Qashqadaryoda 700ga yaqin Oʻrta Osiyo choʻl toshbaqasini olib ketayotgan brakonyerlar ushlandi

2021-yil 21-may kuni Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari boʻlimi xodimlari va viloyat IIB YPXX, viloyat oʻsimliklar karantin inspeksiyasi, viloyat veterinariya xodimlari bilan hamkorlikda Chiroqchi tumani “Umakay” YPX muntazam maskanida toʻxtatilgan avtomashinada yovvoyi hayvonot dunyosi obyekti hisoblangan toshbaqalar tabiiy muhitdan noqonuniy yigʻib-terib olib ketilayotganligi aniqlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
"Ushbu tur Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan boʻlib, “Oʻrta Osiyo choʻl toshbaqasi” (Sredneaziatskaya cherepaxa TORTOISE Agrionemys horsfieldii)hisoblanadi. Noyob endemik tur hisoblangan ushbu toshbaqalar mamlakatimizning barcha adirliklarida uchraydi. Mustahkamlashgan qumlar, sertuproq choʻllarda yashab, togʻda dengiz sathidan 1300 metr balandlikkacha koʻtariladi. Baʼzan vodiydagi siyrak maysali dashtlar va qishloq xoʻjaligi yerlari (shudgor, poliz va dalalar) da ham uchraydi.
Arealining salmoqli qismida soni gektariga 1,5 tadan oshmaydi. Qoldiq togʻlarning yonbagʻirlaridagi lokal tekisliklarida gektariga oʻrtacha 11,7 ta, togʻoldi shagʻalliqumoq tekisliklarda gektariga oʻrtacha 7,63 ta mavjud. Arealining qolgan qismida ushbu tur toshbaqalar kam sonli boʻlib, gektariga 45,9-67,3 gacha boʻlgan kichik lokal hududlar ham maʼlum.
Kunduz paytlari faol hayot kechiradi. Iyun oyida yozgi uyquga ketadi, keyinchalik u qishki uyquga ham ulanib ketadi. Uzunligi 1-2 metr boʻlgan in qaziydi. Mart oyida uygʻonadi va bir necha kundan soʻng juftlashadi. Aprel oyidan iyun oyigacha 2-3-marta 2-6 tadan tuxum qoʻyadi. 80-110 kundan soʻng tuxumdan yorib chiqqan toshbaqachalar qishlash uchun tuproq ostida qoladi. Faqatgina keyingi yilning bahorida yer yuzasiga chiqadi. Hayotining oʻninchi yilida jinsiy voyaga yetadi. Ular asosan efemer oʻsimliklar, koʻp yillik oʻt va butalar bilan oziqlanadi.
Ikkinchi Jahon urushi davrida Oʻrta Osiyo toshbaqasi goʻshtidan koʻp miqdorda konservalar tayyorlashda foydalanilgan. Toshbaqalarning antropogen omillar taʼsirida yashash joylari oʻzgarishi va yoʻq qilinishi (yaylovlardan chorvachilik maqsadida uzoq yillardan beri haddan tashqari koʻp foydalanish, qoʻriq yerlarning oʻzlashtirilishi, tijorat (eksport) maqsadida toshbaqalarni ovlash va tuxumlarini terish, jumladan, brakonyerlar tomonidan turli noqonuniy maqsadlarda terib olinishi) natijasida ushbu tur kamayib ketmoqda. Manbalarda keltirilishicha, soʻnggi 60 yil mobaynida xoʻjalik faoliyati yuritilishi natijasida toshbaqaning yashash joylari 1,5 million gektarga qisqarib ketgan. Bugungi kunga kelib mazkur turning tabiiy populyatsiyasini saqlab qolish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ning yangi nashriga kiritilgan.
Brakonyerlar tomonidan viloyatdan noqonuniy ravishda olib chiqib ketilayotgan toshbaqalar boʻyicha belgilangan tartibda huquqiy koʻrib chiqish maqsadida tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Viloyat atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirilgan holda ekologik muhofaza hududi hisoblangan Buxoro ixtisoslashtirilgan Jayron pitomnigiga toshbaqalar topshirish uchun joʻnatildi" deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring