hududlarga borganimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi, tuman markaziy shifoxonalarining moddiy-texnika bazasi va malakali kadrlar bilan taʼminlanish darajasi bugungi kun talabiga javob bermasligiga guvoh boʻlmoqdamiz, — deydi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Mavluda Xoʻjayeva. — Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida roʻyobga chiqarilayotgan ishlarda ham kamchiliklar koʻp. Joriy yilning toʻqqiz oyida respublika boʻyicha 108 ta onalar oʻlimi qayd etilgani, ayniqsa, bu koʻrsatkich Samarqand (14 ta) va Surxondaryo viloyatlarida (14 ta) yuqoriligicha qolayotgani achinarli holdir. Shu yilning toʻqqiz oyida qariyb 5 mingga yaqin bir yoshgacha bolalar oʻlimi yuz bergan. Bu koʻrsatkich Andijon (615 ta), Namangan (539 ta), Xorazm (340 ta) viloyatlarida yuqoriligicha qolmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan mutasaddi rahbarlarga ushbu salbiy holatlar sabablarini puxta oʻrganish, tanlov asosida xizmat tekshiruvlarini tashkil etish va tahlil qilish, zarur hollarda, natijalarini huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish vazifasi topshirildi. Bu borada fraksiya aʼzolari ham oʻz saylov okruglarimizda aholi oʻrtasida keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishimiz maqsadga muvofiq.

Deputatning fikricha, ayrim hududlarda yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash ishlari ham qoniqarli emas. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida gepatit, oʻpka sili bilan kasallanish soni respublika boʻyicha 20 foizgacha kamaygan boʻlsa-da, baʼzi joylarda salbiy koʻrsatkichlar mavjud. Prezident topshirigʻi bilan yil yakuniga qadar Qashqadaryo viloyatidagi 18 yoshgacha boʻlgan bolalarni virusli gepatitning “A” turiga qarshi emlash uchun 10 mlrd. soʻm ajratiladigan boʻldi.

Yigʻilishda, shuningdek, yaqin istiqbolda mazkur sohani yanada izchil rivojlantirish, 2025 yilgacha yurtimizda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan yangilash konsepsiyasining ishlab chiqilishida fraksiya aʼzolari faol ishtirok etishi, aniq takliflar kiritishi muhim vazifa ekani taʼkidlandi. Ayni chogʻda majburiy tibbiy sugʻurta toʻgʻrisidagi qonun va qonunosti hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish masalasida fraksiya aʼzolari tegishli vazirlik va idoralar, soha xodimlari, olimlar ishtirokida davra suhbatlari oʻtkazish, mazkur masalada xalqaro tajribani puxta oʻrgangan holda maxsus ishchi guruhiga oʻzining tegishli takliflarini taqdim etishga kelishib olindi.

Kun tartibidagi barcha masala yuzasidan fraksiyaning aniq pozitsiyasi belgilab olindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ziyoda ASHUROVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер