Hammasi avvalgi holiga qaytishiga ishonmayman, ishongim kelmaydi — jurnalistlar bugungi jurnalistika haqida

Bugun 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Bugun jurnalistlar kasb bayrami boʻlish bilan birga soha oldida turgan muammolar, erishilgan yutuqlar, mavjud kamchiliklarni tahlil qilishga undaydigan kun.
“Xalq soʻzi” jurnalistika sohasida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan, axborot tarqatish va uni tahlil qilish jarayonida old saflarda borayotgan bir nechta jurnalistlarning bugungi jurnalistika haqidagi fikrlari bilan qiziqdi. Suhbatdoshlarimiz oʻzlarining jurnalistning boshqalardan ajralib turadigan jihatlari, kasb faoliyatini bajarish vaqtida boʻlgan bosim, tahdidlar, hozirgi oʻzbek jurnalistikasidagi muammolar, ularni eng koʻp tashvishlantiradigan yoki xursand qiladigan jihatlar haqidagi fikrlarini bildirdi.
Karim Bahriyev — jurnalist, shoir, tarjimon va media huquqi mutaxassisi:
Keyingi oʻttiz yil ichida oʻzbek matbuoti nimalarga erisha oldi? “Erishilgan”lardan kim koʻproq manfaat koʻrdi?
Oʻttiz yil oldin Oʻzbekiston mustaqillikka erishdi. Matbuot haqidagi gapni yana ham avvalroqdan boshlash kerak. Ana shu mustaqillikka erishish uchun “qayta qurish” davrida matbuot katta xizmat qildi, erk kunlarini yaqinlashtirdi. Shoʻrolarning zulm saltanati oshkoralik tufayli quladi, imkon paydo boʻlishi bilan millatlarning ziyolilari matbuotda tarix qatlamlarini ochdilar, milliy oʻzlikni va milliy tillarini talab qildilar, dinlariga va madaniyatlariga sohib chiqdilar. Natijada koʻzi ochilgan xalqlar yagona mahbusxonada yashashni istamay qoldilar va oʻz mustaqilliklarini birin-ketin eʼlon qildilar. 1990-yil 20-iyunda Oʻzbekiston parlamenti Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildi.
Shundan keyingi tarixga kelsak, bugun oʻtgan chorak asrga haqqoniy baho berilmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu davrni “qoʻrquv davri” deb atadi: “U davrlar boshqacha edi. Qancha jim yursang, shuncha yaxshi edi…Bizlar qoʻrquv davrida yashagandik”.
Oʻtgan oʻsha davrga qarasak, matbuot bilan bogʻliq bir qonuniyatni koʻramiz. Dastlabki yillarda 1990-1994-yillargacha koʻp yaxshi ishlar qilindi – Konstitutsiya va besh yuzga yaqin qonunlar oshkora muhokamalar asosida qabul qilindi, Prezidentlik taʼsis etildi va real muqobillar asosida saylov oʻtkazildi, parlamentda hurfikrlik va matbuotda oshkoralik hukm surdi, bozor iqtisodiga oʻtish, madaniy dunyoga integratsiyalanish uchun harakatlar boshlandi. Dastlabki parlamentda hamma masalalar oshkora muhokama etilar, xalqda ham bir koʻtarinkilik hukmron edi.
Biroq asta-sekin yana maʼmuriy-buyruqbozlik tizimi oʻzini mustahkamlab oldi, haqiqatni ayta oladigan kuchlar qatagʻonga uchradi, qamaldi yoki yurtni tark etdi, ommaviy axborot vositalari endi ommaviy targʻibot vositalariga aylantirildi. Shaxsga sigʻinish vaziyati qaror topdi, yurtboshini maqtash, madhiyabozlik avjiga chiqdi, tanqid qilinsa, faqat “mustaqilligimizni koʻra olmaydiganlar”, “iqtisoddagi yutuqlarimizga hasad qiluvchilar”, xorijda yurgan “vatan xoinlari” tanqid qilinardi. Bularning bari Qodiriy, Choʻlpon, Behbudiylarni qatagʻon qilgan Stalin davrini yodga solardi. Eʼtibor qiling: matbuot gung va kar holatga solingach, osongina siyosiy “yakdillik” sharoiti yuzaga keltirildi hamda iqtisod ham inqirozga yuz tuta boshladi, korrupsiya avj oldi, bugun xorij banklaridan qaytarishga urinayotganimiz milliardlab dollarlar oʻshanda oʻmarilgandi, hatto dehqonlarga nima ekib, kimga sotishni ham davlat rejalashtiradigan va hosil yigʻim-terimini prokuratura va militsiya nazorat qiladigan qiladigan maʼmuriy iqtisod yuzaga keldi...
Xayriyat, 2016-yil soʻngida yangi siyosiy, maʼmuriy, iqtisodiy islohotlar vaʼdasi bilan mamlakat rahbarligiga Shavkat Mirziyoyev keldi va islohotlar soʻz erkinligidan boshlandi.
Tanqid hech kimga yoqmasligi kunday ravshan. Ammo jurnalistdan hamma koʻproq tanqidni kutadi. Aslida tanqid kimga koʻproq kerak: jurnalistgami, u chiqayotgan nashrgami yoki jamiyatga?
Tanqid – agar tuzum huquq ustuvor boʻlgan, adolatli va demokratik tuzum boʻlsa, hamma uchun foydalidir.
Haqiqatni yozish jurnalistga foyda, chunki u avvalo oʻz kasbining sharafini oqlaydi, oʻz nomusi va orini yuksakka koʻtaradi va xalqqa ham, Xoliqqa ham maqbul ishni qiladi.
Haqiqatni chop etish, takror aytamiz, agar tuzum demokratik va adolatli boʻlsa, nashrga ham foydali, chunki uning haqiqiy obunachilari, muxlislari koʻpayadi, natijada reklama beruvchilari koʻpayadi daromadi oshadi. Dostoyevskiy: “Pul – chop etilgan ozodlik”, - degan. Boyning ovozi balandroq chiqishi shundan. Aslida bobomiz Zamaxshariy: “Gʻaq soʻzlaganning ovozi arslon oʻkirishidan ham koʻra shiddatlidir”, deganlar.
Haqiqatni oʻqish, tafakkur qilish, muammolarning ildiziga yetish va yechimlarni topish – jamiyatga ham foydalidir, turli-tuman fikrlarsiz tafakkur oʻladi, iqtisod inqirozga uchraydi, maʼnaviyat parokanda boʻladi.
Matbuot rasman emas, faqat qogʻozlardagina emas, real hayotda boshqa uchta hokimiyat bilan boʻylasha oladigan chinakam toʻrtinchi hokimiyat boʻla olishiga ishonish mumkinmi? Buning uchun nima qilmoq kerak?
Matbuot, ommaviy axborot vositalari Konstitutsiyamizni jiddiy oʻqigan va tafakkur qilgan inson uchun haqqoniy toʻrtinchi hokimiyatdir. Bilasiz shunday kasblar borki, yuz minglab, millionlab insonlar u bilan shugʻullanadi, lekin ularning kasb-kori Konstitutsiyada tilga olinmagan. Konstitutsiyada Prezident va Vazirlar Mahkamasi, Sud va kuch ishlatar tizimlari hamda Ommaviy axborot vositalari alohida institutlar tarzida tilga olingan. Ommaviy axborot vositalariga alohida bob bagʻishlangan. Nari borsa, mingta atrofida OAV boʻlsa va ularda besh-oʻntadan odam ishlasa, besh yo oʻn ming kishining faoliyati Konstitutsiyaga kirgan. Ikkinchi tomondan, jurnalistika xuddi shifokorlik va muallimlik kabi ijtimoiy kasbdir, adolat va haqiqat uning oʻzagi boʻlishi shartligidan kelib chiqib, unga Konstitutsiyaviy institut maqomi berilgan.
Yangi Oʻzbekistondagi yangi islohotlar davrida ommaviy axborot vositalari yana oʻz vazifasini halol bajarishga taraddudlanmoqda. “Toʻrtinchi hokimiyat” istilohiga kelsak, uch hokimiyat nima qiladi: qonun chiqaruvchi hokimiyat – davlat va jamiyat faoliyatiga asos boʻladigan qonunlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi, ijro hokimiyati va xalq shu qonunlar asosida ishlaydi, yashaydi va faoliyat yuritadi, sud hokimiyati davlat mansabdorlari va xalqning qonunlarni buzgan hollariga hakamlik qiladi va jazo beradi. “Toʻrtinchi hokimiyat” – ommaviy axborot vositalari esa bu uchta hokimiyat va jamiyatning hayotini shaffoflashtiradi, ularning oʻz vazifalarini amalga oshirishlariga koʻmaklashadi, kamchiliklarini oshkor qiladi, muammolarining yechimi saylovlarda qatnashganda, tafakkur bilan ovoz berishi uchun jamoatchilik fikrini shakllantiradi. Matbuotning hokimiyati – xalq fikriga taʼsir oʻtkaza olish kuchidadir.
OAVning toʻrtinchi hokimiyatga aylanishi qator omillarga bogʻliq.
Eng avvalo, siyosiy iroda kerak. Bu iroda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilmoqda va qayta-qayta daʼvat etilmoqda. Agar bu siyosiy iroda boʻlmaganda, bugungi aytilayotgan haqiqatlarga imkon boʻlarmidi?!
Ikkinchidan, OAV qonunlar takomillashuvi lozim. Masalan, tuhmat va haqorat degan jinoyatlarni gʻayrikriminallashtirish taklifi amalga oshishi kerak. Bu qonunbuzarliklarning maʼmuriy va fuqarolik kodekslarida boʻlishi yetarlidir. Soʻz uchun, fikr uchun qamoq jazosi boʻlishi mamlakatda fikr erkinligiga hech qachon yoʻl bermaydi. Biror bir taraqqiy qilgan, madaniy xalqda va davlatda bunday modda mavjud emas, u faqat avtoritar va totalitar davlatlarda qolgan. Uni mansabdorlar tanqiddan qoʻrqqani uchun ushlab turadi va xalqqa esa shunday deydi: “Nahotki, sizga gazetada yoki internetda tuhmat yo haqorat qilishsa va jazosiz qolsa?!” Avvalo, jazosiz qolmaydi – maʼmuriy va fuqarolik kodekslariga koʻra jazolanadi, jarima toʻlaydi, OAV yopilishi mumkin, qolaversa, OAV qonunchiligiga koʻra yolgʻon maʼlumotlar raddiya qilinadi va fikrlarga javob bera oladi. Faqat soʻz uchun qamoq jazosi boʻlmaydi, xolos. Agar bir jurnalist soʻzi uchun qamalar ekan, qolgan minglab jurnalistlar tanqiddan tiyiladi, jim oʻtirishni yoki maqtashni afzal koʻradi. Maqtov esa “tiz choʻkib qilinadigan qaroqchilikdir”.
Uchinchidan, OAV menejmenti bozor iqtisodi sharoitiga oʻtishi kerak. Qonunchilikka koʻra, istalgan sohaga sarmoya kirita olasiz, lekin OAV sohasida chegara bor, nizom jamgʻarmasida xorij sarmoyasi 30%dan oshmasligi kerak, bevosita biror matbuot xorijdan mablagʻ jalb eta olmaydi, avval “umumiy oʻra”ga – Fondga tushishi kerak va u kimga berishni hal qiladi. Sarmoyador esa muayyan, aniq loyihaga pul beradi. Koʻryapsizki, matbuot sohasi bozor iqtisodining raqobat sharoitiga kira olmaydi. Tushunaman, bu cheklovlar avvalgi Shavkat Mirziyoyev aytgan “qoʻrquv davri”dan qolgan. Jamoatchilik fikriga xorij taʼsir oʻtkazmasin deyilgan. Biz endi adolatli va halol ish yuritsak, nimadan qoʻrqamiz?!
Toʻrtinchidan, aynan xalqning oshkora fikrlashi va ongli qarorlar qabul qilishi – haqiqiy barqarorlik va xavfsizlikning asosidir. Ongsiz olomon – xavfsizlikning dushmanidir.
Soʻnggi uch-toʻrt yilda oʻzbek matbuotida ancha jonlanish sezilayotgan edi. Biroq gazetalarda yana oʻsha “ura-ura” materiallar koʻpayib qolgani, saytlardan ayrim materiallarni imi-jimida olib qoʻyish holatlarini nima bilan izohlaysiz?
Koʻryapmizki, soʻz erkinligining bor-yoʻqligi mamlakatdagi adolatning bor-yoʻqlini belgilaydigan omildir. Agar soʻz erkinligi boʻlsa, iqtisod ham rivojlanadi, korrupsiya ham jilovlanadi. Lekin haqiqatni yozadigan jurnalistlar, blogerlar yana taʼqibga olina boshlansa, “oʻzimizga xos va oʻzimizga mos yoʻlimiz” boshlanadi – korrupsiya, turgʻunlik va zulm avj oladi, dunyo yana bizga yovvoyi qabilaga qaragandek qaray boshlaydi, ijobiy jozibamizdan asar ham qolmaydi, reytinglarda yaqindagina oldinga chiqayotgan yerimizga, Afrika zanjilari qatoriga qaytamiz.
Biz boshdan kechirayotgan davrning oʻziga xosligi shundaki, jamiyatda yangi islohotlar tarafdorlari va hammasini avvalgi holiga qaytarish harakatidagi eski kuchlar kurashmoqda. Bu eski kuchlar pastdan to eng yuqorigacha mavjuddir. Gazetalarda yana oʻsha “ura-ura” materiallar koʻpayib qolgani, saytlardan ayrim materiallarni imi-jimida olib qoʻyish holatlari shundan dalolatdir. Saytlardan bu xabarlarning bitta-yarimtasi yoʻqolsa, uni qoʻygan biror dadillik qilgan muharrirning qoʻrqoqligi bilan izohlasak boʻlardi, lekin ularning birdaniga hammasidan olib tashlanishi masalaning anchayin kuchli shaxslar tomonidan olishga majburlanganini bildiradi. Lekin mamlakat rahbarining siyosati senzura emas, ochiqlikdir.
2020-yil 3-iyun kuni qashshoqlikni kamaytirishga bagʻishlangan videokonferensiyada Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uni mintaqalarda olib borilayotgan islohotlar uchun maqtamaslikni soʻradi. 2020-yilga moʻljallangan davlat byudjetida 410,5 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgan Milliy teleradiokompaniya raisi Alisher Xadjayevga murojaat qilib: “Menga «Prezident shunday qildi”, – deb maqtashga hojat yoʻq. Islohotlar natijasida odamlarning dunyoqarashi oʻzgaradi, qiziqish paydo boʻladi, “yer meniki” hissi paydo boʻladi. Islohotlarni shunchaki maqtov emas, balki amalda namoyish qiling», – dedi. Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, mamlakatda ijobiy oʻzgarishlar prezident tufayli emas, balki islohotlar va qonunlarning ishlashi tufayli roʻy beradi: “Sizga bir narsa aytishdan qoʻrqaman, siz darhol prezidentni maqtay boshlaysiz. Buning barchasi prezident tomonidan emas, islohotlar, qonun asosida amalga oshirilishini aytdim”.
Oradan uch kun oʻtib, Oʻzbekiston Prezidenti davlat agentliklari va davlatdan taʼminlanadigan yaltoqi teleradiojurnalistlariga qarata 6-iyun kuni Fargʻona shahrida boʻlib oʻtgan faollar yigʻilishida “maqtovlar kerak emas”ligini taʼkidladi: «Men qisqa, sizlar koʻproq gapirsalaringiz toʻgʻri boʻladi. Maqtov kerak emas. Prezidentga eng katta maqtov boʻlib boʻlgan — bu xalq ishonchi. Hali endi birinchi qadamlarni qoʻyyapmiz. Kelib, qarsak eshitib ketish mengayam oson. Lekin bundan natija boʻlmaydi... Achchiq-achchiq masalalarni qatʼiy qoʻyinglar».
Shu gaplardan soʻng ham tanqidga, oshkoralikka, haqqoniy muhokama va muloqotlarga yoʻl bermaydigan rahbarlarning tafakkurida (agar fikrlasa) shunday xayollar boʻlsa kerak: yo u asli qoʻrqoq, yo biz bilgandan koʻra koʻproq narsani biladi. Qadimgi zamon faylasufi Ksenofont: “Rost gapirganim, tanqid qilganim uchun koʻp balolarga uchradim, lekin maqtaganim uchun hech pushaymon boʻlmadim”, - degan. Bu uning kinoyasidir.
Prezident tanqid qilinglar, “achchiq-achchiq masalalarni koʻndalang qoʻyinlar”, “maqtov kerak emas” deb turganda, yana maqtashda davom etadigan OAV rahbarlarining qilmishini, fikratini shunday izohlash mumkin:
Birinchidan, u shunday fikrda: “Davlat rahbari bu chiroyli gaplarni gapirgani bilan ich-ichidan oshkoralikni istamaydi, men uning gaplariga emas, ichki istagiga boʻysunaman va shu tufayli lavozimimda uzoq qolaman!”
Ikkinchidan: yoki: “Prezident balkim soʻz erkinligini istaydi, biz tanqid qilib koʻrdik, lekin uning atrofida oʻtirganlar darhol burnimizni yerga ishqab qoʻyishdi, ularning qoʻli uzun va ular koʻproq xabardor. Koʻzimga qarab yurishim kerak!” U oʻnlab tanqidi tufayli yopilgan gazetalarni, ishidan ayrilgan bosh muharrirlarni, yuzlab haq soʻzi uchun qatagʻonga uchragan jurnalistlarni va blogerlarni misol qilib keltiradi, yana minglab maqtagani uchun oʻrnidan jilmay oʻtirgan nashr va ommaviy axborot vositlari rahbarlari va xodimlariga ishora qiladi.
Uchinchidan, yoxud: “Maqtasam, bitta davlat rahbariga yoqmasman, lekin minglab uning amaldorlariga yoqaman, davlatni aslida ana shu jim yurib, zimdan ishini yuritayotgan kuchlar tasarruf qilmoqda va ularga boʻysunsam, adashmayman!”
Men bu fikrlarning qay birida jon borligini bilmayman va, balkim, bilishni istamayman. Men Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Jamoat nazorati va ommaviy axborot vositalari erkinligi masalasida ortga qaytish boʻlmaydi”, - degan soʻzlariga ishonaman, bir kuni korrupsionerlar va monopolistlar uni egib olishiga va hammasi avvalgi holiga qaytishiga ishonmayman, ishongim kelmaydi. Bu – romantika emas, balkim, soʻnggi imkoniyatdir.
Shu ishonch bilan tanqidiy maqolalarni yozdim, yozyapman va yana yozaman. Aks holda shu maqolani ham yozmasdim.
Norgul Abduraimova — Oʻzbekiston milliy axborot agentligi jurnalisti:
Jurnalistlik kasblar ichida eng oson koʻrinadigani, ammo eng qiyini, mening nazarimda. Chunki har qanday kasb egasi oʻz ishiga nuqta qoʻyib, xotirjam dam olishi mumkin. Jurnalist esa dam olayotganda ham miyasining bir burchagi ishlashda davom etadi. Bugungi ishlarim tugadi, endi biroz dam olaman, degan oʻyda u koʻchaga chiqdi deylik. Yoʻlda nimagadir guvoh boʻladi va u fikran yana ishlay boshlaydi... Demak, jurnalist – befarq boʻlmagan odam.
Toʻgʻri, bu xususiyat boshqa kasb egalarida ham bor. Biroq, boshqalar biror voqea ustidan chiqsa, unga oʻsha lahzada munosabat bildirishi va oʻtib ketishi mumkin. Jurnalist esa voqea joyida qoladi...
Boshqalarning dardini his qilish, shu dard bilan yashash, uni yengillashtirish yoki bartaraf etish uchun kurashish kabi jarayon esa chinakam jurnalistika. Bu faqat odamlar bilan emas, sohalar, jamiyat va hokazolar bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin.
Kasbiy faoliyatim 90 yillardagi uygʻoq jurnalistika bilan bogʻliq. Oʻsha vaqtda chiqqan “qaynoq” gazetalar – tanqidiy chiqishlar, bahsli, munozarali maqolalarni oʻqib, shulardan ilhomlanib maqolalar yozishga kirishganman. Ammo oʻqishni tugatib, ish boshlaganimda jurnalistika allaqachon kishanlangan edi. Korrektor sifatida ish boshlab, tayyor sahifalarni senzuraga olib tushardim... Senzura xodimiga qovogʻimni solib qarab, isyonimni namoyon qilardim.
Gazetalardagi inqirozli yillar boshlanganda olti oylab maosh olmagan kunlarimiz boʻldi. Aynan shu holat tufayli davlatga qarashli tashkilotda ishlashga qaror qildim. Huquq sohasida qalam tebratib, odamlarga huquqlarini tushuntirishga, oʻz huquqi uchun qanday kurashish kerakligi haqida yozishga koʻproq harakat qildim. Maqolalarimni koʻtarib, huquqiy idoralarda yurgan odamlarni uchratganimda maʼlum maʼnoda maqsadimga yetayotganimni his qilardim.
Faqat men emas, butun jurnalistika katta bosim ostida faoliyat yuritgani barchaga maʼlum.
Keyingi bir necha yilni jurnalistikaning yangi uygʻonish davri, deb atagan boʻlardim. Erkin ijod qilish, bemalol tanqid qilish, muammolarni koʻtarib chiqish imkoniyati boshqalar qatori menga ham katta ilhom berdi.
Bugungi jurnalistikadagi asosiy muammo – sohani faqat oddiy axborot egallab borayotgani. Tahririyatlar ham jurnalistga koʻproq axborot berish (plan toʻldirish) talabini qoʻyayotgani, axborot xizmatlari rivojlanib, hammayoqni axborot bilan toʻldirib tashlayotgani jurnalistikaning saviyasini ham, muhim maqsadidan ham chalgʻita boshladi, nazarimda. Jurnalistga izlanishga imkon kamayib bormoqda.
Axborot xizmatlari rivojlantirilgani bir qarashda yaxshi. Endi axborot izlab qiynalayotganimiz yoʻq. Biroq, ular oʻzi istagan axborotni berib, axborot maydonini manipulyatsiya qila boshlagani yaxshi emas.
Jurnalistikadan koʻra axborot xizmatlariga har taraflama koʻproq urgʻu berilayotgani, yaʼni shart-sharoit taʼminlanayotgani yaxshi jurnalistlarni sohadan uzoqlashtirayotgani ham sir emas.
Tashkilotlarning axborot uzatish tizimlari ishlayotgani ham tushunarsiz. Asosiy faoliyati qolib, hamma axborot tarqataversa, buning oqibati nima boʻladi?
Asl jurnalistika oʻquvchiga (qoʻpol qilib aytganda) yalangʻoch axborot tarqatmasligi kerak. Yaʼni bir axborot ustida ishlash kerak. Voqeaning sababi va oqibatini xabar yoki maqolada shunday koʻrsatib berish kerakki, oʻqigan oʻquvchi shundan saboq olsin, xulosa chiqarsin.
Hozirgi kunda sodir boʻlayotgan noxush holatlar, hatto dahshatli hodisalar boricha oʻquvchiga yetib borayotgani odamlarning tabiatini ham oʻzgartirib yubormoqda. Qoʻpol, qoʻrs yoki surbet, bagʻritosh kimsalar koʻpaygani shafqatsiz axborot mahsuli hamdir.
Shu maʼnoda jurnalistika – saytlar, gazetalar, teleradiokanallar, eng avvalo, katta tarbiya vositasi ekanini unutmasligimiz kerak.
Muhimi, bugungi kunda yozilayotgan maqolalarga munosabat oʻzgargani. Muammo yoki jinoyat alomati haqida yozsak, eʼtiborga olinayotgani.
Joriy yilda oʻzim ham voyaga yetmagan bir qizning nomusi toptalgani, lekin jinoyat jazosiz qolayotgani haqida yozgan maqolamni bir emas, oʻnlab tashkilotlar nazoratga olgani meni behad suyuntirdi. Maqola eʼlon qilingan kunning ertasigayoq jinoyat sodir etganlikda gumonlangan shaxs qamoqqa olindi.
Bu jarayonda jurnalistikaning oʻzaro hamdamligi ham muhim rol oʻynadi. Chunki maqolam juda koʻp saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda aks sado bergani ham undagi gapni koʻp odam eshitishiga sabab boʻldi.
Jurnalistikaning aynan shu jihatlariga koʻz tegmasin, rivojlanib borsin, deyman. Fursatdan foydalanib, hamkasblarni tabriklayman.
Jamshid Niyozov — Kun.uz jurnalisti:
Kimning qaysi kasb egasi boʻlishi – taqdiri. Buni hech bir jurnalist inkor etmasa kerak. Biroq ushbu kasb vakilini boshqalardan ajratib turadigan eng muhim jihat bu – yon-atrofida boʻlayotgan voqea-hodisaga befarq boʻlolmasligi. Haqiqiy jurnalist odamlar kunda-kunora koʻraverib odatlanib qolgan, koʻzi pishib ketgan illatlar, muammolarga befarq boʻla olmaydi. Yo fuqarolik huquqidan foydalanib qayerlargadir shikoyat qiladi, yoki maqola, koʻrsatuv sifatida OAVga olib chiqadi.
Bundan tashqari, jurnalistlar har qanday voqea-hodisaga axborot, yangilik sifatida yondashishadi. Deylik, oddiy odam yoʻlda ketayotib ayanchli yoʻl transport hodisasini koʻrib qolsa yoki har doim ham uchrayvermaydigan gʻaroyib hodisaga guvoh boʻlsa, odatda tomoshabin boʻlishdan nariga oʻtmaydi. Bunday vaziyatda jurnalist nima qiladi? Vaziyatni suratga yoki tasvirga olishga kirishadi, buning imkoni boʻlmasa, boshqalardan iltimos qiladi, hech boʻlmasa hamkasblariga bu haqda xabar beradi. Menimcha, bu kasb egalarining boshqalardan farqini anglash uchun shu misollar yetarli boʻlsa kerak.
Bosimlar, qoʻngʻiroqlar, maqolani olib tashlash haqidagi iltimosu dagʻdagʻalar faoliyatimizning ajralmas qismi. Oddiygina ijtimoiy tarmoqdagi postlarimiz uchun rahbariyatimizga chiqib oʻchirtirishni, meni tartibga chaqirib qoʻyishni soʻrashgan holatlar boʻlgan. Bu ochiqdan ochiq soʻz erkinligiga, fikr erkinligiga tupurib qoʻyish deb bilaman.
Deylik, maqolani oʻchirtirish masalasi siz bilan bitmasa, sizga soʻzi oʻtadigan odamlarni oʻrtaga qoʻyishadi. Bu ham ish bermasa, OAV faoliyatini nazorat qiluvchi yuqori idoralarga chiqishadi. Xullas, ming bir yoʻlini oʻylab topishadiki, shunday vaziyatlarda hamkasblar bilan muhokama qilib hayron qolib ketasan kishi. Shuning uchun ham OAV kimgadir qaram boʻlmasligi, har tomonlama mustaqil boʻlishi muhim deb hisoblayman. Toʻgʻridan-toʻgʻri hayotga tahdid soluvchi holatlar kuzatilmagan, ammo ilgari ishlagan joylarimda maqolam uchun tuhmatda ayblab, jinoiy javobgarlikka tortishga, ishdan boʻshatishga urinish holatlari kuzatilgan.
Kezi kelganda 2016-yildan keyin Oʻzbekistonda OAV erkinligi ancha mustahkamlanganini eʼtirof etish kerak. Biroq soʻnggi ikki yil ichidagi voqealar fonida mamlakatda soʻz erkinligi masalasi orqaga keta boshlagani, yana turli idoralardan jurnalistlar va tahririyatlar faoliyatiga aralashuvlar, norasmiy senzura, gapga kirmaganlarni turli yoʻllar bilan tiyib qoʻyishlar boshlanganini taʼkidlab oʻtishim kerak. Bir qator ijtimoiy tarmoq faollari va tahririyatlarning yaqinda maʼmuriy javobgarlikka tortilishining tag zamirida ham shuni koʻrmoqdaman.
Hayot muttasil kurashlardan iborat. Behbudiy aytmoqchi, haq olinur, berilmas. Meni tashvishga soladigani qaysidir idoralarning qaysidir burchaklarida soʻz erkinligi borasida Oʻzbekistonning avvalgi davrlarga qaytishini qumsaydigan, shunga intilayotganlarning borligidir. Prezident katta minbarlarda buning teskarisini aytib turgan paytda hech bir hayiqmay davlat rahbarining soʻzlariga ters ish qilayotganlarini hech qanaqasiga hazm qilolmayapman. Xursand qiladiganim soʻnggi yillarda fuqarolarimizning onggi ancha oʻsdi, fikrlarini qoʻrqmay bildirishni oʻrganishdi. Oʻylaymanki, koʻzi ochiq millat eski kunlar qaytishiga aslo yoʻl qoʻyib bermaydi.
Yulduz Olimova — “Mening yurtim” telekanali jurnalisti:
Jurnalistni boshqa kasb egalaridan ajratib turadigan jihatlari bu qiziquvchanlik, har bir qabul qilinayotgan maʼlumotga shubha bilan qarash, ushbu maʼlumotni bir nechta manbalardan tekshirish, izlanuvchanlik. Yana unda har qanday inson bilan muloqotga kirisha olish qobiliyati ham boʻlishi kerak.
Faoliyatim davomida tahdidlar boʻlmagan, lekin bosimlar boʻlib turadi. Koʻpincha ishtirok etgan tadbirimdan,intervyu olish uchun borgan tashkilotlarimdan ishxonaga qaytmasimdanoq rahbarlarimga qoʻngʻiroq boʻladi. Rahbarlarim ham “Yana nimalarni boshlab keldingiz” deb kulishadi. Savollarim masʼullarni qiynab qoʻyganida, yoki biror notoʻgʻri harakatlar sezilganda oʻz fikrimni ochiq aytganimda tayyorlaydigan materialim efir yuzini koʻrmasligini soʻrab bir necha bor murojaat qilishgan.
Ammo men faoliyat yuritayotgan telekanal rahbarlari vaziyatni toʻlaligicha tahlil qilib xolislikni taʼminlab , qonuniy pozitsiyadan chetga chiqmagan holda material tayyorlab efirga berishim mumkinligini aytishadi. Oxirgi bosimlardan biri tashkilot matbuot kotibining efirga berishimiz kerak boʻlgan materialni avval unga koʻrsatib tasdiqlatib,soʻng efirga berishimiz mumkinligini maʼlum qilgani boʻlgan.Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda ham katta muhokama boʻlgan edi. Oʻsha materialni oʻsha kunning oʻzida oʻzim faoliyat yuritadigan tashkilot masʼullarini tasdigʻidan oʻtkazib efirga berganman. Boshqalar bilan hisoblashmaganman.
Vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini yoritishda, ular toʻgʻrisida tahliliy yoki tanqidiy materiallar tayyorlash davomida bosimlar uchrab turadi. Achinarlisi bunga tashkilotlar tomonidan oddiy holdek qaraladi. Bunday munosabatni oʻzgartirishga harakat qilaman. Jurnalist oʻz faoliyati davomida mustaqil, xolis va oʻzining qatʼiy prinsiplariga sodiq boʻlishi kerak.
Bugun sohamizni kuzatib turib shunday xulosa qilamanki, nazarimda jurnalistlarda qoʻrquv mavjud. Haqiqiy tanqidiy, tahliliy materiallar kam. Ayrim jurnalistlar kun oʻtsa boʻldi qabilida ish tutishadi. Bu esa achinarli. Jamiyatda sodir boʻlayotgan voqea va hodisalarni, amalga oshirilayotgan islohotlarni, yoʻl qoʻyilayotgan qonun buzilishi holatlarini xolis yoritish jurnalistning birinchi vazifasi emasmi. Yana bir muhim masala jurnalistlarning malakasi, mazkur sohada faoliyat yuritayotgan inson doimiy izlanishi, malakasini oshirib borishi zarur deb hisoblayman.
Quvonarli tomoni jurnalistlar avval axborot tarqatuvchi rolini bajargan boʻlsa, ayni paytda har bir islohotga, oʻzgarishga daxldor kasb egalari qatoriga kirdi. Yana koʻplab nodavlat OAVlar koʻpaymoqda. Bu esa raqobat degani. Raqobat bor joyda esa intilish boʻladi, ish sifati oshadi va soha rivojlanadi.
Inobat AHATOVA, (“Xalq soʻzi”) tayyorladi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring