Yuqumli kasalliklardan oʻlim koʻrsatkichlari kamaymoqda

12:21 08 May 2022 Jamiyat
1374 0

Avvallari aholi, ayniqsa, bolalar oʻrtasida turli yuqumli kasalliklardan oʻlim koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan. Chunki ular qator xavfli infeksiyalarga qarshi emlanmagan.

Bugungi kunda esa oʻgʻil-qizlarning hayotiga zomin boʻlgan bunday xavfli xastaliklarning oldini olish imkoni bor.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boʻlim rahbari Dilorom Tursunova bilan suhbatimizni shu mavzuda davom ettirdik.

— 2000-yilgacha oʻgʻil-qizlarimiz 6 turdagi infeksiyaga qarshi emlangan xolos, — deydi D. Tursunova. — 2001-yildan hozirgi vaqtga qadar yana 7 turdagi vaksina profilaktik emlash kalendariga kiritilib, ular soni 13 taga yetkazildi.

Ana shu vaksinalarning aksariyati bola bir yoshga toʻlgunicha qoʻllaniladi. Masalan, 2001-yildan beri 1 sutkalik chaqaloqlar virusli gepatit Vga qarshi VGV vaksinasi bilan emlanadi.

2000-yilgacha difteriya, qoqshol va koʻkyoʻtalga qarshi faqat AKDS vaksinasi qoʻllanilgan. Keyinchalik profilaktik emlash kalendariga oʻzgartirish kiritilib, 2, 3 va 4 oylik chaqaloqlarni Penta-1, Penta-2 hamda Penta-3 kombinatsiya qilingan vaksinalari bilan emlash yoʻlga qoʻyildi.

Qolaversa, ilgari 5 yoshgacha boʻlgan bolalar virusli diareya kasalligi tufayli ham nobud boʻlar edi. Bu kasallikni rotavirus infeksiyasi keltirib chiqarishi aniqlangach, unga qarshi vaksina ham yaratilib, 2014-yilda profilaktik emlash kalendariga kiritildi.

Hozir bolalar 2, 3 va 4 oyligida tegishli ketma-ketlikda Rota-1, Rota-2, Rota-3 vaksinalari bilan emlanmoqda. Natijada oʻgʻil-qizlar oʻrtasida virusli diareya kasalligidan oʻlim holatlari kuzatilgani yoʻq.

2018-yilda pnevmakokk kasalligiga qarshi bola 2, 3 va 12 oylik boʻlganida qoʻllaniladigan Pnevmo-1, Pnevmo-2, Pnevmo-3 vaksinalari profilaktik emlash kalendariga kiritildi.

Shu yili 2, 3, 4 va 16 oylik bolalarni poliomiyelitga qarshi vaksina bilan emlash ham joriy qilindi.

Bolalar 12 oylik vaqtida qizamiq, parotit va qizilchaga qarshi KPK-1, olti yoshligida esa KPK-2 vaksinalari bilan emlanadi.

Milliy emlash kalendariga 2019-yildan bachadon boʻyni saratoniga qarshi qoʻllaniluvchi OPV vaksinasi ham kiritildi. Har yili 9 yoshli 350 ming nafardan ortiq qizlar ushbu vaksina bilan emlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер