Senatorlar Qonunni rad etdi

11:40 19 Iyun 2020 Siyosat
2073 0

Oliy Majlis Senati beshinchi yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan navbatdagi masala – “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Qonunning aksariyat normalari real hayotiy munosabatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga solmasligi, ularning asosiy qismi toʻliq ifodalanmaganligi, belgilangan tadbirlarning amalga oshirish mexanizmlari mavjud emasligi alohida qayd etildi.

Xususan, Qonunning 7-moddasida fuqarolar jamoat tartibini saqlashda ishtirok etganda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar bilan hamkorlik qilishi belgilangan boʻlsa-da, Qonunda ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari aks ettirilmagan.

Shu bilan birga, jamoat tartibini saqlashda ishtirok etuvchi shaxslarning reyestri va uni yurituvchi organlar faoliyati bilan bogʻliq masalalar nazarda tutilmagan hamda Qonunning 8-moddasida jamoat tartibini saqlashda fuqarolarning ishtirok etishi bilan bogʻliq cheklovlar toʻliq aks ettirilmagan.

Shuningdek, Qonunda fuqarolarning jamoat tartibini saqlashga koʻmaklashish maqsadida jamoat tuzilmalari tuzish va ularning faoliyatida qatnashish, jamoat tartibini saqlashda yakka tartibda yoki jamoa boʻlib ishtirok etish bilan bogʻliq shakllar bayon etilmagan.

Senatorlar Qonunning ayrim moddalarida fuqarolarning bevosita huquqlariga oid masalalarni ochib bermasdan, davlat organlari yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilab oʻtilganligi hamda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi lozim boʻlgan qonun normalarining qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi yoki qonunda aks ettirilmasligi tor doiradagi idora manfaatlarini va qisqa muddatli maqsadlarni koʻzlashi mumkinligi qayd etildi.

Bundan tashqari, aksariyat hollarda ijtimoiy munosabatlar qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi qonunlarning maqomi kuchsizlanishiga, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan qonunlarning yoʻqligiga, masalalarni kompleks yondashmay tarqoq holda hal etishga olib keladi.

Qonun normalarini toʻliq ochib bermaslik va amalga

oshirish mexanizmlarini aks ettirmaslik huquqiy ziddiyatlar hamda suisteʼmolchiliklarni keltirib chiqarishi, byurokratik tartib-taomillarni kuchaytirishi, qonunlarni chetlab oʻtishga qaratilgan koʻplab qarorlar qabul qilinishiga sabab boʻlishi mumkin.

Shu jihatdan senatorlar tomonidan Qonunni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер