Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan tabrikladi

13:04 29 Iyun 2021 Siyosat
726 0

29-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Suhbatda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqotlar tufayli Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzaro savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish borasida birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi. Hamkorlik boʻyicha yangi loyihalarni ilgari surishda Hukumatlararo komissiya alohida oʻrin tutishi qayd etildi.

Yetakchilar joriy yilda Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini tashkil etish masalalariga alohida toʻxtaldilar. Boʻlajak koʻp tomonlama tadbir dasturini puxta tayyorlashga kelishib olindi.

Prezidentlar xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashib, Afgʻonistondagi, jumladan, ushbu mamlakat shimoliy chegaraoldi hududlaridagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek iliq, doʻstona va ishchan ruhda oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер