Sirdaryo viloyati hokimi televideniye orqali viloyat aholisiga murojaat qildi

Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev viloyat hududida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida “Sirdaryo” telekanali orqali viloyat aholisiga murojaat qildi. Murojaatda shunday deyiladi:
“Hurmatli yurtdoshlar, aziz sirdaryoliklar!”
Koronavirus balosi viloyatimizda ham keyingi kunlarda avj olib borayotganligi barchamizni tashvishga solmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan kasallik manbaini jilovlash boʻyicha olib borilayotgan keskin chora-tadbirlar belgilanishiga qaramasdan fuqarolarning karantin qoidalariga rioya qilinmasligi kasallikni avj olishiga sabab boʻlmoqda.
Bugungi kun holatiga viloyat hududida karantin boshlangandan buyon 385 nafar fuqaroda kasallik aniqlandi, shundan 140 nafari “Guliston” chegara postidan oʻtgan xalqaro yuk tashuvchilar xamda chet davlatlardan kelgan fuqarolar boʻlsa, qolgan 245 nafari viloyatimiz fuqarosi hisoblanadi.
Umuman olganda karantin boshlangandan buyon 194 nafar fuqarolarimiz toʻliq sogʻlomlashtirildi, hozirda 190 nafar fuqarolarimiz davolanmoqda. Ulardan 57 nafari statsionar sharoitida, qolgan 133 nafari uy sharoitida tibbiy nazoratga olingan.
Hozirgi vaqtda 31 nafar bemorimizda pnevmoniya holati aniqlangan, bironta bemor sunʼiy nafas olish apparatlariga ulanmagan. Menga taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, 22 nafar uy sharoitida davolangan fuqarolarimiz olingan tahlil natijalariga koʻra toʻliq sogʻlomlashtirilgan.
Albatta har bir raqam ortida inson hayoti yotganligini hammamiz toʻgʻri tushunib turibmiz. Ming afsus, Guliston tumanidan boʻlgan, koʻp yillar tibbiyot tizimida samarali mehnat qilgan inson aynan kasallik asorati sababli vafot etdi. U kishining yaqinlariga taʼziyamizni izhor qilgan holda odamlarimizni yana bir bor hushyorlikka chaqiramiz.
Shifokorlarimizning tajribasi ham oshib bormoqda, keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali sogʻayib chiqayotgan fuqarolarimiz toʻgʻrisida maʼlumot berib borilmoqda. Bu albatta yaxshi. Lekin, hech birimizni xotirjam boʻlishga haqqimiz yoʻq.
Soʻnggi 3 kun ichida 124 holatda infeksiya tasdiqlandi. Viloyatdagi sanitariya epidemiologik vaziyat murakkab boʻlib qolmoqda. Eʼtibor bering, viloyatimizda 224 ta mahalla boʻlsa, shundan 97 tasida kasallik aniqlangan. Ushbu bir raqam kasallikning qanchalik oramizga kirib borgani, yaqinlarimiz sogʻligiga taʼsir koʻrsatayotganligini anglash uchun yetarli boʻlsa kerak.
Viloyat hokimligi hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 3 ming kishiga yetadigan zaxira oʻrinlari shakllantirildi, dori-darmon uchun 3 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi, viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam markazi uchun qoʻshimcha 14 ta avtomashina xarid qilindi, Koll-markaz ishga tushirildi, aloqasi mavjud boʻlmagan 55 ta qishloq vrachlik punktlariga telefon aloqasi oʻrnatildi.
Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tunu kun kuchaytirilgan tartibda xizmatlarini olib borishmoqda, IIB va MG hamkorlikdagi reyd tadbirlari davomida bir kunda 389 ta, tadbir boshidan esa 1 857 ta karantin qoidalarini buzish holati aniqlangan.
Shuningdek, 1 204 ta avtotransport vositasida harakatlanish qoidalarini buzish holatlari aniqlanib, 222 ta avtotransport jarima maydoniga joylashtirilgan.
Sanitar - epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbirlar natijasida esa 3 145 kishi infeksiyaga chalingan shaxslar bilan muloqotda boʻlganligi aniqlanib, nazoratga olingan.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan keyingi 3 yilda tibbiyot sohasini isloh qilish boʻyicha ulkan ishlar bajarildi. Viloyat tibbiyot muassasalarida 96 ta IVL uskunasi, 95 ta SPAP (oʻpka ventilyatsiyasi), 57 ta kardimonitor, 78 – puls oʻlchash, statsionar rentgen apparatlari mavjud. Tibbiyot muassasalarimiz yetarli dori-darmon, malakali shifokor va kichik tibbiyot xodimlari bilan taʼminlangan. Laboratoriyalarimiz uzluksiz ish rejimiga oʻtgan.
Hurmatli fuqarolar! Butun davlat organlari oyoqqa turishgan. Shunday bir vaziyatda Sizlardan bir iltimosimiz va talabimiz bor: karantin qoidalariga rioya qiling, niqobsiz koʻchaga chiqmang, muloqot davomida ijtimoiy masofani saqlang.
Har bir inson hayoti biz uchun oliy qadriyat. Bir narsani toʻgʻri tushuning, bugun kasallik bilan haqiqiy jang ketmoqda. Jangda gʻalaba qozonishning birdan-bir oltin qoidasi, avvalo, har biringiz oʻzingizdagi befarqlikni yengsangizgina kasallik yengiladi. Vahimaga tushmang, isitmangiz koʻtarilgani, bu koronavirus degani emas, shifokorga murojaat qiling, sizning hech bir murojaatingiz eʼtiborsiz qoldirmaydi.
Biron bir muammo yoki savol tugʻilsa, kunning istalgan vaqtida 226-10-03 telefoniga murojaat qiling. Har bir murojaat nazoratga olingan.
Ayrim fuqarolarimiz uy sharoitida oʻzini oʻzi davolashga oʻtganligi kasallik rivojlanib pnevmoniya darajasiga oʻtib ketayotganligi ham rost gap. Eslatib oʻtmoqchiman, diagnozni faqat va faqat shifokor qoʻyishga haqli.
Karantin joriy etilgandan buyon bir haqiqatni barchamiz anglab yetdik deb oʻylayman. Oʻzimizni, oilamizni, farzandlarimiz sogʻligi uchun avvalo oʻzimiz masʼulmiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring