Oʻzbekiston Prezidenti Turkiya delegatsiyasini qabul qildi

20:21 28 Iyun 2021 Siyosat
829 0

28-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat Oktayni qabul qildi.

Ikki mamlakat amaliy hamkorligini yana-da kengaytirish hamda yetakchi korxona va kompaniyalarning yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston-Turkiya doʻstlik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarida oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqot tufayli erishilgan bugungi darajani yuksak baholadi.

Oʻz navbatida, vitse-prezident Fuat Oktay iliq qabul uchun Oʻzbekiston yetakchisiga minnatdorlik bildirdi hamda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Turkiya kompaniya va investorlarining mamlakatimizdagi faoliyatiga koʻrsatilayotgan katta koʻmak uchun alohida minnatdorchilik bildirildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanish surʼati va pandemiya oqibatlarini yengib oʻtish borasida koʻrilayotgan choralar alohida taʼkidlandi.

Xususan, yil boshidan turli darajalardagi almashinuv va muloqotlar faollashdi, oʻzaro savdo hajmi va qoʻshma investitsiya loyihalari soni muttasil ortib bormoqda. Bugun boʻlib oʻtgan qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning tadbirlari va biznes vakillari ishtirokidagi ishbilarmonlik dasturi yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Toshkent shahrida oʻtadigan Strategik hamkorlik kengashi ikkinchi yigʻilishining kun tartibini har tomonlama tayyorlash muhim ekani taʼkidlandi. Bular, eng avvalo, tovar ayirboshlash hajmi va kooperatsiya koʻlamini oshirish, Preferensial savdo toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilish, qoʻshma sanoat zonasini tashkil etish, Turkiyaning ilgʻor tajribasi, bilim va texnologiyalarini faol jalb qilgan holda raqamlashtirish, taʼlim va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi dasturlarni ilgari surish masalalaridir.

Mintaqaviy sheriklik va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер