DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻydi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-aprelda qabul qilingan “2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Qarorining joylarda ijrosini taʼminlash jarayonida korrupsion holatlarning oldini olish boʻyicha Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan tezkor tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Xususan, Xizmatning Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirida, viloyat tumanlaridan birining Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktori oʻz mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan holda, ishlab chiqarish kooperativ rahbaridan 10 mln. soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, ushbu mansabdor shaxs mazkur kooperativga aʼzo boʻlgan 67 nafar kam taʼminlangan oila vakillari uchun 122,5 mln. soʻm miqdorida davlat byudjetidan subsidiya ajratib berib, evaziga 10 mln. soʻm talab qilgan.
Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi advokatlik firmalaridan birida advokat boʻlib ishlovchi ayol jinoyat ishlari boʻyicha Olmazor tuman sudining hukmiga asosan “Davr bank” XATBning Olmazor tuman filiali hisobiga oʻtkazilgan hovli-joyni sud organlarida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali qaytarib olib berish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qiladi.
U soʻralgan pulning 20 ming dollarini oldindan olgan vaqtida DXXning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi, shahar prokuraturasi va Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkent shahrida kuzatilgan yana bir holatda esa 1994-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan fuqaro oʻzganing ishonchiga kirib, uni Qirgʻiziston Respublikasidagi tibbiyot yoʻnalishiga ixtisoslashgan oliygohning birinchi bosqichini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi qalbaki hujjatlarni tayyorlab, soʻngra mamlakatimizdagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlaridan birining ikkinchi bosqichiga kiritib berishni vaʼda qiladi hamda evaziga 5,5 ming AQSH dollari soʻraydi.
U mazkur pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Chimboy tumanida yashovchi, 1982-y.t. fuqaro qurilish firmasi ish yurituvchisining ishonchiga kirib, unga mansabdor tanishlari orqali qurilish obyekti olib berishini aytadi va evaziga qurilish obyekti uchun byudjetdan ajratiladigan 8 mlrd. soʻm miqdoridagi pul mablagʻining 8 foizini berishini soʻraydi.
DXXning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi xodimlarining Departament va ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirida firibgar shaxs avans sifatida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX matbuot xizmati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring