“Qishloqqurilishinvest” va “Oʻzshaharqurilishinvest” monopoliyasiga chek qoʻyiladi

Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurash va sud huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan videokonferens aloqa rejimida Qurilish vazirligi sohasida korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan eshituv tashkil etilgan edi.
Unda qurilish sohasidagi normativ hujjatlaridagi korrupsiyaga sharoit yaratuvchi norma va omillarni bartaraf etish hamda qurilish sifati bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.
Eshituvda vazirlik nomidan Qurilish vaziri oʻrinbosari E.Iskandarov axborot berdi.
Deputatlar qurilish sohasidagi bir qator reglament va qoidalarda korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillar mavjudligi keltirib oʻtdilar. Jumladan, “Arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”, “Shaharsozlik normalari va qoidalari”, Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 3-iyuldagi 302-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida kapital qurilishda tanlov savdolari toʻgʻrisida”gi Nizomda korrupsiyaga sharoit yaratuvchi qoidalar saqlanib qolgan. Bu oʻz oʻrnida qurilishda korrupsiya, qurilish sifatining yomonlashuvi va talon tarojliklarga sabab boʻlmoqda.
Deputatlar soʻnggi vaqtlarda mamlakatimizda roʻy berayotgan talafotlarda asosiy yoʻqotishlar qatorida uy-joy va boshqa qurilish obyektlari hissasi katta ekanligini, bu oʻz navbatida qurilish sifatiga rioya etish hamda nazorat qilishda qurilish sohasidagi vakolatli davlat organining masʼuliyati bilan bogʻliqligini bildirib, vazirlikdan bunga izoh soʻradilar.
Vazirlik bu borada masʼuliyatni oʻz zimmasidan soqit qilmasligi, soʻnggi vaqtlardagi talafotlarda qurilish sifatidagi muammolar yaqqol koʻzga koʻringanini taʼkidlab, yaqinda qurilish sifati nazorati boʻyicha alohida qoʻshimcha 40 ta shtat joriy etilib, mutaxassislar jalb etilayotganligini bildirib oʻtdi. Qurilish sifati nazorati boʻyicha barcha imkoniyatlarni ishga solinishi maʼlum qilindi.
Shuningdek, deputatlar joylarda dastur asosida barpo etilayotgan koʻplab namunaviy uylarning sifatsizligi va unda yoʻl qoʻyilayotgan korrupsiya masalasi bilan bogʻliq savollar berishdi.
Oʻz oʻrnida qurilish vaziri oʻrinbosari E.Iskandarov shu yil 1-mayda qabul qilingan “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yana-da kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qaroridan kelib chiqib, 2020-yil oxiriga borib “Qishloq qurilish invest” va “Shahar qurilish invest” kompaniyalarining aholiga namunaviy uy-joy qurish boʻyicha monopoliyasiga chek qoʻyilayotganligini taʼkidladi. Chunki, ushbu qarorga asosan xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan oʻz mablagʻlari va tijorat banklarining kreditlari hisobiga qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat berilgan.
Shuningdek, 2020-yil 1-maydan boshlab 2022-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslarga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini olish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Eshituv davomida 2018-2019-yillarda qurilish sohasida 365 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, uning 72 foizi korrupsiya bilan bogʻliq ekanligi keltirib oʻtildi.
Eshituv yakunida qoʻmita tomonidan yuqorida keltirib oʻtilgan holatlarning bartaraf etilishi, qurilishdagi normativ hujjatlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishni monitoring qilib borish boʻyicha qoʻmita ishchi guruhi tuzildi.
Qurilish vazirligiga qurilishdagi tanlov (tender)larni axborot texnologiyalarini joriy etgan holda onlayn rejimda tashkil etish va korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha boshqa vazifalar koʻrsatib oʻtildi.
R/S: shaxsan men qayerda monopoliya boʻlsa oʻsha yerda sifatsizlik, isteʼmolchi bilan hisoblashmaslik va korrupsiya roʻy beradi, deb hisoblayman. Oddiy aytganda monopoliya bu alohida tarmoqda mutlaq monarxiya, mutlaq podsholikdir. Ishqilib qurilishdagi monarxiya barham topayotgani va isteʼmolchi davri kelayotgani rost boʻlsin!
Rasul KUSHERBAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring