“Oʻzbekgidroenergo” AJ Sardobadagi toshqin boʻyicha rasmiy munosabat bildirdi
Tabiiy ofatni umumiy hamjihatlikda bartaraf etamiz yoxud tabiiy ofat ortidagi notoʻgʻri talqinlar, asossiz va yuzaki eʼtirozlarga munosabat
Bugungi ogʻir va sinovli kunlarda xalqimiz bir tan-u, bir jon boʻlib, mamlakatimizga kirib kelgan ogʻir koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashmoqda. Mana shunday ogʻir vaziyatda, yana bir noxush falokat – Sardoba suv omborida roʻy bergan tabiiy ofat yana bir bor xalqimizning irodasini sinadi.
Bugun nafaqat sirdaryoliklar, balki butun Oʻzbekiston xalqi 1-may kuni sodir boʻlgan tabiiy ofat – Sardoba suv ombori toʻgʻonining oʻpirilishi va uning oqibati keltirib chiqargan zarardan chuqur qaygʻuda.
Ushbu falokat oqibatlarini bartaraf etish, tabiiy ofat hududidan vaqtinchalik evakuatsiya qilingan aholiga har tomonlama yordam berish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Hukumat komissiyasi tashkil etilib, tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan ushbu tabiiy ofatga yomgʻir yogʻib, kuchli shamol boʻlganligi sabab qilib keltirilmoqda. Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilishi oqibatida suv oqimi aholi punktlari, kommunikatsiya tarmoqlari va qishloq xoʻjaligi maydonlariga katta zarar yetkazdi.
Hukumat komissiyasi tomonidan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish va ularga har tomonlama yordam berish boʻyicha barcha chora-tadbirlar koʻrildi.
Tezkor chora-tadbirlarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, mahalliy hokimliklar, qurilish-taʼmirlash tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari va boshqa xizmatlar mutaxassislari safarbar etildi.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibi va maxsus texnikalari aholini evakuatsiya qilish va tegishli xoʻjalik obyektlarini jihozlash uchun safarbar qilindi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiy boshqarmalari evakuatsiyaga koʻmaklashish, tartibni saqlash ishlariga jalb etildi.
Tabiiy ofat oqibatida 56 kishi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Jami 17300 kishi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 22 ta aholi punktlaridan 70 mingga yaqin fuqaro Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududlariga evakuatsiya qilindi.
Taʼkidlash joizki, ofatdan jabrlangan har bir inson alohida eʼtiborga olinib, hamma uy-joy va oziq-ovqat bilan taʼminlanmoqda.
Shu oʻrinda, evakuatsiya qilingan aholi uchun viloyatlardan saxovat karvonlarida oziq-ovqat, kiyim-kechak va zaruriy mahsulotlar yetkazib berilayotganligini, qayd etish joiz.
Ammo, ushbu noxush vaziyatdan foydalangan holda, soʻzda botir, amalda qoʻlidan bir ish kelmaydigan baʼzi bir qoʻshtirnoq ichidagi “hamyurtlarimiz” tomonidan tabiiy ofatdan boshqacha tus berilgan shaklda masʼul idora va tashkilotlarga loy chaplash, boʻhton qilish holatlari kuzatilmoqda.
Xoʻsh, mazkur suv omborida sodir boʻlgan tabiiy ofatni turli video-tasvirlarga olib, mavjud holatni turlicha talqin etishdan hamda xalqimizni vahimaga solishdan kimga nima naf? Mazkur vaziyatdan foydalanib, har xil asossiz maʼlumotlar, turli boʻhtonlarni tarqatish orqali vaziyatdan foydalanish kimga kerak?
Ushbu falokatning tabiiy ofat natijasida kelib chiqqanligini barcha, butun boshli xalqimiz koʻrib turibdi.
Xalqimizga kimnidir aybdor qilib koʻrsatish, asossiz ravishda magʻzavani agʻdarish, bu yoʻlda, oila aʼzolarini ham aralashtirishdan nima naf bor?! Bundan kim manfaatdor?!
Shu kabi savollarga oʻrinli javob berilishi kerak.
Sardoba suv ombori 2010-2017-yillar davomida qurib bitkazilganligi haqida xabarimiz bor. Suv omborining qurilishidagi ishlar ilmiy-texnik asoslangan, keng koʻlamli soha mutaxassislari ishtirokida tasdiqlangan qurilish rejalari, barcha zaruriy laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazilib, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Agarda, suv omborida sodir boʻlgan tabiiy ofatda kimnidir ayblamoqchi boʻlsak, nega unda oʻtgan uch yil davomida biron-bir noxush hodisa roʻy bermadi? Suv inshooti qurilishida zarracha xatolikka yoʻl qoʻyilgan, deb taxmin qiladigan boʻlsak, unda nima sababdan ushbu falokat oʻsha yilning oʻzida sodir boʻlmadi?! Aytish joizki, tabiiy ofat oʻz nomi bilan qurilish ishlarining sifati yoki muayyan bir vaqtga qarab sodir boʻlmaydi.
Bu vaziyatda bir tanu-u, bir jon boʻlib, xalqimizga dalda boʻlishimiz kerak. Necha yillar davomida kecha-yu-kunduz xizmat qilgan fidoyi va zahmatkash quruvchilarni bugun birgina boʻhtonli gaplar bilan aybdor deb topib, ularni ustidan har xil igʻvolar tarqatish juda asossiz tuyulmoqda. Хuddiki, quruvchilar yoki bu ishga masʼul boʻlgan tashkilot va idoralar ushbu hodisa boʻlishini bilib turib, ataylab qilgandek...
Bugungi kunda chop etilayotgan baʼzi bir OAVlari, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu ofatga hukumat komissiyasi aʼzolari yoki masʼul tashkilotlarning aybdorligi keltirilmoqda. Turli shakldagi asossiz va nohaq boʻhtonlar agʻdarilmoqda.
Yana bir oʻrinli mushohada. Gidrotexnik inshoot, yaʼni suv omboridagi ekspluatatsiya jarayonlari qay tartibda amalga oshiriladi?
Amaldagi qonunchilikka binoan, gidrotexnika inshootlarini ekspluatatsiya qilishga masʼul tashkilotlarning asosiy vazifalari belgilangan. Shunga binoan, gidrotexnika inshootining muntazam tekshirib turilishini taʼminlash hamda gidrotexnika inshootining avariyasini tugatish uchun moʻljallangan moddiy zaxiralarni yaratishga masʼulligi belgilab berilgan.
Har bir gidrotexnik inshootidan, uning ekspluatatsiya qilish shart-sharoiti hamda belgilangan sinfidan kelib chiqqan holda, alohida foydalanish qoidalari ishlab chiqiladi. Ishlab chiqilgan foydalanish qoidalariga koʻra, har bir gidrotexnik inshoot, xususan, suv omborlari muntazam ravishda, shu jumladan, texnik tomondan ishonchliligi maxsus nazorat oʻlchash asbob va qurilmalari asosida olib boriladi.
Ekspluatatsiya jarayonida muntazam ravishda inspektorlik tekshiruvi hamda lozim boʻlgan hollarda instrumental tekshiruvlar amalga oshiriladi.
Shunday ekan, ushbu ogʻir va sinovli vaziyatda kimnidir ayblashdan oldin, bu xususida aniq maʼlumotlar asosida ish koʻrish maqsadga muvofiqdir.
Toʻgʻri va asosli maʼlumotlarni esa, tabiiy ofat yuzasidan tuzilgan Hukumat komissiyasining yakuniy xulosasi orqaligina bilishimiz mumkin.
Biz ishonamizki, xalqimiz ushbu sinovdan ham oʻzining mustahkam irodasi, sabr-bardoshi va fidoyi saʼy-harakatlari bilan mardonavor oʻtadi.
Zero, Prezidentimiz tomonidan taʼkidlanganidek, “Bu hech kim kutmagan sinov. Birinchi harakatimiz odamlarni ehtiyot joylarga koʻchirish boʻldi. Eng katta masala – oʻlim boʻlmasligi. Oqsoqollar, mahalla raislari va nozirlaridan iltimos qilaman: odamlarni yigʻib, uylarga, palatkalarga joylashtirib, oziq-ovqat bilan taʼminlab, mahallama-mahalla saranjom qilib olishimiz kerak. Buning uchun hamma kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi boʻlmaguncha bironta rahbar ketmaydi. Sabr qilib, ogʻirlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam eʼtiborsiz qolmaydi”.
Hozirda toʻgʻondan suv chiqishi toʻxtatilgan. Toshgan suv oqimi Oqoltin tumanidan oʻtuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy koʻliga yoʻnaltirilgan. Prezidentimiz tomonidan vaziyat shaxsiy nazoratiga olingan.
“Oʻzbekgidroenergo” AJ tabiiy ofatning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga bor imkoniyatlarini safarbar etadi.
Axborot xizmati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring