Sardobadagi toshqindan aziyat chekkan 71 mingdan ziyod fuqaro oʻz xonadoniga qaytib keldi - FVV

18:33 09 May 2020 Jamiyat
1079 0

фото: ФВВ

Sirdaryo viloyatida toshqin oqibatida zarar koʻrgan uylar, ijtimoiy binolar yana qayta tiklanmoqda. Yashash uchun yaroqsiz uylar buzilib, joylarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tiklash choralari koʻrilmoqda. Bu haqda FVV xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, ushbu hududlarda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining kuch va vositalari tomonidan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur tadbirlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

Taʼkidlanishicha, 71 307 nafar aholi Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanidagi xonadonlariga qaytib keldi.

Milliy gvardiya xodimlari tomonidan 343 vayron boʻlgan uylarda tozalash ishlari olib borilgan boʻlsa, prokuratura vakillari 6107 ta kadastr hujjatlaridan 3338 tasi qayta tiklashga erishdilar. Bundan tashqari, yoʻqolgan 3 517 pasportdan 482 ta, 61 ta haydovchilik guvohnomadan 11 tasi qayta tiklandi.

Umumiy maydoni 1 213,796 kvadrat metr boʻlgan 1604 obyektda Mudofaa vazirligining 8 ta maxsus boʻlinmasi tomonidan dezinfeksiya ishlari olib borildi.

Taʼkidlanishicha, bu kabi tadbirlar qoʻshni Qozogʻistonda ham olib borilmoqda. Turkiston viloyati Yettisoy va Maxtaral tumanlarining toshqindan zarar koʻrgan hududlarida 70 000 dan ortiq kub.metr suv tortib chiqarildi, 6500 metr uzunlikda kollektor qazish va tozalash ishlari amalga oshirildi. Tadbir davomida 11 000 kub.metr chiqindilar olib tashlandi.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер