Fotosayohat: Oʻzbekiston yoʻllari boʻyida nimalar sotilmoqda?
![](https://xs.uz/images/item.jpg)
“XALQ SOʻZI ONLINE”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. “Qovunni Sirdaryodan olamiz, asalni Jizzaxdan, kartoshkani esa Bulungʻurdan”.
Deylik, Toshkentdan Samarqand tomon joʻnagan oila roʻzgʻor yoki sovgʻa uchun ana shunday yoʻl-yoʻlakay bozor qilish rejasini tuzib olishi mumkin. Binobarin, masofa qancha uzoq boʻlsa, mahsulotlar assortimenti ham shunchalik kengayib boraveradi.
Masalan, “M-39” (Toshkent — Termiz) xalqaro avtoyoʻlining Sirdaryo viloyati hududidagi qismida qovun, anor, baliq xarid qilish mumkin. Yana yaqinda Mirzaobod tumanida tuya suti bilan savdo qiladigan doʻkon ham ish boshladi.
Soʻngra Jizzax dovonida qurt va asal sotadigan shahobchalar bor. Gʻallaorolning Zargar qishlogʻida esa maxsus tokchalarga marjondek terilgan asl Baxmal olmalari peshvoz chiqadi.
Bulungʻurda mashinaningiz yukxonasiga kartoshka joylashtirishingiz mumkin boʻlsa, Samarqand shahrining har bir ostonasida oʻsha mashhur kuhna kent nonlari eʼtiboringizni jalb etadi.
Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida oʻzbekona goʻja va ayron taklif qilishadi.
Qashqadaryo tomonlarda esa yoʻl ustida qadimiy taom- tandir goʻshtdan tatib koʻrish imkoniyati bor.
Zomin togʻlariga chiqsangiz, albatta, qozon patir, echki qurti va shifobaxsh giyohlardan olmay qaytmang.
Oʻsha hududga xos milliy kiyim boshlar — choʻgirma va kamzul (chakmon)lar Qorqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl tumanidan oʻtuvchi yoʻl chetidagi bozorda sotiladi.
Xorazm viloyatidagi Yangibozor — Gurlan yoʻnalishida sotiladigan, shu yerlarda oʻsadigan qoratol novdalaridan toʻqilgan savatchalar ham oʻtgan-ketganlarning sevimli anjomiga aylangan.
Fargʻona viloyatidagi Bagʻdod — Rishton yoʻlining ikki tomonida toʻrnaqator kulolchilik mahsulotlariga koʻzingiz tushsa, bilingki, siz oʻsha mashhur Rishton kulollari istiqomat qiladigan hududdan oʻtib borayapsiz.
Fargʻona — Quva oraligʻida qadimiy usulda tayyorlangan anor va oʻz mavsumida boshqa joyda uchramaydigan shotut sharbatidan ham tatib koʻring. Bogʻ qilmoqchi boʻlsangiz, izlab oʻtirishga hojat yoʻq: quvaliklar oʻzlari yetishtirgan sarxil meva tuguvchi neki daraxt bor, barchasining niholini ana shu yoʻl ustiga olib chiqishadi.
Qoʻqon — Buvayda orasida harakalanayotgan boʻlsangiz, Oqqoʻrgʻon qishlogʻida bir zum toʻxtab anjir yeb keting.
Hatto, Bagʻdod yoʻlida yana bir roʻzgʻor uchun zarur anjom — supurgi ham xarid qilish mumkin.
“Qoʻqon patir”ni esa “Huqandi latif”ning dovon sari yurishdagi ostonasidan oling. Masalan, ogʻizda yogʻdek eriydigan ushbu neʼmat yana kerak boʻlsa, patir oʻrtasiga qarang, ismi-yu telefon raqamigacha yozilgan. Yaʼni xalqona reklama, deylik, eng mashhuri boʻlgan “Akmal patir...”.
Ha, Oʻzbekiston yoʻllari boʻylarida har bir hududning oʻziga xos “brend”lari oʻz aksini topgan. Bu albatta, xalqimizning yaratuvchilik salohiyati yuqoriligi va ona — zaminimizning beqiyos sahovatidan dalolatdir. Ayni chogʻda, yoʻl boʻylaridagi ayrim betartib savdo holatlari markazlashtirilgan bozorlar holiga keltirilsa, bu yoʻlovchilar uchun ham, sotuvchilar uchun ham birdek qulay boʻlar edi. Masalan, Sirdaryo viloyatida soʻnggi yillarda paydo boʻlgan qovun bozorlari kabi rastalar qurilsa, ayni muddaodir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring