Yoshlar bilan ishlashda yangicha boshqaruv mexanizmlari joriy etildi

17:37 22 Fevral 2022 Jamiyat
2846 0

Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash masalasi hamisha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelgan. Bu borada keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar, ularning ehtiyojlari va manfaatlariga eʼtibor, ayniqsa, yangicha tus oldi.

Yoshlarga eʼtiborning tobora kuchayib borayotgani bejiz emas, albatta. Chunki yurtimizda yoshlar Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning markaziy manbai sifatida qaralyapti. Bugungi yigit va qizlar moddiy ishlab chiqarish jarayoni xarakteri, iqtisodiy taraqqiyot moʻljallarini aniqlash, jamiyatni boshqarish xarakteri, hokimiyat va siyosiy soha tabiatiga taʼsir oʻtkazish, ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishga, jamiyatdagi maʼnaviy-ruhiy vaziyatni shakllantirishga qodir boʻlgan ijtimoiy-demografik kuchdir.

Biroq yoshlar bunday ahamiyatli ijtimoiy vazifalarni bajaradigan qudratga aylanishi uchun jamiyatda, avvalo, ular bilan ishlashning zamonaviy va samarali tizimi mavjud boʻlmogʻi darkor.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, davlatimiz rahbarining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” qarori dolzarbligi hamda ijtimoiy ahamiyati bilan tavsiflanadi.

Mazkur qarorda toʻrt asosiy maqsad nazarda tutiladi:

— yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish;

— ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish;

— yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish;

— taʼlim muassasalaridagi maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirish.

Ushbu maqsadga erishish uchun Oʻzbekistonda yoshlar bilan ishlash tizimining eng muammoli nuqtasiga diqqat qaratilmoqda. Mahalla yigit va qizlarini qamrab olishning oʻziga xos mexanizmi vujudga keltirilyapti. Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimining joriy etilishini ana shunday baholash mumkin.

Mazkur ishlarning boshlanish nuqtasi sifatida “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilinishini alohida taʼkidlash joiz.

Joriy yil boshidan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi taʼsis etildi.

Hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi kreditlar, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Jamoat ishlari jamgʻarmasi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, “Ayollar daftari” jamgʻarmasi, “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, oʻzini oʻzi band qilish va ish bilan taʼminlash uchun ajratiladigan subsidiyalar berish ishlari boshlandi.

Hokim yordamchilari tizimining joriy qilinishi, mamlakatimizda kambagʻallikka qarshi kurashishga qaratilgan siyosatda keskin burilish yasaydi. Davlatning markaziy darajada qabul qilgan islohotlari hokim yordamchilari yordamida avvalo, viloyatlar, tumanlar qolaversa, mahallalar darajasiga olib kiriladi.

Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, hokim yordamchilari bu Prezidentning mahallalardagi vakili boʻlib, ular har kuni aholi bilan ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilayotgan moliyaviy imkoniyatlarni yetkazishi, qolaversa, tadbirkorlik va dehqonchilikka oʻrgatish orqali kambagʻallikdan chiqishiga xizmat qiluvchi insondir.

Aholining eng quyi qatlamlari bilan ishlab, ularning muammolari yechimi bilan shugʻullanuvchi va oʻsha yerda davlat siyosatini yuritadigan siyosat olib borish koʻzda tutilgan.

Birgina Xitoy davlatini misol qiladigan boʻlsak, aholining kambagʻallikda hayot kechiruvchi qatlamini kambagʻallikdan olib chiqish uchun hokim yordamchilari tizimiga oʻxshash tizim joriy qilindi. Ushbu tizim doirasida 3 mln.dan ortiq yuqori malakali kadrlar aholining quyi qatlamlari orasida yurib, dardini oʻrganib mamlakatning qariyb 800 mln. aholisini kambagʻallik chegarasidan olib chiqdi. Bunday misollar jumlasiga Koreyadagi “Yangi qishloq” dasturini ham keltirish mumkin.

Shu bois mamlakatimiz rahbari tomonidan har bir hokimga har kuni kamida bitta yangi ish oʻrni yaratish vazifasi belgilab berildi. Bir oyda kamida 30 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Buni amalga oshirishda tadbirkorlik bilan shugʻullanish niyati mavjud boʻlgan aholiga tadbirkorlikni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar beriladi va yoʻl-yoʻriq koʻrsatiladi.

Tadbirkorlik bilan shugʻullanish niyati mavjud boʻlmagan aholi uchun oʻsha mahallada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari yoki yangi ochilayotgan tashkilotlardan ularga ish oʻrni topib berishi zarur hisoblanadi. Qisqacha qilib aytganda bandlikni oshirishga katta eʼtibor qaratilgan.

Bu hali hammasi emas. Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan — “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” qarori bilan yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlari joriy etilmoqda.

Qarorda yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan mahalladagi yoshlar yetakchisining asosiy vazifalari aniq belgilab berildi.

Yetakchilar oʻziga biriktirilgan mahallalarda faoliyatini madaniyat va sanʼatni targʻib qilish, sogʻlom turmush tarzi va sportni ommalashtirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, maʼnaviyat hamda kitobxonlikni targʻib qilish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish, tadbirkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash kabi asosiy yoʻnalishlarda amalga oshiradi.

Har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishgan mamlakat boʻyicha eng ilgʻor 100 nafar yetakchi bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Shuningdek, faoliyatini samarali tashkil etgan, oʻzining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna boʻlgan yetakchilar “Yangi Oʻzbekiston islohotchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi.

Yetakchilarning madaniyat va sanʼatni targʻib qilish, sogʻlom turmush tarzi hamda sportni ommalashtirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda huquqiy savodxonlikni oshirish, tadbirkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlaridagi faoliyatlarining vazifalari belgilab berilayotgani ularning saʼy-harakatlarini aniq mazmun bilan boyitadi.

Bundan tashqari, yetakchilarning hokim yordamchilari, faxriylar, boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlashi koʻzda tutilgani mamlakatimizdagi yoshlar bilan ishlash boʻyicha ijtimoiy mexanizmga yaxlitlik va tizimlilik bagʻishlamoqda.

Qarorning eʼtiborni tortadigan yana bir jihati shundaki, uning bilan elektron reyting tizimi joriy etilmoqda. Ushbu tizim mahallada yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlarini kunlik amalga oshirish holati, tadbirlarda mahalladagi yoshlarni toʻliq qamrab olinganlik darajasi, “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalarini raqamlashtirish darajasi, xorijda yurgan mahalla yoshlari bilan yaqindan aloqaning yoʻlga qoʻyilganligi asosida shakllantiriladi.

Bunday yondashuv mahalla yetakchilari faoliyatini aniq mezonlar asosida baholab borish, mavjud muammolarni jadal aniqlash va bartaraf etish, yetakchilar faoliyati samaradorligini muntazam takomillashtirish imkonini yaratadi.

Umuman, mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga davlat siyosati darajasida qaralayotgani, davlatimiz rahbari oʻz nutqlarida yoshlar bandligini taʼminlash haqida qayta-qayta toʻxtalayotgani ham bejiz emas. Zero, yoshlar bizning asosiy tayanchimiz va suyanchimiz. Ular puxta bilim hamda daromad manbaiga ega boʻlsa, yurt taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshadi, jamiyat rivoji uchun xizmat qiladi.

Xusniddin JOʻRAYEV,

Fargʻona davlat universitetining

Tarix fakulteti dekani, tarix fanlari boʻyicha

falsafa doktori (PhD).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер